Skip to main content

Ishonch telefoni: +(99872) 226 68 10

           BIOLOGIYA FANI O’QITISH METODIKASI FANINING MAQSADI VA VAZIFALARI

Tabiiy fanlar fakulteti Biologiya va uni o’qitish metodikasi kafedrasi o’qituvchisi Mustafaqulova Dildora Ismatullayevna Biologiya yo’nalishi 223 – 21 – guruh talabasi Andaqulova Matluba Doniyor qizi   Annotasiya: Ushbu maqolada Biologiya fani o’qitish metodikasi hamda o’quv jarayonida olib boriladigan prinsiplari haqida ma‘lumotlar berilgan. Kalit so’zlar: Biologiya o’qitish metodikasi, prinsiplar, o’quv materiali, o’quv jarayoni, fan, dars, shaxs, o’qitish shakllari. Biologiya o’qitish metodikasi biologiya fan asoslari bilan bog’liq bo’lgan o’quv, jarayonlar, printsiplar va qonuniyatlar to’g’risidagi fandir. Mazkur prinsip va qonuniyatlarni bilish o’qituvchiga maktab biologiya kursi bilan bog’liq o’quv-tarbiyaviy jarayonlarni zamon talablariga mos holda tashkil etish va boshqarish imkonini beradi. Biologiya o’qitish metodikasi biologiya o’quv fanlarining mazmuni, uning o’qitish shakllari, metodlari, vositalarini o’zaro bog’liq holda joriy etishning maqsad qilib qo’yadi. Biologiya o’qitish metodikasining asosiy vazifasi o’quvchilarga biologik o’quv fanlar bo’yicha chuqur atroflicha bilim berish, ularning har tomonlama rivojlangan shaxs sifatida kamol topishiga ko’mak beruvchi o’quv fanlar mazmunini, o’qitish shakllari, vositalari va metodlarini ishlab chiqishdan iborat. Biologiya o’qitish metodikasi fan sifatida har qanday fan insonning tadqiqot faoliyati bilan aloqador bo’lib, u narsa va xodisalar to’g’risida bilimlar to’plashga yo’nalgan, hamda tadqiqot qilinayotgan narsa xodisalar to’g’risida to’liq va chuqur bilim olishga qaratilgan. fanning asosiy funktsiyasi tadqiqot hisoblanadi. Biologiya o’qitish metodikasi fan sifatida mazkur fan bilan bog’liq o’quvchilarning bilim olish, tarbiyalanish va rivojlanishini nazariy va amaliy jihatidan tadqiq qilishni maqsad qilib qo’yadi. Fanning asosiy belgisi bo’lib, maqsadning aniqligi, o’rganish predmeti, bilimlarni bilish usullari va shakllari hisoblanadi. Shu bilan birga fanning rivojlanish tarixi, uning boyishiga sababchi bo’lgan kashfiyotlarni bilish ham muhim sanaladi. Biologiya o’qitish metodikasi pedagogik fanlar tarkibiga kiradi. Shu sababli uning oldida turgan maqsad va vazifalar ham umumpedagogik maqsad va vazifalardan kelib chiqadi. Biologiya o’qitishmetodikasi barcha o’quv fanlarga taaluqli bo’lgan pedagogik qoidalarni, biologik o’quv materialiga tadbiq etishga yo’nalgan. Shu bilan bir qatordabiologiya o’qitish metodikasi tabiiy, ilmiy, biologik, psixologik, pedagogik bilimlarni o’zida mujassamlashtiradi.Biologiya o’qitish metodikasi biologiya o’quv fanining o’qitish maqsadini, mazmunini, biologik bilimlarning tanlash printsipini belgilab beradi. Biologiya o’qitishning hozirgi davrda samarali bo’lishi o’quvchilarning o’quv, mehnat va jamoat faoliyatlarida qatnashishi uchun zarur bo’lgan biologik bilimlar, ko’nikmalar, malakalarni egallaganliklari bilan belgilanadi. Ular esa o’z navbatida o’quvchilarning tarbiyalanganlik natijasida, dunyoqarashi, e’tiqodi, tabiat, jamiyat va shaxsga bo’lgan munosabatida namoyon bo’ladi. O’quvchilarning rivojlanish darajasi, qobiliyati, jismoniy va aqliy jihatdan takomillashtirishga bo’lgan extiyoji bilan ifodalanadi. Biologiya o’qitishning maqsadi yuqorida qayd qilingan omillardan kelib chiqadi. Biologiya o’qitishning maksadlarini bilish o’qituvchiga o’qitish jarayonini boshqarish imkoniyatini beradi. Fan sifatida biologiya o’qitish metodikasining vazifalari tubandagilardan iborat:
  1. O’quvchilarning o’qitish va tarbiyalash, kamolga yetkazishda o’quv fanining o’rnini aniqlash; [1]
  2. Maktab o’quv dasturlari va darsliklarni takomillashtirish bo’yicha tavsiyalarishlab chiqish va uni maktab amaliyotiga tadbiq etish;
  3. O’quvchilarning yoshiga mos ravishda o’quv fanlarining mazmuni, undagi mavzularning o’rganish izchilligini belgilash;
  4. Biologik o’quv fanlarining o’ziga xos tomonlarini e’tiborga olgan holda, o’qitish usullarini, tashkiliy shakllarini ishlab chiqish;
  5. O’qitish jarayonida qo’llash uchun zarur jihozlarni aniqlash. Biologiya xonasi tirik burchak, tajriba yer maydonini tashkil etish, tabiiy, tasviriy, dinamik, audio, video vositalarni belgilash. Biologiya o’qitish metodikasining obhekti bo’lib, mazkur o’quv fani bilan aloqador bo’lgan o’quv tarbiyaviy jarayon hisoblanadi. Biologiya o’qitish metodikasining predmeti bo’lib biologik bilimlarning maqsadi, mazmuni, o’qitish usullari, shakllari, o’quvchilarning tarbiyasi va rivojlanishidir. Biologiya o’qitish metodikasining ilmiy – tadqiqot metodlari:
1.Maktab o’qituvchilarining ish tajribasini kuzatish va faoliyatdagi ijobiy, salbiy tomonlarini aniqlash; 2.Bu sohada to’plangan ma’lumotlarni tahlil qilish, umumlashtirish va hal etilmagan muammolarni aniqlashtirish va ularni hal etish uchun zarur ishchi farazlarni ilgari surish; [2] 3.Ilgari surilgan farazlarning qanchalik haqiqatga yaqin ekanliklarini aniqlash maqsadida maktablarda pedagogik tajribalar o’tkazish hamda tajribaviy, nazorat sinflardan olingan ma’lumotlarni o’zaro taqqoslash; 4.Kuzatish va pedagogik eksperimentlardan olingan ma’lumotlarni tahlil qilish, umumlashtirish va xulosalash; 5.Olingan ma’lumotlarga asoslanib olingan ma’lumotlarga asoslanib, metodik maqolalar, qo’llanmalar yaratish va ishlab chiqilgan fikr mulohazalarning ommaviy maktablarda tekshirishdan o’tkazish va tasdig’ini olish. Hozirgi davrga kelib, biologiya o’qitish metodikasida o’tkazilgan pedagogik tajribalar natijasida «Biologik tushunchalarni rivojlantirish», «Biologiyada o’qitish shakllarining sistemasi», «Biologiyada o’qitish metodlari», «Biologiyada ekologik tushunchalarni rivojlantirish», «Biologiya o’qitishning moddiy bazaviy sistemasi», «Pedagogika Oliy o’quv yurtlari talaba biologlarning maktabdagi ishga metodik tayyorlash sistemasi» kabi nazariyalar ishlab chiqilgan va amaliyotga tadbiq etilga1n. Maktablarda o’qitiladigan biologiya o’quv fanlarga qarab «Biologiya o’qitish metodikasi» fani «Biologiya o’qitishning umumiy metodikasi», «Botanika o’qitish metodikasi», «Zoologiya o’qitish metodikasi», «Odam va uning salomatligini o’qitish metodikasi» va nihoyat «Umumiy biologiyaning o’qitish metodikasi» kabi xususiy o’qitish metodika fanlariga ajratiladi. Biologiya o’qitishning umumiy metodikasi barcha biologik o’quv fanlariga oid o’qitishning maqsadi, vazifasi, mazmuni, printsiplari, usullari, vositalari, shakllari, biologiyani o’qitish tarixi, bosqichlari kabi masalalarni qamrab oladi. [3]Xususiy metodikalar esa u yoki bu o’quv fanining mazmuni o’quvchilarning yoshi bilan bog’liq dars, darsdan tashqari ishlar, sinfdan tashqari mashg’ulotlar, ekskursiyalar, amaliy va laboratoriya mashg’ulotlarini tashkil etish, jihozlash kabilarni diqqat markazida tutadi. Biologiya o’qitish metodikasining boshqa fanlar bilan bog’liqligi. Biologiya o’qitish metodikasi pedagogikaning bir qismi bo’lgan didaktika bilan juda yaqin aloqadadir. Agar didaktika o’quvchilar tomonidan bilimlar, ko’nikmalar va malakalarni o’zlashtirish qonunlarni o’rgansa va u maktabdagi barcha o’quv fanlari uchun o’qitish nazariyalarni va printsiplarini ishlab chiqsa, biologiya o’qitish metodikasi biologiya bilan bog’liq o’qitish va tarbiyalash mazmuni, shakllari, va metodlari hamda vositalari bilan bog’liq nazariy va amaliy masalalarni ishlab chiqadi. Biologiya o’qitish metodikasi psixologiya bilan uzviy aloqadadir. Chunki,biologiyani o’qitish o’quvchilarning yosh xususiyatlariga mos bo’lgan taqdirdagina samara beradi. Masalan o’smirlarda ya’ni V-VI sinf o’quvchilarida diqqat beqaror bo’lgani sababli biologiya o’qituvchisi dars jarayonida bir necha metodlardan foydalanib, o’quvchilar faoliyatini almashtirib turadi, hamda ularning tafakkurini konkret ekanligini e’tiborga olib, ko’rgazmali vositalardan ko’proq foydalaniladi. Yuqori sinflarda esa o’quvchilar diqqati barqarorlashgani va ularda abstrakt tafakkur rivojlangani uchun darslar ko’proq ma’ruza shaklida o’tkazilishi va bir, ikki metoddan foydalanish kifoya qiladi. Biologiya o’qitish metodikasi biologiya fani bilan uzviy aloqador.[2] U biologik fanlarning deyarli barcha sohalari: botanika, zoologiya, odam anatomiyasi va fiziologiyasi, tsitologiya, biokimyo, embriologiya, sistematika, ekologiya, evolyutsion ta’limot, antropologiya molekulyar biologiya fan asoslarini o’zida ifoda qiladi. Tirik tabiat vakillarining tashqi, ichki tuzilishini hayot faoliyatini tashqi muhit bilan aloqasini to’g’ri tushuntirish o’simlik, zamburug’, hayvon, mikroorganizmlarni aniqlash, ulardan mikro va makropreparatlar tayyorlash, ular ustida kuzatish, tajribalar olib borish, o’qituvchidan yaxshi nazariy bilim, amaliy tayyorgarlikni talab qiladi. Lekin maktab biologiya o’quv fani bilan biologiya fani orasida muhim tafovutlar borligini o’qituvchi yaxshi bilish kerak. Biologiya fanining asosiy maqsadi tirik va o’lik tabiati to’g’risida tadqiqot o’tkazishi orqali yangi bilimlarni hosil qilish bo’lsa, maktab biologiya o’quv fanining maqsadi, o’quvchilarning yoshiga mos ravishda ularga biologik bilimlar, ya’ni biologik tushuncha, qonunlar, nazariyalar berishdan bilimlar va uni tushuntirishdan iborat. Maktab biologiya kursida fan emas, balki fan asoslari – o’quvchilar uchun zarur asosiy ma’lumotlar mujassamlashgan. Shu bilan birga maktab biologiya kursi «kichik fan» emas, balki o’quvchilarning rivojlanishi va tarbiyasiga ko’mak beruvchi biologiyani asosiy tushunchalar sistemasi sanaladi. Biologiya o’qitish metodikasi o’quv fani sifatida Umumiy o’rta va o’rta maxsus, kasb-xunar ta’lim biologiya o’qituvchini tayyorlashda biologiya o’qitish metodikasi o’quv fani nihoyatda muhim o’rin tutadi. Bu o’quv fanini o’qitish jarayonida talabalarning biologiyani o’qitish uchun zarur kasbiy bilim, ko’nikma va malakalar shakllanadi. Tabiiydirki, o’quv fanida fan to’plagan hamma bilimlar emas, balki uning asoslari beriladi. Ular o’qitish vazifalaridan, o’quvchilarning yoshi, tayyorgarlik darajasini e’tiborga olgan holda maxsus saralangan bilimlar majmuasidan iborat. Fandan farqli ravishda o’quv fanining asosiy vazifasi bilim va ma’lumot berishdir. O’quv fani fanning aniq nusxasi emas. O’quv fanini yaratishda fan tomonidan to’plangan bilimlar va tajribalar tizimini talabalarga berish ustunlik qiladi. U faqat ilmiy ma’lumotlarni to’plash tartibi emas, balki tushunchalarni umumlashtirish, aniqlashtirish, ilmiy faktlarni, fikr – mulohazalarni tartibga solishdan tarkib topadi. O’quv fani o’zining asosiy bilim va ma’lumot berish funktsiyasidan kelib chiqqan holda ma’lum tartib asosida tuzilgan. Oliy maktab biologiya o’qitish metodikasi darsligi o’z tuzilishi va mazmuniga ko’ra fanga yaqinroq. U o’z tarkibiga ilmiy ma’lumotlardan tashqari fandagi ayrim munozarali masalalarni yechishga qaratilgan turlicha qarashlarni, xaqiqatni topishda muvafaqqiyatli yo muvafaqqiyatsiz izlanishlarni ham o’zida ifoda qiladi. Shu bilan bir qatorda ilmiy izlanishlar metodologiyasini, usullarini ham yaratadi. [1]         Xulosa: Biologiya o’qitish metodikasi o’quv fani talabalarni nazariy va amaliy jihatidan tayyorlash jarayonida faqat maktab biologiya kursining tuzilishini bayon etish cheklanmay, umumiy o’rta va o’rta maxsus kasb – hunar muassasalarida biologiya bo’yicha o’qitishning tashkil etishni o’ziga xos tomonlari bilan ham tanishtiradi, biologiya o’qitish usullari, vositalarni qo’llash bo’yicha ko’nikma malakalarni shakllantirishga hamda o’quvchilar o’zlashtirishi lozim bo’lgan minimal bilimlar majmuasini talablar tomonidan o’zlashtirishga imkon beradi. Shu bilan birgalikda zamonaviy pedagogik, axborot texnologiyalarni qo’llash, biologiya o’qitishda innovatsion yondashish ko’nikmalarni hosil qiladi. Foydalanilgan adabiyotlar:
  1. Sayidahmedov N. Pedagogik mahorat va pedagogik texnologiya. -Toshkent MU. 2003.[1]
  2. Rizoqulovna, B. M. T. Biologiya o’qitish metodikasi qo’llanma. Toshkent-2020[2]
  3. Rizoqulovna, B. M. T. (2021). BIOLOGIYA FANINI O’QITISHDA ZAMONAVIY INTERFAOL METODLARDAN FOYDALANISH SAMARASI.[3]
  4. L.V.Golish, D. M. Fayzullayeva Pedagogik texnologiyalarni loyoxalashtirish va rejalashtirish. O’quv-uslubiy qo’llanma. «Iqtisodiyot» nashr., 2011[4]
  5. Мустафақулова Д. И .Тизимли тафаккурнинг хусусиятлари. Муғаллим ҳем узлуксиз билимлендириў Некис,2022
6.Mustafaqulova D.I.Talabalarda tizimli tafakkurni rivojlantirish ,Journal of Natural Science N 5/3 2021 7..Mustafaqulova D.I. Biologiyaning  tizimli  xarakteri-talabalar tizimli tafakkurini  shakllantirish  imkoniyati.SCIENCE AND INNOVATION 2022