Skip to main content

Ishonch telefoni: +(99872) 226 68 10

“Qadring baland bo‘lsin, ona tilim!”…

“Milliy tilni yo‘qatmak – millatning ruhini yo‘qatmakdir”                                                               Abdulla Avloniy Ma’lumotlarga ko‘ra, bugun dunyoda 7000 dan ortiq til va lahja bor ekan. Ammo hozirgacha ulardan 500tasigina ilmiy jihatdan o‘rganilgan deyiladi. Jahondagi 1400ta tilning yo‘qolib ketish xavfi borligi esa har qanday odamni sergak torttiradi. Ayrim mutaxassislarning aytishicha, har uch tildan bittasining yozuvi bo‘lmay, faqat og‘zaki nutq shakliga ega ekan.O‘zbek tilining ildizlari uzoqlarga qadalgan. Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri. 21 oktabr o‘zbek millati uchun qutlug‘ sana. Bundan 31 yil burun shu kuni xalqimiz ming yillik ulug‘ orzusiga yetishdi. Shu kuni O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilindi. O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berildi. A. Qodiriy nomidagi Jizzax davlat pedagogika institutida qutlug‘  sana munosabati bilan  “Qadring baland bo‘lsin, ona tilim!” shiori ostida tadbir tashkil etildi.   O‘zbek tiliga bag‘ishlangan til bayramini Jizzax davlat pedagogika instituti rektori prof. Sh.S.Sharipov tabrik so‘zi bilan ochib berdi. U o‘z so‘zida:  Bundan yuz yil avval  milliy uyg‘onishni va ona tilimizning rivoji borasida ko‘plab amaliy ishlarni qilgan jadidlarimiz Qodiriylarga, Cho‘lponlarga, Fitratlarga, Abdulla Avloniylarga bugungi kunda ham ehtiyojimiz borligini. Milliy g‘urur, ona tiliga bo‘lgan sadoqatni har birimiz farzandlarimiz qalbida bolaligidanoq  yuksaltirishimiz, ona tilimizni yaxshi ko‘rishi bor kuchimizni sarflab ular qalbida mehr uyg‘ota olishimiz lozimligini ta’kidlab o‘tdi. Shuningdek  tadbirda so‘zga chiqqan professor o‘qituvchilar va mehmonlar yangi O‘zbekistonda ona tilimizning qaddi yanada yuksalishini, ko‘pmillatli xalqimiz totuv va hamjihat yashab barcha sohalarda baland-baland cho‘qqilarni zabt etishini, dunyoning qay bir hududida, qaysi mamlakatida bo‘lmasin, har bir yurtdoshimiz o‘zbekistonlik ekanidan doim g‘ururlanib, o‘zbekcha so‘zlab, o‘zbekcha kuylab, hammaning havasini keltirishini tilab qolishdi.  Til bayramiga bag‘ishlangan kecha so‘ngida  O‘zbek tili  va adabiyoti fakulteti birinchi kurs talabalari Ona tilimizni ulug‘lovchi she’rlarni  aytib berishdi. Jizzax davlat pedagogika instituti axborot xizmati.