“Biz dunyoni qalbimiz bilan ko‘ramiz…” shiori ostida xayriya tadbiri o‘tkazildi.
Jizzax shaxridagi “Ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalar” maktab internatida bo‘lib o‘tgan tadbir ana shunday nomlandi
Ko‘ngil obodligi nima, u qaerdan boshlanadi?… Bir necha daqiqalik xursandchilik, jimitdekkina mehr, tabassum dilxasta qalblardan g‘uborlarni haydaydi. Dil qatidagi oppoq orzu-istaklar, maqsadga aylanadi…eng muhimi murg‘ak qalblarda ertangi kunga umid uyg‘onadi… axir bu dunyoda insonni bugungi kundan ertaga, ertangi kundan keyingi kunga umid yetaklaydi-da. Jizzax davlat pedagogika instituti rektori Sh. Sharipov tashabbusi bilan “Biz dunyoni qalbimiz bilan ko‘ramiz” shiori ostida tashkil etilgan tadbir ham aynan imkoniyati cheklangan “tovushlar olamida” yashayotgan bolajonlar qalbiga quvonch ulashish maqsadida tashkil etildi. Jizzax shaxridagi “Ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalar” maktab internatida bugungi kunda 280 nafar imkoniyati cheklangan bolajonlar ta’lim–tarbiya olishadi. Ta’lim-tarbiya jarayoni umumiy o‘rta ta’limning davlat standartiga muvofiq holda belgilangan bo‘lib, darslar o‘quv rejalari va maxsus dasturlar asosida olib boriladi. Bu maskanda o‘quvchilarning aqliy, jismoniy va ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish uchun turli to‘garaklar, klublar, studiyalar, seksiyalar ham tashkil etilgan. Bir so‘z bilan aytganda bu yerda hamma narsa bor faqat bir narsadan tashqari u ham bo‘lsa yorug‘ olam go‘zalligidan to‘rt muchali sog‘ insonlar kabi bahramand bo‘la olmaslik…
“Farzandlarining ko‘zlari nogiron bo‘lib tug‘ilganidan qattiq iztirobga tushgan ota-onalar o‘z jigargo‘shalarini turli o‘y-fikrlar va ming istihola bilan mana shunday maxsus maktablarga olib kelishadi. Ma’lum vaqt o‘tgach xavotirli o‘ylar o‘rnini, albatta xotirjamlik egallashiga shubham yo‘q. Ko‘zi ojiz bolajonlar fidoiy ustozlarning mehnati bilan iqtidorlarini yuzaga chiqarishadi. Bu yerda bilimga chanqoq o‘quvchilar juda ko‘p, ular darslarda juda faol, qalb ko‘zi va tasavvur orqali o‘zlari uchun ko‘rinmas olamni yorqin ranglarda tasvirlashga intilayotgan, yuragida ulkan orzular bilan yashayotgan bolajonlarni ko‘rib ta’sirlansiz. Ikki kun davom etgan xayrli tadbirimiz davomida biz internat kutubxonasida bo‘lib, qo‘llar yordamida kitoblar o‘qiyotgan kitobxon o‘quvchilardan she’rlar tingladik. Shaxmat-shashka to‘garagi mashg‘ulotlarini kuzatdik. Dargohda san’atga, musiqaga qiziqish yuqori ekan. Iqtidorli o‘quvchilar bizga kichik konsert namoyish qilib berishdi. Ularning ijrosida milliy kuylar tingladik. O‘quvchilar orasida kelajak hayotini san’at bilan bog‘lashni istaganlarni ko‘rib rosti quvondik”- deydi institut rektori Sh.Sharipov
3 dekabr – “Xalqaro nogironlar kuni” munosabati bilan ikki kun davomida o‘tkazilgan xayriya tadbirida iqtidorli o‘quvchilar o‘rtasida sportning shaxmat va shashka va (ko‘zi ojizlar uchun maxsus futbol) futbol turlari bo‘yicha musobaqalar o‘tkazilgan bo‘lsa, keyingi kun zaif ko‘ruvchi bolalar o‘rtasida “Maftunkor jilolar” rasm chizish tanlovi o‘tkazildi. O‘tkazilgan suhbatlar va musobaqalar jarayonida bolalarning talab-istaklari inobatga olinib ularga rassomlik san’atida qo‘llaniladigan molbert dastgohlar (to‘liq jamlanmasi bilan) sport buyumlari (shaxmat-shashka, basketbol va futbol to‘plari) sovg‘a qilindi.
“Biz dunyoni qalbimiz bilan ko‘ramiz” shiori ostida o‘tkazilgan tadbir yakunida taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Unda sport musobaqalarida g‘olib bo‘lgan jamoalarga, rasmlar chizish tanlovida faol ishtirok etgan o‘quvchilarga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Bugun ko‘p do‘stlarimizni noshukrlik qilib noliyotganliklariga guvoh bo‘lamiz. Yetti muchali sog‘ odam bugun hamyonida mablag‘i yo‘qligidan, kimdir uy-joyi eskirib qolayotganidan nolisa, yana kimlardir yangi avtomobil olomayotganidan hasrat qiladi. Boriga xursand bo‘lish, qolaversa, turt muchali sog‘lom ekanligidan shukr qilish ayrimlarga begona.
Tadbirda chapak chalib, sahnadagi tengdoshlari bilan baravariga Ona, mehr-oqibat, Vatan haqida qo‘shiq kuylayotgan yigitlarni, musiqaga mos, chiroyli harakatlar bilan raqsga tushayotgan qizaloqlarni ko‘rib ko‘ngillardan g‘ubor ko‘chdi, olamning rangin go‘zalligini, yorqin nurlarini ko‘ngil ko‘zlariiga ko‘chira olgan bolakaylaga chindan havas qildik. Ko‘nglimizda esa bir tilak: O‘zingiz kabi beg‘ubor, oppoq orzularingiz ushalsin aziz bolajonlar…