G.A.Xolboyeva p.f.n.,dots., JDPU Boshlang‘ich ta’lim metodikasi kafedrasi mudiri
Annotatsiya: Ushbu maqolada boshlang‘ich sinflarda ona tili va o‘qish savodxonligi darslarini tashkil etish jarayonida milliy va manaviy tuyg’ularni takomillashtirishda ilg’or metod va usullardan foydalanish haqida ma’lumot berilgan.
Аннотация: В данной статье представлена информация об использовании передовых методов и приемов совершенствования национальных и духовных чувств в процессе организации занятий по родному языку и читательской грамотности в начальных классах.
Kalit so‘zlar: Metodika, vosita, ona tili va o‘qish savodxonligi, ma’naviyat, o‘qish texnikasi, maqsad, erkin fikrlash, pedagogik texnologiya, innovatsion texnologiya.
Ключевые слова: Методика, инструмент, родной язык и грамотность чтения, духовность, техника чтения, цель, свободомыслие, педагогическая технология, инновационная технология.
O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunda keltirilgan asosiy maqsad va vazifalardan biri ta’lim jarayonini ilg‘or zamonaviy pedagogik texnologiyalar asosida tashkil etishdir. Bugungi kundagi zamonaviy sharoitda yoshlar o‘z faoliyatlarini muvaffaqiyatli olib borishlari uchun bir nechta chet tillarini yaxshi o‘zlashtirishlari zarur. Yoshlar bu kabi tillarni o‘zlashtirishdan oldin o‘z ona tilini mukammal bilishlari kerak. O‘z ona tilini mukammal bilish eng avvalo boshlang‘ich ta’limda ona tilini mukammal o‘rganishdan boshlanadi. Bunga erishish uchun ta’lim mazmunini yangilash, amaldagi dastur va darsliklarni takomillashtirish, yangi o‘quv majmualarini yaratishga yo‘naltirilgan tadbirlar dasturi ishlab chiqilishi va amalga oshirilishi darkor . Bu kabi islohotlar bugungi kunda mamlakatimizda barcha sohalarda amalga oshirilmoqda. Buning yaqqol namunasini ona tili va o‘qish savodxonligi fanlarining birlashtirilganligi misolida ham ko‘rishimiz mumkin. Umumiy holda olib qaraganda bu ikki fan bir-biriga juda ham yaqin fanlar hisoblanadi.
Ona tili va o‘qish savodxonligi fani boshlang‘ich sinf o’quvchilarining og‘zaki va yozma nutqining oshishida muhim ahamiyat kasb etadi. Boshlang‘ich sinflarda o ‘qitiladigan fanlar o‘z mohiyati bilan maqsad va vazifalari bilan ta’lim tizimida alohida ahamiyatga ega. Chunki ularning zamirida axloqiy ta’lim-tarbiya va savodxonlik asoslari turadi. Shuning uchun boshlang‘ich ta’lim darslariga o‘quvchilar qiziqishini oshirishga alohida e’tibor berish lozim. Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining bunday qiziqishini oshirish eng avvalo o‘qituvchining asosiy vazifalaridan biridir. Maktablarda ona tili va o‘qish savodxonligi darslarini mazmunli tashkil etish uchun o‘qituvchilar quyidagi jihatlarga e’tiborli bo‘lishlari kerak:
- Darsni 8-12, 15-20 kishidan iborat guruhlarda tashkil etish.
- O‘qishda zamonaviy texnik vositalar foydalanish.
- Til o‘rgatishda fan bo‘yicha darslik, o ‘quv qo‘llanma, uslubiy qo‘llanma, mavzular bo‘yicha uslubiy ko‘rsatma va ishlanmalardan mustaqil ravishda foydalanish.
- O‘quv mashg‘ulotlarini tashkil etishda tilni nazariy jihatdan o‘rganishga, yangi nutqiy ko‘nikmalar hosil qilishga e’tibor qaratish.
Bundan tashqari, ona tili va o‘qish savodxonligini o‘rgatishda to‘g‘ri talaffuz qilish ko‘nikmasini shakllantirsh va so‘z boyligini muntazam oshirib borish ham muhim ahamiyatga ega. Bunda texnik vositalar – video va audio mangnitafonlardan foydalanish yaxshi samara beradi.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi, nima uchun ona tili va o‘qish savodxonligi, bu fan avvalgi holatidan qanday farq qiladi?
Ona tili – nutq, o ‘qish va yozish sohasidagi ko‘nikmalarini o‘quvchilar o‘quv mehnatining zaruriy sharti va vositasi hisoblanadi.
O‘qish savodxonligi – jamiyat tomonidan talab qilinadigan va inson tomonidan qabul qilinadigan yozma tilning shakllarini idrok etish va amaliyotda qo‘llay olish qobiliyatidir. Bunda asosiy e’tibor, tushunishni namoyon qilishdan o‘zlashtirilgan ma’lumotlarni qanday qilib loyihalar va vaziyatlarda qo‘llay olish qobilyatlarini namoyon qilishga qaratilmoqda. Boshlang‘ich sinf darslarida o‘quvchini qalban yuksak, ma’naviy boy qilib tarbiyalashda ajdodlarimiz yaratgan asarlardan foydalanilgan holda bilim berish hamda odob – axloq qoidalariga o‘rgatish muhim ahamiyatga ega.
Boshlang‘ich sinflarda ona tili va o‘qish savodxonligi shu kabi xususiyatlari bilan boshqa fanlardan ajralib turadi. Xo‘sh , ushbu fan hozirda qanday maqsadlarda va qay yo‘nalishda o‘qitib kelinmoqda?
Ona tili va o‘qish savodxonligi fanini o‘qitishda asosiy e’tibor o‘quvchida tilga doir to‘rt ko‘nikma: o‘qib tushunish, tinglab tushunish, nutq so‘zlash va yozish hamda grammatik savodxonlikni shakllantirishga qaratiladi.
Ta’lim jarayonida o‘quvchilar voqea-hodisalarni kuzatish, anglash, qiyoslash, analiz, sintez qilishga o‘rgatish orqali ijodiy va tanqidiy tafakkurni, fikrlash doirasini rivojlantirish muhim ahamiyatga ega. Ona tili va o‘qish savodxonligi fani ushbu maqsadlarni amalga oshirishga xizmat qiladi.
Ona tili va o‘qish savodxonligi fanini o‘qitishda quyidagi tamoyillarga tayaniladi:
- Ta’lim berishda kommunikativ yondashuv, ya’ni tilning muloqot vazifasi birlamchidir. Shuningdek, integrativ, faoliyatga yo‘naltirilgan, onglilik, kashfiyotchilik, farqli va tanqidiy yondashuvlar e’tiborda bo‘lishi lozim.
- Tilni amaliyotda qo‘llash, ya’ni matnni o‘qish orqali ham grammatika, ham uning qo‘llanishini o‘rgatishga asoslanadi.
- Grammatik savodxonlik doirasida o‘quvchining so‘z boyligini oshirish, so‘zlarning ma’no nozikliklari, farq va o‘xshashliklarini his qilish va anglab yetish, bexato talaffuz qilish va yozish, so‘zlarni bog‘lab gap, gaplardan esa matn tuza olish, birikmalardagi ma’noviy va grammatik, matndagi mantiqiy xatoliklarini topish va tuzatish, o‘zgalar fikrini to‘g‘ri anglash, bu fikrni turli shaklda ifodalash, uzilgan fikrning davomini tiklash kabi qator mantiqiy operatsiyalarni bajarish, nutq vaziyatini to‘g‘ri baholash va til imkoniyatlarini unga mos ravishda foydalanish ko‘nikmalarni shakllantirish va malakasini o‘stirishga e’tibor qaratiladi.
- O‘qish savodxonligi doirasida o‘quvchida to‘g‘ri, tez, ongli, ifodali o‘qish malakalarini shakllantirish, ularni oddiy kitob o‘quvchidan chuqur mulohaza yurituvchi, ijodkor kitobxon darajasiga ko‘tarish; o‘qish orqali tevarak-atrof, borliq haqidagi bilimlarni kengaytirish, ularning dunyoqarashini boyitish; tafakkurida elementar adabiy tushunchalarni shakllantirish; har qanday uslubdagi matnni o‘qish va uni anglash, tanqidiy va kreativ fikrlash ko‘nikmasini oshirish nazarda tutiladi.
- Barcha uslubdagi turli sohalarga oid matnlar bilan tanishish barobarida mashq mashq va topshiriqlar orqali fanlar orqali integratsiya amalga oshiriladi.
- O‘quvchining o‘qib tushunish, og‘zaki va yozma nutq malakasini umumiy holda rivojlantirish maqsadida ularning har biriga alohida e’tibor qaratiladi.
- Badiiy matn ustida ishlash jarayonida o‘quvchilarning yosh xusussiyatlari, qiziqishlari, tilning ifoda imkoniyatlarini tushunishi va his eta olishi, «so‘zni hazm qila olish« imkoniyatlari e’tiborga olinadi.
- Ta’lim jarayonida o‘quvchilarni voqea-hodisalarni kuzatish, anglash, qiyoslash, analiz va sintez qilishga o‘rgatish orqali tafakkuri, fikrlash doirasi shakllantirib boriladi.
- Yozma nutq bilan bog‘liq beriladigan topshiriqlarda yozish strategiyalari taqdim etiladi. (Odatda bolaning bog‘lanishli nutqini o‘stirish, matn yaratish ko‘nikmasini rivojlantirish maqsadida savollar, rasmlar yoki kuzatuvlar asosida matn tuzish bilan bog‘liq mashq va topshiriqlar berib boriladi, ammo bu jarayonda qanday qilib yozish masalasi e’tibordan chetda qoladi. “Ona tili va o‘qish savodxonligi” ushbu jihatlarga e’tibor qaratilgan: noto‘liq matnni to‘ldirish, berilgan namuna asosida yozish, taqdim etilgan tanlovlar asosida yozish; savollarga ketma-ketlikda javob yozish; syujetli rasmlar asosida matn yozish kabi).
- Har bir mashg‘ulot tilni o‘zlashtirishning tabiiy laboratoriyasi sifatida tashkil etiladi.
Boshlang‘ich sinf ona tili va o‘qish savodxonligi darslarini yuqorida keltirilgan tamoyillar talabidan kelib chiqib, eng samarali ilg‘or pedagogik texnologiyalari asosida tashkil qilish eng muhim vazifalardan biridir. Buning uchun eng birinchi navbatda, pedagogik texnologiyaning mazmun mohiyatini anglab yetish kerak.
An’anaviy dars shaklini saqlab qolgan holda unga turli-tuman ta’lim oluvchilar faoliyatini faollashtiruvchi metodlar bilan boyitish ta’lim oluvchilarning o‘zlashtirish darajasining ko‘tarilishiga olib keladi. Buning uchun dars jarayoni o‘qituvchi tominidan oqilona tashkil etilishi, o‘quvchilarning qiziqishini oshirib, ularning dars jarayonidagi faolligi rag‘batlantirib turilishi, o‘quv materiali kichik-kichik bo‘laklarga bo‘lib, ularning mazmunini ochishda aqliy hujum, kichik guruhlarda ishlash, bahs-munozara, muammoli vaziyat, yo ‘naltiruvchi matn, loyiha, rolli o‘yinlar kabi metodlarni qo‘llash va o‘quvchilarni amaliy mashqlarni mustaqil bajarishga undash talab etiladi. Bu metodlardan foydalanishni ona tili va o‘qish savodxonligi darslarini milliy jihatlar bilan tashkil etish deb ham atashadi.
Milliy jihatlar deganda – ta’lim oluvchilarni faollashtiruvchi va mustaqil fikrlashga undovchi, ta’lim jarayonining markazida ta’lim oluvchi bo‘lgan dars jarayonlari tushuniladi. Bu jarayonlar qo‘llanilganda o‘qituvchi o‘quvchini dars jarayonida faol ishtirok etishga chorlaydi. Dars jarayonini milliy jihatlar bilan tashkil etishda dars mazmuniga Vatan tuyg‘usi, milliy g‘urur, an’ana va milliy qadriyatlarimizni o‘quvchilarning ongiga singdirish hamda muomala madaniyati, kiyinish, ovqatlanish, odobli, mehnatsevar, saranjom-sarishta bo‘lish kabi insoniy sifatlarni shakllantirib borish lozim. Bolalarning aqliy taraqqiyotini shakllantirishda tarixiy mavzularga oid asarlarini va buyuk ajdodlarimizning hayoti va ijodini o‘rganish muhim ahamiyatga ega.
Ona tili va o‘qish savodxonligi darslarini Davlat talablari asosida hayotiy tajribalarga, kuzatishlarga suyanib, hayotga bog‘lab o‘tishi uning ta’sirchanligini ongli idrok etishlarini ta’minlaydi. O‘qish va nutq o‘stirishning ta’limiy tarbiyaviy maqsadlari, sinflar bo‘yicha o‘qish mazmunini o‘qish ko‘nikmalarining og‘zaki va yozma nutqlarini rivojlantirish usullarini, mashg‘ulotlarning yozma nutq bilan bog‘lanish kabi masalalar aniq kiritilgan.
Ushbu jihatlardan kelib chiqib aytish mumkinki, zamonaviy o‘qituvchi butun dunyo ta’lim tizimida bo‘layotgan yangiliklardan doimo xabardor bo‘lishi va ularni o‘zlashtirib faoliyati davomida qo‘llay olish lozim.
Xulosa qilib aytganda, shu paytgacha ona tilini o‘qitishdan maqsad tilning grammatikasini o‘rgatish, til strukturasiga oid qoidalarni yod oldirish bo‘lib kelgan. Yangi darslikda esa eng muhim qoidalargina qoldirilgan. Rang-barang tasvir, qiziqarli boshqotirmalar, o‘quvchilar nutqini rivojlantirishga oid topshiriqlarga ko‘proq urg‘u berilgan. Umuman yangi to‘ldirilgan nashr o‘quvchilarning ona tili va o‘qish savodxonligi darslarida ijodkorlik qobiliyatlari, mustaqil fikrlay olish va fikrini bayon eta olish ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan. Bu kabi qobiliyat va ko‘nikmalarning shakllanishida o‘qituvchi o‘z pedagogik mahoratidan kelib chiqqan holda darsni tashkil qilish kerak.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR
- O’zbekiston Respublikasi “Ta’lim to’g’risidagi” Qonuni 2020 yil 19 may.
- Umumiy o‘rta ta’limning DTS va o‘quv dasturi. T.:2017. –74 b.
- 3. S.Matchonov, X.Bakieva, X.G’ulomova, SH.Yo’ldosheva, G.Xolboeva.
Boshlang’ich sinflarda ona tili o’qitish metodikasi Darslik. “Ishonchli hamkor” nashriyoti. Toshkent 2020-728 b.
- Ona tili va o‘qish savodxonligi [Matn]: 2-sinf o‘qituvchilari uchun metodik qo‘llanma. I.Azimova [va boshq]. – Toshkent: Respublika ta’lim markazi, 2021.-128b