Skip to main content

Ishonch telefoni: +(99872) 226 68 10

Biz bu virusdan qocha olmaymiz do‘stlar…

Amerikalik mashhur doktor Mehmet O‘z feysbukda koronavirusni juda tushunarli qilib ta’rifladi. “Avvalo shuni ta’kidlashim kerak! Bu virusdan qutulish yo‘q, o‘rtoqlar. Unga har birimiz istisnosiz chalinamiz. Lekin qanchalik kech yuqtirsak shuncha yaxshi. Buni so‘zim oxirida izohlayman. Aynan GRIPP virusi bilan bo‘lgani kabi, kelgusi yillarda bu virus bilan yashashni o‘rganamiz. Ishoning, bu aniq! Hozir joriy qilinayotgan karantin, ta’til va boshqa choralar virusning tarqash shiddatini susaytirish, tibbiyotning nochor holatga tushishining oldini olishga qaratilgan. Virus tez tarqagan taqdirda kasalxonalarning jonlantirish bo‘limlari chorasiz qoladi va noiloj Italiyada bo‘layotganidek qaysi bemor tuzalishi va qaysi biri vafot etishi kerakligini hal qilishdek dahshatli vaziyat yuzaga keladi. Viruslar degani aslida qotil, shaytoniy bir dushman emaslar. Ular ham aslida xuddi bizdek o‘z qobig‘ida yashovchi mavjudotlardir. Odatda hayvondan odamga yuqadilar va hayvonni nobud qilmaydilar. Chunki hayotlarini davom ettirish uchun o‘zlari ham tirik organizmga muhtojdirlar. Asrlardan beri hayvon organizmida yashashga ko‘nikkanlar. Xo‘sh? Nega unda biz o‘lmoqdamiz? Chunki virus bilan bir-birimizni yaxshi tanimaymiz. Virus hali hamon o‘zini hayvon tanasida deb o‘ylamoqda. O‘zi o‘rnashgan yangi muhitning sharoitini hali bilmaydi. Ma’lum muddat o‘tib, bizda unga qarshi immunitet shakllanadi va virus ham davomli yashash uchun mutatsiyaga uchraydi. Shu zaylda birga yashashga ko‘nikamiz. Masalan, herpes labialis nomli virusni eshitganmisiz? Bu dunyoda eng ko‘p tarqalgan virus bo‘lib, o‘la o‘lguncha organizmda yashaydi. Bu virus nima qiladi, deysizmi? Labimizga uchuq toshiradi. Shu xolos. Odamni o‘ldirmaydi. Chunki odam o‘lsa u ham o‘ladi. GRIPP virusi ham deyarli shunaqa. O‘ldirish xavfi 0.1 foiz atrofida va odatda surunkali kasalligi bo‘lganlarni nobud qiladi. Dunyo bo‘yicha yiliga yarim milliard odam GRIPPga chalinadi. Shuningdek, odamzod bilan yashashga ko‘nikkan tonna virus mavjud. Koronavirus bilan ham yashashga odatlanamiz. Indallosi shuki, aytganimdek, hammamiz bu virusga chalinamiz. Hatto ko‘pchilik chalinib ham ulgurgan-u, hali o‘zi bilmaydi. Tuzalib ham bo‘lgandir. Organizmi virus bilan yashashga allaqachon ko‘nikkan yoki virus u tanada hayot topolmay boshqa tanaga o‘tgan. Bu mavzuda eng yaxshi misol Daymond Prinsess kemasi. Undagi 3700 yo‘lovchidan 700 tasida virus aniqlangan. Ammo shulardan 350 nafari kasalligini sezmagan ham. Yoshi keksaligiga qaramay yotoqqa tushmay yashamoqda. Nega bunday? Chunki o‘sha 350 kishining immuniteti juda kuchli. Ya’ni bu kasallikda eng muhim jihat bu immunitet. Oramizda immun tizimi kuchli bo‘lganlar, sport bilan shug‘ullanganlar, to‘g‘ri ovqatlanganlar, chekmaydiganlar bu kasallikni umuman sezmaydilar. Balki yengil shamollash kabi o‘tkazib yashayveradilar.Nima qilish kerak? Avvalo tana quvvati. Sport va harakat. Keyin ovqatlanish. Xususan, meva sabzavotlar, sarimsoq, qatiq, ko‘k choy va hokazo. S vitaminiga boy tabiiy mahsulotlar. Shular yordamida pandemiya davridan eson omon o‘tish mumkin. Chunki yuqoridagi tavsiyalar aynan immunitetning kuchayishiga xizmat qiladi.Xullas o‘sha gap, virus bilan yashashga odatlaning. Kegusi yillar, balki oylar yo haftalar ichida mutatsiyaga uchraydi, yoki battar vahshiylashadi. Ikkinchi ehtimol juda past,chunki bu virusning o‘ziga ham zarar. Katta ehtimol bilan virus odamga moslashadi. Vaksinasi topilganda ham har gal virus mutatsiyaga uchraganda vaksina o‘z ta’sirini yo‘qotaveradi. Xuddi GRIPP vaksinalari ham shunday. Bizni faqat avvalgi yillarda yuqqan GRIPP viruslaridan himoyalaydi, yangilaridan emas. Ya’ni to‘liq himoya qilolmaydi. Doimiy to‘liq himoya esa immun tizimimizdir.Mutatsiya deganimiz esa naslga aloqador bo‘lib viruslar tez ko‘payib tez o‘lganliklari sababli, odamlarda yillar talab qiladigan nasl almashuvi ularda bir necha soatdan iborat. Ular juda tez mutatsiyaga kirishadilar. Vaqt o‘tgani sayin virus mutatsiya natijasida yuqqan odamini nobud qilmaydigan holga keladi. Demak, bu virusga qanchalik kech duch kelsak, uning zarari shuncha kam bo‘ladi. Ha, hech kimni chetlab o‘tmaydigan bu virus bilan qancha kech uchrashsak shuncha omadli bo‘lamiz. Shuning uchun, imkon qadar uydan chiqmay, gigienaga rioya qilib, to‘g‘ri ovqatlanish, badantarbiya qilish va karantin qoidalariga qat’iy amal qilish kerak! Shuni bajarganlar, ishoning, hammadan uzoq yashaydilar!                                       Xulosa: 1. Karantinga kiring! Virusni qancha kech uchratsangiz shuncha omadlisiz! 2. Gigiena. Tozalikka qat’iy rioya qiling. 3. Meva va sabzavotlar iste’mol qiling. 4. Immunitetni ko‘taruvchi sarimsoq, qatiq, yogurt kabi mahsulotlarni ko‘proq iste’mol qiling. 5. Immunitetni mustahkamlovchi vitamin va qo‘shimcha moddalar qabul qiling. 6. Serharakat bo‘ling va uyda sport bilan shug‘ullaning 7. Chekmang! 8. Suv iste’molini ko‘paytiring.” Turk tilidan.H.Jumaev tarjimasi