Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.
Yangiliklar
Yangiliklar
|
27/11/2021
Chop etish
“Biz dunyoni qalbimiz bilan ko‘ramiz…”  shiori ostida xayriya tadbiri o‘tkazildi.

Jizzax shaxridagi “Ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalar” maktab internatida bo‘lib o‘tgan tadbir ana shunday nomlandi

Ko‘ngil obodligi nima, u qaerdan boshlanadi?… Bir necha daqiqalik xursandchilik, jimitdekkina mehr, tabassum dilxasta qalblardan g‘uborlarni haydaydi. Dil qatidagi oppoq orzu-istaklar, maqsadga aylanadi…eng muhimi murg‘ak qalblarda  ertangi kunga umid uyg‘onadi… axir bu dunyoda insonni bugungi kundan ertaga, ertangi kundan keyingi kunga umid yetaklaydi-da. Jizzax davlat pedagogika instituti  rektori Sh. Sharipov  tashabbusi bilan “Biz dunyoni qalbimiz bilan ko‘ramiz” shiori ostida tashkil etilgan tadbir ham  aynan imkoniyati cheklangan “tovushlar olamida” yashayotgan  bolajonlar qalbiga quvonch ulashish maqsadida tashkil etildi. Jizzax shaxridagi “Ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalar” maktab internatida bugungi kunda 280 nafar imkoniyati cheklangan bolajonlar ta’lim–tarbiya olishadi. Ta’lim-tarbiya jarayoni umumiy o‘rta ta’limning davlat standartiga muvofiq holda belgilangan bo‘lib, darslar o‘quv rejalari va maxsus dasturlar asosida olib boriladi. Bu maskanda o‘quvchilarning aqliy, jismoniy va ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish uchun turli to‘garaklar, klublar, studiyalar, seksiyalar  ham tashkil etilgan. Bir so‘z bilan aytganda bu yerda hamma narsa bor faqat bir narsadan tashqari u ham bo‘lsa yorug‘ olam go‘zalligidan to‘rt muchali sog‘ insonlar kabi  bahramand bo‘la olmaslik…

 

“Farzandlarining ko‘zlari nogiron bo‘lib tug‘ilganidan qattiq iztirobga tushgan ota-onalar o‘z jigargo‘shalarini  turli o‘y-fikrlar va ming istihola bilan mana shunday maxsus maktablarga olib kelishadi. Ma’lum vaqt o‘tgach xavotirli o‘ylar o‘rnini, albatta xotirjamlik egallashiga shubham yo‘q. Ko‘zi ojiz bolajonlar fidoiy ustozlarning mehnati bilan iqtidorlarini yuzaga chiqarishadi. Bu yerda bilimga chanqoq o‘quvchilar juda ko‘p, ular darslarda juda faol, qalb ko‘zi va tasavvur orqali o‘zlari uchun ko‘rinmas olamni yorqin ranglarda tasvirlashga intilayotgan, yuragida ulkan orzular bilan yashayotgan bolajonlarni ko‘rib ta’sirlansiz. Ikki kun davom etgan xayrli tadbirimiz davomida biz internat kutubxonasida bo‘lib, qo‘llar yordamida kitoblar o‘qiyotgan kitobxon o‘quvchilardan she’rlar tingladik. Shaxmat-shashka to‘garagi mashg‘ulotlarini kuzatdik. Dargohda san’atga, musiqaga qiziqish yuqori ekan. Iqtidorli o‘quvchilar bizga kichik konsert namoyish qilib berishdi. Ularning ijrosida milliy kuylar tingladik. O‘quvchilar orasida kelajak hayotini san’at bilan bog‘lashni istaganlarni ko‘rib rosti quvondik”- deydi institut rektori Sh.Sharipov

 

3 dekabr – “Xalqaro nogironlar kuni” munosabati bilan  ikki kun davomida o‘tkazilgan xayriya tadbirida iqtidorli o‘quvchilar o‘rtasida sportning shaxmat va shashka va (ko‘zi ojizlar uchun maxsus futbol) futbol turlari bo‘yicha musobaqalar o‘tkazilgan bo‘lsa, keyingi kun zaif ko‘ruvchi bolalar o‘rtasida “Maftunkor jilolar” rasm chizish tanlovi o‘tkazildi. O‘tkazilgan suhbatlar va musobaqalar jarayonida bolalarning talab-istaklari inobatga olinib ularga rassomlik san’atida qo‘llaniladigan molbert dastgohlar (to‘liq jamlanmasi bilan) sport buyumlari (shaxmat-shashka, basketbol va futbol to‘plari) sovg‘a qilindi.

 

“Biz dunyoni qalbimiz bilan ko‘ramiz”  shiori ostida o‘tkazilgan tadbir yakunida  taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Unda sport musobaqalarida  g‘olib bo‘lgan jamoalarga, rasmlar chizish tanlovida faol ishtirok etgan o‘quvchilarga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.

 

 

Bugun ko‘p do‘stlarimizni noshukrlik qilib noliyotganliklariga guvoh bo‘lamiz. Yetti muchali sog‘ odam bugun hamyonida mablag‘i yo‘qligidan, kimdir uy-joyi eskirib qolayotganidan nolisa, yana kimlardir yangi avtomobil olomayotganidan hasrat qiladi. Boriga xursand bo‘lish, qolaversa, turt muchali sog‘lom ekanligidan shukr qilish ayrimlarga begona.

Tadbirda chapak chalib, sahnadagi tengdoshlari bilan baravariga Ona, mehr-oqibat, Vatan haqida qo‘shiq kuylayotgan yigitlarni, musiqaga mos, chiroyli harakatlar bilan raqsga tushayotgan qizaloqlarni  ko‘rib ko‘ngillardan g‘ubor ko‘chdi, olamning rangin go‘zalligini, yorqin  nurlarini ko‘ngil ko‘zlariiga ko‘chira olgan bolakaylaga chindan  havas qildik. Ko‘nglimizda esa  bir tilak:  O‘zingiz kabi beg‘ubor, oppoq orzularingiz ushalsin aziz bolajonlar…

 

 


Ulashish:
828
Boshqa rubrikalarda mashhur

JDPU xorijiy tillar fakulteti professor-o‘qituvchilari Vengriyaning nufuzli Obuda universitetida malaka oshirishmoqda.
Jizzax davlat pedagogika universiteti Xorijiy tillar fakulteti professor-o‘qituvchilari jahon oliy ta’lim muassasalari reytingida 680-o‘rinni egallagan Vengriya Respublikasining nufuzli ta’lim maskanlaridan biri — Obuda universitetida bo‘lib...
Jizzax davlat pedagogika universitetida texnikum bitiruvchilari bilan suhbat boshlandi.
Jizzax davlat pedagogika universitetida oliy ta’limga kirish istagida bo‘lgan texnikum bitiruvchilari uchun suhbat jarayonlari start oldi. Joriy yilda turli texnikumlarni tamomlagan 134 nafar nomzod hujjatlarni...
JDPUda talabalar uchun turar joy va ijara xonadonlari bo‘yicha ma’lumotlar markazi ish boshladi.
Jizzax davlat pedagogika universitetida 2025/2026-o‘quv yilida talabalarni munosib kutib olish va ularni turar joy bilan tezkor ta’minlash maqsadida “Talabalar turar joylari va ijara xonadonlari bo‘yicha...