Buyuklar haqida .
MAHMUD AZ-ZAMAXShARIY
(1075-1144)
Ko‘hna Xorazm zaminida jahon fani va madaniyati rivojiga munosib hissa qo‘shgan ko‘plab buyuk allomalar yetishib chiqqan.
Abul qosim az-Zamaxshariy ana shunday ulug‘ siymolardan biridir.
Allomaning to‘liq ismi Abul qosim Mahmud ibn Umar az-Zamaxshariy bo‘lib, u hijriy 467 yil rajab oyining 27 kuni (1075 yil 19 mart) Xorazmning katta qasabalaridan biri — Zamaxshar qishlog‘ida tavallud topdi. Az-Zamaxshariy haqidagi ma’lumotlar asosan O‘rta asr arab manbalarida keltiriladi. Otasi unchalik badavlat bo‘lmasa-da, savodli, taqvodor, diyonatli kishi bo‘lgan va aksar vaktini Qur’on tilovatiyu namoz o‘qish bilan o‘tkazib, Zamaxshardagi bir masjidda imomlik ham qilgan. Az-Zamaxshariyning onasi ham taqvodor, dindor ayollardan hisoblangan.
Aftidan, az-Zamaxshariyning otasi serfarzand bo‘lgan. Chunonchi, shoir qasidalaridan birida otasining farzandlari ko‘p va oilasi katta bo‘lgani tufayli ham tirikchilik yo‘lida tinmay mehnat qilgani haqida yozadi.
Az-Zamaxshariylar oilasi islomning mu’taziliy ta’limotiga mansub bo‘lib, yosh Mahmudning dunyoqarashi mana shu dindor, taqvodor otasining ta’sirida shakllandi va dastlabki bilimni ham o‘z otasidan oldi. Alloma haqidagi ma’lumotlardan ma’lumki, uning bir oyog‘i yog‘ochdan bo‘lib, tarixchilar bu haqda: «Bir oyog‘i yog‘ochdan edi va uzun yaktagini tushirib kiygani uchun ko‘rgan odam uni cho‘loq deb o‘ylardi» — deb yozganlar. Og‘ir illat tufayli u yoshligidan bir oyoq bo‘lib qolgan va shundan so‘ng otasi uni endi og‘ir mehnatga yaramaydi, deb kiyim tikuvchi ustaga shogirdlikka bermoqchi bo‘ladi. Biroq yoshligidan ilmga havasmand o‘sgan Mahmud otasidan o‘zini madrasaga o‘qishga yuborishni so‘raydi. O‘g‘lidagi ilmga bo‘lgan zo‘r ishtiyoq va havasni sezgan otasi uni madrasaga beradi.
Az-Zamaxshariy ilm-fanning turli sohalari bilan qiziqib, tolibi ilmlar orasida zo‘r iste’dodini namoyon qila boshlaydi. U madrasada o‘qitiladigan ilmlarni, ayniqsa, arab tili va adabiyo-ti, diniy ilmlarni puxta egallashga kirishadi, o‘sha davrda ilm ahpi orasida qadrlangan xattotlik san’atini ham mukammal egallab, o‘z tirikchiligini birqadar tuzatadi. So‘ng, arab tarixchisi va biografi ibn Xallikonning yozishicha, talabalik yoshiga yetgach, bilimini yanada oshirish, har tomonlama kamol toptirish maqsadida Buxoroga yo‘l oladi. Buxoro, mashhur olim Abu Mansur as-Saolibiyning (961-1138) iborasi bilan aytganda: «Somoniylar davridan boshlab shon-shuhrat makoni, saltanat ka’basi va zamonasining ilg‘or kishilari jamlangan: yer yuzi adiblarining yulduzlari porlagan va o‘z davrining fozil kishilari yig‘ilgan (joy) edi». Az-Zamaxshariy Buxoroda o‘qishni tugatgach, bir necha yil Xorazmshohlar xizmatida bo‘lib, kotiblik bilan shug‘ullanadi, hukmdorlar bilan yaqinlashishga urinadi. Biroq qobiliyati, ilmi, fazilatiga yarasha biror mansab va munosib e’tibor ko‘rmagach, o‘zga yurtlarga safar qiladi, matlabu-maqsadlarining ushalishiga umid bog‘laydi. 1118 yili az-Zamaxshariy og‘ir dardga chalinadi, bu kasallikdan tuzalgach esa hukmdorlar xizmatiyu mansab va mol-dunyo ta’masidan mutlaqo voz kechadi, qolgan umrini faqat ilm-fanga bag‘ishlashga, asarlar ta’lif etishga astoydil qaror qiladi.
Az-Zamaxshariyning o‘z davri ilmlarini to‘liq egallashga, olimlik darajasiga yetishishida, shubhasiz, ustozlarining xizmati benihoya katta bo‘lgan. Mana shunday ustozlardan biri — til, lug‘at va adabiyot sohasida mashhur olim Abu Mudar Mahmud ibn Jariyr al-Dabbiy al-Isfahoniydir (1113 yili Marvda vafot etgan). Az-Zamaxshariy hayoti davomida Marv, Nishopur, Isfahon, Shom, Bag‘dod va Щijozda, ikki marta Makkada bo‘ldi. Olim bu yerda ilmiy ishlarini davom ettirdi, arab tili grammatikasi va lug‘atini hamda mahalliy qabilalarning lahjalari, maqollari, urf-odatlarini chuqur o‘rgandi, bu mintaqa jug‘rofiyasiga oid xilma-xil ma’lumotlarni to‘pladi.
Adib ko‘p asarlarini Makkaligida yaratadi. O‘z hayotida chuqur iz qoddirgan Makkada az-Zamaxshariy besh yilcha yashaydi. Shu boisdan u Jorulloh («Ollohning qo‘shnisi») degan sharafli laqabga muyassar bo‘ladi.
O‘z davrining yirik olimi darajasiga ko‘tarilgan az-Zamaxshariyning Xorazmda ham, Sharqning boshqa ko‘pgina shaharlarida ham ko‘pdan-ko‘p shogirdlari bo‘lgan, alloma ko‘p vaqtini o‘shalarga bag‘ishlardi. U qarindosh-urug‘larining qiyin-qistovlariga qaramasdan, hayotida biror marta ham uylanmagan. Ilmiy asarlar yaratish va munosib shogirdlar tayyorlashni farzand o‘stirishdan a’lo deb hisoblagan. Az-Zamaxshariy oxirgi marta Makkadan qaytib, Xorazmda bir necha yil yashaydi va hijriy 538 yilda, arafa kechasi (1144 yil 14 aprel) vafot etadi. 1333 yili Xorazmda sayohatda bo‘lgan mashhur arab sayyohi ibn Battuta (1304-1377) «Ar-Rihla» («Sayohatnoma») asarida az-Zamaxshariyning ustida qubbasi bo‘lgan maqbarasini ko‘rganini yozadi.