“Rektor va guruh sardorlar uchrashuvi” tashkil etildi.
Bugun Jizzax davlat pedagogika institutidagi barcha fakultetlaridan 100 nafardan ziyod gurux sardorlari bilan ZOOM ilovasi orqali onlayn muloqot bo‘lib o‘tdi. Muloqot avvalida institut rektori prof. Shavkat Sharipov butun dunyoda bo‘layotgan pandemik vaziyatda har bir talaba o‘zini ehtiyot qilishi, karantin qoidalariga amal qilish lozimligi, bo‘sh vaqtdan unumli foydalanish kerakligini ta’kidlash bilan bir qatorda bugungi kunda oliygohda bo‘layotgan o‘zgarishlar, yangiliklar, yaratilayotgan imkoniyatlar haqida to‘xtaldi. Shuningdek u o‘z so‘zida barcha guruhlarning lideri, yetakchisi sifatida ishtirok etayotgan talabalarga doimiy ravishda faol bo‘lishlarini ta’kidlab, yangi o‘quv yili ham hozirgi murakkab vaziyatni inobatga olib masofaviy shaklda boshlanishi rejalashtirilayotganligi, platforma orqali dars jarayonlarini samarali va sifatli tashkil etish uchun barcha imkoniyatlar ishga solinayotganligi haqida ham aytib o‘tdi.
Institut rektori o‘z fikrlarida davom etar ekan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan qisqa vaqt ichida ishga tushirilgan ta’lim platformasi professor-o‘qituvchi va talabalar uchun ham yangi bir tizim ekanligini shuningdek internet tezligi va sifati yoki ma’ruza, topshiriqlardagi ayrim muammolar, kamchiliklarga ham duch kelinayotganini bu borada hukumat tomonidan tegishli qarorlar qabul qilinib muammolar tezda bartaraf etilishini ta’kidlab o‘tdi. Bugungi onlayn muloqotdan maqsad shuki yangi o‘quv yilida kamchiliklarga yo‘l qo‘ymaslik, dars mashg‘ulotlarini sifatli o‘tkazish borasida aniq tizimli ishlar olib borishni ta’minlashdir. Bu borada esa talabalarning ham taklif va fikrlari juda muhim.
Jizzax davlat pedagogika instituti rektori Sh.Sharipov guruh sardorlari tomonidan bildirilgan fikr va bir qator haqli e’tirozlarga o‘z mulohazalarini bildirib, bugungi muloqotdagi fikrlarni talabalarga yetkazishni, ularning ahvoli, sog‘ligidan doimo xabardor bo‘lish lozimligini, bunday muloqotlar to‘xtab qolmasligini ta’kidlab o‘tdi.
Muloqot davomida Yoshlar bilan ishlash prorektori S.Nazarqosimov talabalar tomonidan berilgan savollarga javob berar ekan, kelgusida bunday tadbirlar har bir soha prorektori va dekanlar kesimida tashkil etilishini ta’kidlab o‘tdi.