Boqiysan, iftixorimsan,ona tilim!
Assalomu alaykum hurmatli yurtdoshlar!
Halqni xalq, millatni millat sifatida tanitguvchi vosita bu – til. Oltoy tillar turkumi turkiy tillar oilasining eng qadimiy va eng katta bo‘lagi o‘zbek tilining asrdan asrga sayqallanib, ohangi go‘zallashsada, o‘zagi o‘zgarmay kelishida Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk allomalarimizning o‘z zamonasida chekkan zahmatlari, bu yo‘lda qilgan mehnatlari izohiga qalam ojiz. 1989 yil 21 oktyabr- “O‘zbek tiliga davlat tili” maqomi berilishi mamlakatimiz mustaqil bo‘lishidan avvalgi eng unutilmas, muhim sana bo‘lib, Vatanimiz tarixiga yozildi. O‘tgan yillar davomida hukumat tomonidan Davlat tilimizning rivojlanishi, taraqqiyoti yo‘lida olib borilgan istiqbolli ishlarga to‘xtalib o‘tishni joiz deb bilmayman. Muhimi bugun barcha jabhalarda ish yurituvi o‘zbek tilida olib borilmoqda. O‘zbek tili jahondagi tillar safida alohida mavjud til sifatida tan olindi. Til – millat ko‘zgusi. Shu millat farzandi bo‘la turib, o‘z tilida ravon so‘zlasha olmaydiganlarni ko‘rsam ko‘nglim xira tortadi.
Aziz talabalar, bo‘lajak pedagoglar!
Dunyo tamadduni Navoiydek shaxsni boshqa ko‘rmas balki. Butun jahon tan olgan bobokalonimiz o‘zbek tilining so‘zga boyligi, serma’no va go‘zal til ekanligini yetarli asoslar bilan o‘zining ilmiy asarlarida ta’kidlab o‘tgan. Biz avlodlar ham bobokalonlarimiz tomonidan avaylanib, bizgacha yetib kelgan o‘zbek tilimizni kelajak avlodga asosini buzmay, o‘zagiga zarar yetkazmay qoldirish kelajak avlod oldidagi eng katta burchimizdir. Chet tillarini o‘rganish zamon talabi ekanligini inkor etmaganim holda aytmoqchimanki, ona tilimizni dunyoga bildiradigan vaqt yetdi. Biz shunday bo‘laylikki, chet elliklar ham o‘zbek tilini o‘rgansin, shunga ehtiyoj sezsin. Biz ularga ko‘rsatgan hurmatimizni ular ham tilimiz orqali bizga yetkazishsin. Qadimiy, uzoq tarixga ega turkiy yozma til hisoblanmish ona tilimiz, o‘zbek tili xalqaro tillarining sakkizinchi tili bo‘lib qolsin.
Hurmat bilan Jizzax davlat pedagogika instituti rektori prof Sh.S.Sharipov.