Skip to main content

Ishonch telefoni: +(99872) 226 68 10

YOSHLARDA VATANPARVARLIK TUYG‘USINI SHAKLLANTIRISHDA SPITAMAN JASORATINING O‘RNI

Jumanazarova Dilnoza Umurzaqovna – p.f.n., dotsent Jizzax DPI Soyibnazarova Muqaddas Norpo‘latovna – katta o‘qituvchi Jizzax DPI Annotatsiya. Ushbu maqolada qadimgi Sharqning buyuk qahramoni Spitaman shaxsiyati, uning fors qo‘shinlariga qarshi jasorati to‘g‘risida fikrlar yuritilgan. Kalit so‘zlar. Spitaman, Fors qo‘shinlari, Aleksandr Makedoniskiy, “Sug‘d qoyasi”, Turon, Eron, muqaddas burch. Har bir mamlakat va uning xalqi uzoq va yaqin, o‘ziga xos, betakror tarixga egadir. Shu jumladan, o‘zbeklar va ularning ona Vatani, davlati  O‘zbekistonning ham o‘z tarixi bor. O‘zbeklarning milliy tarixi ham g‘oyatda boy, sermazmun, salobatli, jozibalidir. Darhaqiqat, milliy o‘zlikni anglashda, milliy birlikni shakllantirishda, dono xalqimizning jahon xalqlari orasida tutgan o‘rniga baho berishda, uning boy hayotiy tajribalaridan kengroq foydalanishda, xalqimizning oliyjanob, hurriyatparvar va erkparvar an’analarini izchil o‘rganish va uni yanada boyitishda hamda barkamol, haqiqiy inson shaxsini yaratishda Vatan tarixining o‘rni benihoya kattadir. Bizga ma’lumki, mil.avv. IV asrda qadimgi dunyo tarixida bir qancha siyosiy o‘zgarishlar bo‘lib o‘tdi. Mil.avv. 360 yilda  Filipp II Makedoniya taxtiga o‘tiradi. U butun Makedoniyani birlashtirib, mil.avv. 349 yildan boshlab yunon shaharlarini o‘z davlatiga qo‘shib ola boshlaydi. Filipp II  harbiy islohot o‘tkazib, tartibli va yaxshi qo‘shin tuzishga muvaffaq bo‘ldi. Mil.avv. 336 yilda Ahamoniylar davlatiga qarshi kurash boshlandi. Ammo Filipp IIning o‘ldirilishi tufayli bu kurash to‘xtab qoldi. O‘sha yili  Filipp IIning 20 yoshli o‘g‘li Aleksandr taxtga o‘tirdi. Makedoniyalik Aleksandr taxtga o‘tirgandan so‘ng Ahamoniy hukmdorlariga zarbalar berishdan oldin o‘z mavqeini mustahkamlab olishga qaror qildi.  Chunki u taxtga o‘tirgan paytda Bolqon yarim orolidagi yunon shahar-davlatlari yosh podshoga qarshi qo‘zg‘olon ko‘tarishga tayyor edilar. Aleksandr hech kimga rahm-shafqat qilmasdan ahamoniylar qarshiligini yengib,Bolqon yarim orolida o‘zining mavqeini anchagina mustahkamlab olishga muvaffaq bo‘ldi. Markaziy Osiyo hududining ahamoniylar asoratidan batamom ozod bo‘lishi bu o‘lkaning Aleksandr Makedonskiy (Sharq manbalarida Iskandar Zulqarnayn (ikki shoxli), deb ham yuritiladi) tomonidan egallanishi bilan bog‘liqdir. Aleksandr Eronning asosiy viloyatlarini bosib olgach, mil.avv. 329 yilning bahorida Hindiqush tog‘idan oshib Markaziy Osiyo hududlariga kirib keladi. Bu paytda makedoniyalik Aleksandr qo‘shinlari Oks (Amudaryo) bo‘ylariga yetib keladi  [Karimov, Shamsutdinov.1997, 51b.]. Yunon bosqinchilari O‘rta Osiyoni juda osonlikcha qo‘lga kiritishni mo‘ljallagan bo‘lsalar-da, ular hisob-kitob va rejada yanglishgan edilar. Aleksandr qo‘shinlariga, avvalo, birinchi zarba Ariana (Hozirgi Hirot viloyati)da berildi.Shimolmiy-Sharqiy viloyatlar-Girkaniya, Aria, Parfiya, Drangiana, Araxoziya, Baqtriya va So‘g‘diyonani bo‘ysundirish uchun uch yil  vaqt kerak bo‘ldi. Ayniqsa, Baqtriya va So‘g‘diyonani qo‘lga kiritish Aleksandr uchun juda qiyin bo‘ldi  [Shamsutdinov., Karimov. 2010, 49-50 b.]. Bosqinchilarga qarshi umumxalq urushi e’lon qilgan baqtriyaliklar, so‘g‘diyonaliklar va saklar uch yil davomida dushman bilan mardonavor jang qildilar. Yunon adiblari yozib qoldirgan ba’zi manbalarda bu haqda  chuqur ma’noli xabarlar o‘z aksini topgan. Jumladan, Kvint Kursiy Ruf bunday yozadi: “Lashkarlar avval hech ko‘rmagan azoblarni ochlik, sovuq, charchash, umidsizlik tushkunlikni boshdan kechiradilar. Ko‘plari sovuqdan o‘ladilar…horg‘inlikdan qorga yotib oladilar.” [Sulaymonova. 1992, 89 b.]. Tarixiy manbalardagi ma’lumotlarga qaraganda Baqtriya va So‘g‘diyona xalqlari skiflar bilan birga Spitaman, Datafarn, Oksiart rahbarligida Aleksandr lashkarlariga nafas olishga imkon bermasdan kurashganlar. Ayniqsa, Samarqandni egallash  oson kechmagan, buning uchun ikki yil kerak bo‘lgan. Dastlab makedonlar bu shaharni sulh yo‘li bilan egallaganlar. So‘ng Aleksandr bu yerda kichik bir lashkar guruhini qoldirib, o‘zi Sirdaryo tomon yo‘l olgan. Fotih O‘rta Osiyoda birinchi bor Ustrushonada-Samarqand bilan Xo‘jand oralig‘ida tojiklarnig qattiq qarshiligiga duch keladi. Tojiklar bilan bo‘lgan jangda Aleksandr mislsiz darajada shafqatsizlik qilgan. Arrian bergan ma’lumotlarga qaraganda u 30 ming mahalliy aholidan 22 mingini qirib tashlagan [Shamsutdinov., Karimov. 2010, 51 b.]. Asirga tushishni istamagan tog‘liklarning ko‘plari o‘zlarini qoyalardan tashlab halok bo‘lganlar. Bunday dahshatli voqealar biz tilga olayotgan tarixiy siymo Spitamanga saboq bo‘ldi. U endi Aleksandrning haqiqiy basharasini ko‘radi va unga qarshi muqaddas kurashga otlanadi. Shuni ta’kidlash joizki, Spitaman Zardusht singari qadimiy Spitama urug‘idan kelib chiqqan. Shu boisdan uning ismini “Spitaman” deb atash tarixiy haqiqatga javob beradi. Adabiyotlarda bu ism an’anaviy “Spitamen”(yunon tilida) shaklida noto‘g‘ri yoritiladi [O‘zbekiston tarixi. I-kitob. 2018, 173 b.]. Aleksandr Sirdaryo bo‘ylariga chiqib olgach, bu yerda uni do‘stlarcha sovg‘a-salomlar bilan Tanais (Sirdaryo)ning narigi tomonidan tiaytaradarayya saklari kutardi. Aleksandr sak elchilarini garovda qoldirib, o‘z odamlaridan bir kishini Tanais ortidagi saklar yurtiga ayg‘oqchilik maqsadlarida yuboradi. Xuddi shu paytda Aleksandr Samarqanddan chopar kelib, Spitaman boshchiligida shaharda unga qarshi qo‘zg‘olon ko‘tarilganligi xabarini beradi. Spitaman Samarqandni egallab, Aleksandrning u yerda qoldirilgan Farnux qo‘mondonligidagi 3000 piyoda, 800 otliq qo‘shinlarini qirib tashlaydi. Aleksandr zudlik bilan Samarqandga yo‘l oladi. Aleksandr ketishi bilan Xo‘jand qal’asida garovga qoldirilgan saklar bosh ko‘taradilar va yunon qo‘shinlarini qirib tashlaydilar. Bu biron marta jangda mag‘lubiyatga uchramagan Aleksandr uchun nihoyatda katta mag‘lubiyat edi. Mil.avv. 328 yilda Aleksandr Spitaman boshchiligida Samarqandda ko‘tarilgan qo‘zg‘olonni shafqatsizlik bilan bostiradi va shaharni ikkinchi marta egallaydi. Diodor bergan ma’lumotlarga ko‘ra “Aleksandr qo‘zg‘olon ko‘targan sug‘diylarni yengib,120 ming aholini qirib yubordi”, uning ikkinchi bosqichida “u baqtriyaliklarga jazo berib, sug‘diylarni qaytadan o‘ziga bo‘ysundirdi va joylarda qal’alar barpo etdi”. Qo‘zg‘olonning uchinchi bosqichida “qo‘zg‘olon ko‘targan sug‘diylarning tog‘larga qochib yashiringanlari asirlikka olindi” [Asqarov, 1994,189 b.]. Ana shu davrdan e’tiboran Aleksandr uchun Spitaman eng asoosiy va dahshatli raqibga aylandi. Mil.avv. 328 yilda Spitaman Baqtriyada va quyi Zarafshonda yunon-makedonlarga qarshi hujum uyushtiradi. Ammo janglar muvaffaqiyatsiz tugab, Spitaman saklar bilan cho‘lga qochishga majbur bo‘ladi. Saklar Aleksandrning ko‘chmanchilar yeriga hujumga tayyorgarlik ko‘rayotganidan xabar topib, Spitamanni o‘ldiradilar. Nima bo‘lgan taqdirda ham Spitamanni dushman emas, balki xiyonat o‘ldirgan edi. Voqealar rivojini tahlil qilar ekanmiz, o‘sha paytda qudratli qal’a (Xorien yoki Sizimitar qal’asi) So‘g‘diyona va Baqtriya chegaralaridagi tog‘larda joylashgan bo‘lgan. Bu yerda Xorienning oila a’zolari hamda yaqin qarindoshlari, tarafdorlari va xizmatkorlari yashiringan edi. Xorien o‘z ixtiyori bilan Aleksandrga bo‘ysunishga rozi bo‘lgan. Albatta, Oksiart va Xorienga o‘xshash shaxslar o‘z hayotini, tinchligini va mol-mulklarini himoya qilganlar. Jasur Spitaman ham o‘zini asrab-saqlashi mumkin edi, ammo u chet el bosqinchilariga qarshi ona zamin-Vatanning mustaqilligi uchun kurashdi. Spitaman uchun Vatanni himoya qilish muqaddas burch bo‘lgan             [O‘zbekiston tarixi. I-kitob. 2018, 172 b.]. Rus olimi V.V.Grigorev vatanparvar sug‘diylarga va ularning boshlig‘i Spitamanga hurmat-izzat bilan yuksak baho bergan: “Agar Doro Aleksandrdan o‘z podsholigini himoya qilolmagan bo‘lsa, Bess razil nomard chiqqan bo‘lsa ham, ammo bu yerda, Turonda shunday yuraklar topildiki, ular chet elliklarga bo‘ysunish sezgisiga itoat etmadilar, shunday qo‘llar topildiki, ular chaqirilmagan begonalarga qarshi xalq qasosini namoyon etdilar” [ O‘zbekiston tarixi. I-kitob.2018, 173 b.]. Yana shuni ta’kidlagan bo‘lar edik, Spitaman tajribali davlat arbobi va sarkarda bo‘lib, u bosqinchilarni ona yurtidan haydab chiqarish uchun imkoniyati bo‘lgan barcha tadbirni ko‘rdi, har bir vaziyatdan unumli foydalanishga harakat qildi. U mohir sarkarda bo‘lib, dushmanning kichik xatosidan- unumli foydalanar va uning zaif tomonlarini topishga harakat qilardi. Ammo Aleksandr harbiy kuch-qudrati jihatidan Spitamandan-da ustun edi. Spitaman halok bo‘lganidan so‘ng tog‘ qal’alari qo‘zg‘olon o‘choqlariga aylanadi. Yozma manbalarda eslatilgan “Sug‘d qoyasi”(yoki “Arimaz qoyasi”), “Xorien qal’asi”  shular jumlasidandir. Xulosa qilib aytganda, yunon – makedon bosqinchilariga qarshi uch yil davomida kurash olib borar ekan, O‘rta Osiyo xalqlari mislsiz jasorat na’munalarini ko‘rsatdilar. Ular yunonlar o‘ylaganidek, “varvarlar” va madaniyatdan orqada qolgan emas, balki o‘z davrining yuksak harbiy san’ati va madaniyatiga ega ekanliklarini namoyish etdilar.  Aleksandr qo‘shinlari butun Sharq davlatlarini o‘zlariga bo‘ysundirganlarida ham So‘g‘diyona va Baqtriyadagi kabi qattiq qarshilikka uchramagan edi. Bu holni Aleksandr tarixini yozgan ko‘pgina antik davr tarixchilari ham xolisona e’tirof etadilar. O‘zbekiston hududlarida yashagan mahalliy aholi o‘z ozodligi hamda mustaqilligi yo‘lida bir tan va bir jon bo‘lib harakat qilganlar. Ammo kuchlar nisbati va harbiy texnikaning teng emasligi ko‘p hollarda bosqinchilar ustunligini ta’minlashga xizmat qilgan. Shunga qaramasdan, bunday holatlar jonajon davlatchiligimiz tarixida muhim va shonli iz qoldirdi. Foydalanilgan adabiyotlar: 1.Sulaymonova F. Sharq va G‘arb. T. : “Fan”, 1992. 2.Asqarov A. O‘zbekiston tarixi. T.:  “O‘qituvchi”, 1994 3.Sh.Karimov, R.Shamsutdinov. Vatan tarixi. I-kitob T.: “O‘qituvchi”, 1997. 4.O‘zbekiston tarixi.T.: “Universitet”, 1999.
  1. R.Shamsutdinov., Sh.Karimov. Vatan tarixi. I-kitob. T.: “Sharq”, 2010.
  2. O‘zbekiston tarixi. I-kitob.T.: “Fan”, 2018.