Xotin-qizlarga foizsiz ta’lim krediti beriladi
Prezidentning 2022 yil 18 iyuldagi PQ-323-sonli qaroriga ko‘ra, to‘lov-kontraktda o‘qiyotgan xotin-qizlarga joriy yildan boshlab imtiyozli foizsiz ta’lim krediti beriladigan bo‘ldi.
Kimlarga beriladi?
O‘zbekistondagi barcha oliy ta’lim muassasalari talabalariga (davlat, xususiy va xorijiy OTMlar filiallari);
O‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalari o‘quvchilariga (texnikum, kasb-hunar kolleji va h.k.).
Qaysi ta’lim shakliga beriladi?
Kunduzgi;
Sirtqi;
Kechki.
Masofaviy ta’limga berilmaydi.
14 foizda berilar ekan-ku, nega foizsiz deyilyapti?
To‘g‘ri, ta’lim krediti aslida 14 foizlik stavkada beriladi. Ammo bu foiz qismini xotin-qizlar to‘lamaydi, davlat to‘lab beradi. Aniqrog‘i Moliya vazirligi huzuridagi Ta’lim kreditini moliyalashtirish jamg‘armasi tomonidan qoplanadi. Xotin-qizlar faqat ta’lim kreditining asosiy qismini to‘laydi xolos.
To‘lash qachondan boshlanadi?
Ta’lim kreditining asosiy qismi talabaning rasmiy o‘qish muddati tugagandan so‘ng yettinchi oydan boshlab (ya’ni olti oy o‘tib) 7 yil davomida qaytariladi. Masalan, 7 mln so‘m ta’lim krediti olinsa, o‘qishni tugatgandan so‘ng, 6 oy o‘tgach 7 yil mobaynida oyma-oy 83 ming so‘mdan to‘lab boriladi.
Qanday hujjatlar kerak?
bankka ariza;
shaxsni tasdiqlovchi hujjat;
ta’lim muassasasi bilan to‘lov-kontrakt shartnomasi;
talabaning doimiy daromad manbaiga ega bo‘lgan oila a’zolari va boshqa uchinchi shaxs birgalikda qarz oluvchi sifatida ta’lim krediti qaytarilishining ta’minoti bo‘yicha hujjat.
“Ijtimoiy himoya yagona reestri”ga kirgan oilalarning xotin-qizlariga ajratiladigan ta’lim kreditlari uchun garov va kafilliklar talab etilmaydi.