Yaxshilarning shirin so‘zi, mehri bilan shifo toping…
(Jizzax davlat pedagogika instituti rektori respublika ixitsoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Jizzax filialida bo‘ldi )
1 iyun juda ko‘pchilik mamlakatlarda Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni sifatida nishonlanadi. Ushbu kun munosabati bilan A.Qodiriy nomidagi Jizzax davlat pedagogka instituti rektori Sh.Sharipov respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazi Jizzax filialiga tashrif buyurdi. Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazi Jizzax filiali 70 o‘rinli statsionar, 50 ambulator qatnovga mo‘ljallangan.
1 iyun Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan A.Qodiriy nomidagi Jizzax davlat pedagogika instituti “Biz siz bilan doimo birgamiz” shiori ostida markazda davolanyotgan bemor bolalar holidan xabar olishdi. Ko‘ngil olish, dalda bo‘lish niyatida tashkillashtirlgan uchrashuv, haqiqiy bayramga aylanib ketdi. Niyat ham shu edi aslida. Dastlab Institut rektori boshchiligida bemorlar davolanayotgan xonalarga kirildi. Shundan so‘ng shu markazda davolanyotgan bemor bolalar uchun kichik badiiy dastur namoyish etildi. Dastur davomida bemor bolajonlarning har biriga bayram munosabati bilan sovg‘alar ulashildi.
Bizning kelajagimiz, boshlagan ezgu ishlarimizning davomchilari, ko‘zimizning nuri, qalbimiz sururi bo‘lmish bolajonlar bilan hayotimiz obod, ko‘nglimiz charog‘on. Shu sababli ham ularning baxtli bo‘lishlari uchun hamma narsamizni berishga tayyormiz. Ayniqsa, mana shu kunda mehru muhabbatimiz yanada oshadi.
Farzandining saodati va baxtiyor damlarini mudom ko‘rib yashash har bir ota onaning eng buyuk orzusi, uning sog‘lom voyaga yetishi esa umrining asosiy mazmunidir.
Sh. Rashidov tumanida istiqomat qiluvchi Dilnoza Norqo‘zieva bugun bemor farzandi bilan birga… 2 yoshli qizi Elnorada bu kasallik alomatlari paydo bo‘lganini sezishganida u hali murg‘akkina go‘dak edi. Bolasiga imkon bo‘lsa jonini berishga-da tayyor Dilnozaning qalbida o‘y-xayollarida “bolam shifo topsin” degan niyat bor. Dilnozaning jigargo‘shasi Elnora qatori bu dargohda davolanyotgan bemor bolajonlar uchun bugungi tashrif ishonch va umid berdi desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz.
“bugungi tadbir men uchun quvonchli kunlarimdan biriga aylandi. Farzandim kulgan kun men uchun eng ajoyib kun. E’tibordan ko‘nglim ko‘tarildi. Men qatori umid bilan bolalarini shifo topishini istayotgan ota-onalarga aytilayotgan har bir tilak, shirin so‘z dalda, malham va madad bo‘ldi” – deydi Dilnoza Norqo‘zieva
Darhaqiqat dunyoda bola kulgisi-yu sho‘x-shodon qiyqirig‘idan-da beg‘ubor narsa bo‘lmasa kerak. Osmon misol musaffo, tim qora ko‘zlarini sizga qadagancha, tabassum bilan kuyga hamohang raqsga tushayotgan, jajji qo‘lchalari bilan qarsak chalayotgan, murg‘ak qalbi bilan mushohada qilishga urinayotgan, qo‘lidagi sovg‘alarga bolalarcha hayrat bilan boqayotgan bolajonlar nurli chehrasiga ko‘zingiz tushganda hayot tashvishlarini unutasiz. Ulardagi beg‘uborlik, soflik sizga ham ko‘chadi…
“Biz siz bilan doimo birgamiz” shiori ostida Yaxshilik ulashish niyatida tashkillashtirilgan kichik dastur barchaga o‘z ta’sirini o‘tkazdi. Buni samimiy tabassum bilan o‘z minnatdorchiligini bildirayotgan bolakaylar nigohidan sezish mumkin. Umid qilamiz, bu kichkintoylar yaxshilarning shirin so‘zi va mehri bilan shifo topadi…
Gulchehra Sharipova
Jizzax davlat pedagogika instituti axborot xizmati