Yangiliklar
Yangiliklar
|
20/02/2021
Chop etish
1 MART  — ATOQLI SHOIRA ZULFIYA TAVALLUD TOPGAN KUN

BAHOR KELDI SENI SO‘ROQLAB

Salqin saharlarda, bodom gulida,

Binafsha labida, yerlarda bahor.

Qushlarning parvozi, yellarning nozi,

Baxmal vodiylarda, qirlarda bahor.

Qancha sevar eding, bag‘rim, bahorni,

O‘rik gullarining eding maftuni.

Har uyg‘ongan kurtak, hayot bergan kabi

Ko‘zlaringga surtib o‘parding uni.

Mana qimmatligim, yana bahor kelib,

Seni izlab yurdi, kezdi sarsari.

Qishning yoqasidan tutib so‘radi seni,

Ul ham yosh to‘kdi-yu, chekildi nari.

Seni izlar ekan, bo‘lib shabboda,

Sen yurgan bog‘larni qidirib chiqdi.

Yozib ko‘rsatay deb husn-ko‘rkini,

Yashil qirg‘oqlarni qidirib chiqdi.

Topmay sabri tugab bo‘ron bo‘ldi-yu,

Jarliklarga olib ketdi boshini.

Farhod tog‘laridan daraging izlab,

Soylarga qulatdi tog‘ning toshini.

So‘ngra jilo bo‘lib kirdi yotog‘imga,

Hulkar va Omonning o‘pdi yuzidan.

Singib yosh kuydirgan zafar yonog‘imga

Sekin xabar berdi menga o‘zidan.

Lekin yotog‘imda seni topolmay,

Bir nuqtada qoldi uzoq tikilib.

Yana yel bo‘ldi-yu, kezib sarsari,

Mendan so‘ray ketdi qalbimni tilib:

«Qani men kelganda kulib qarshilab,

Qo‘shig‘i mavjlanib bir daryo oqqan?

«Baxtim bormi deya», yakkash so‘roqlab

Meni she’rga o‘rab suqlanib boqqan?

O‘rik gullariga to‘nmaydi nega

Yelda hilpiratib jingala sochin?

Nega men keltirgan sho‘x na’shidaga

Peshvoz chiqmaydi u yozib qulochin?

Qani o‘sha kuychi, xayolchan yigit?

Nechun ko‘zingda yosh, turib qolding lol.

Nechun qora libos, sochlaringda oq,

Nechun bu ko‘klamda sen parishonxol?»

Qanday javob aytay, loldir tillarim,

Baridan tutdim-u, ketdim qoshingga.

U ham gaming bilan kezdi aftoda,

Boqib turolmayin qabring toshiga.

Alamdan tutoqib daraxtga ko‘chdi,

Kurtakni uyg‘otib so‘yladi g‘amnok.

Sening yoding bilan yelib beqaror,

Gullar g‘unchasini etdi chok-chok.

Gul-u rayhonlarning taraldi atri,

Samoni qopladi mayin bir qo‘shiq.

Bu qo‘shiq naqadar oshno, yaqin,

Naqadar hayotbaxsh, otashga to‘liq.

Bahorgi burkangan sen sevgan elda,

Ovozing yangradi jo‘shqin zabardast.

O‘lmagan ekansan, jonim, sen hayot,

Men ham hali sensiz olmadim nafas.

Hijroning qalbimda, sozing qo‘limda,

Hayotni kuylayman, chekinar alam.

Tunlar tushimdasan, kunduz yodimda,

Men hayot ekanman, hayotsan sen ham!


Ulashish:
891
Boshqa rubrikalarda mashhur

NOMDOR DAVLAT STIPENDIYALARIGA NOMZODLARNI SARALASH JARAYONI DAVOM ETMOQDA
Jizzax davlat pedagogika universitetida 2026/2027-o‘quv yili uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti stipendiyasi hamda nomdor davlat stipendiyalariga nomzodlarni saralashning universitet bosqichi davom etmoqda.
Davlat stipendiyalariga talabgor talabalar bilan uchrashuv o‘tkazildi
Bugun Jizzax davlat pedagogika universitetida Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor A. Jabbarova tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalariga talabgor talabalar bilan uchrashuv...
JDPU xodimlarining farzandlari yozgi sog‘lomlashtirish oromgohiga kuzatildi
Jizzax davlat pedagogika universiteti Kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan professor-o‘qituvchilar va xodimlarning farzandlari uchun yozgi dam olishni mazmunli tashkil etish maqsadida navbatdagi sog‘lomlashtirish tadbiri amalga oshirildi.