Yangi O‘zbekiston – maktab ostonasidan boshlanadi” Zomin tumani 26- umuta’lim maktabida bo‘lib o‘tgan tadbir ana shunday nomlandi.
Jizzax davlat pedagogika instituti hamda Jizzax viloyat halq ta’limi boshqarmasi hamkorligida tashkil qilingan ushbu tadbir Zomin tumanidagi 26 umuta’lim maktabida bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ta’lim tarbiya tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4884 sonli qarorini ijrosini ta’minlash maqsadida tashkillashtirilgan ushbu tadbir “Mo‘yqalam sehri”, “Musiqiy tarannum”, “Sport sog‘lik garovi” mavzularidagi institut talaba yoshlarinig ko‘rgazmali namoyishi bilan boshlandi.
Shundan so‘ng institut professor-o‘qituvchilari o‘zlariga belgilangan sinflarga kirib Mahorat darslarini boshlab yuborishdi. O‘ziga xos, suhbat tarzda bo‘lib o‘tgan darslarda o‘quvchi yoshlar kelajakdagi orzu va maqsadlari haqida so‘zlab berishdi. O‘z navbatida ustozlar o‘quvchilardagi fanlarga bo‘lgan qiziqish va intilishlariga qarab kerakli tavsiyalarni ham berib o‘tishdi.
Ta’kidlash joiz Zomin tumani “Tig‘iriq” QFY dagi 26 o‘rta ta’lim maktabida bugungi kunda 350 nafarga yaqin o‘quvchilar tahsil olishadi. Ularga 40 nafar pedagoglar ta’lim -tarbiya berishadi. Afsus bilan qayd mumkinki, bu yil ushbu ta’lim maskanini 37 nafar bitiruvchi bitirgan bo‘lsada ulardan atigi 1 nafari Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirgan bu esa juda achinarli holat. Oliygoh va maktab o‘rtasidagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va mana shunday vaziyatlarga barham berish.
O‘quvchi yoshlarni iqtidori va bilimiga qarab kasbga yo‘naltira bilishkabi ezgu maqsadlarni amalga oshirishga bag‘ishlangan ushbu tadbirni Jizzax davlat pedagogika institutining ilmiy kengashi hamda maktab pedagogika kengashining kengaytirilgan qo‘shma majlisi davom ettirdi. Unda asosan institutga biriktirilgan umumiy o‘rta ta’lim maktablarni ilg‘or tajribalarni joriy qilish maydonchasiga aylantirish, o‘qituvchining IT kompetensiyalarini shakllantirish, ilmiy-tadqiqot faoliyatni yanada rivojlantirish uchun nimalarga e’tibor qaratish lozimligi xususida so‘z bordi. So‘zga chiqqanlar bu borada o‘z fikr mulohazalari va takliflarini ham bildirib o‘tishdi.
Ikki taraflama hamkorlik ta’lim sifatini oshirish bilan bir qatorda kelajakda yetuk kadrlarning yetishib chiqishiga xizmat qilishi yana bir bor ta’kidlandi. Tadbir so‘ngida institut jamoasi maktab o‘quvchilari uchun proektor va kitoblarni taqdim etishdi. Tadbirga institut Musiqiy ta’lim yo‘nalishi talabalaridan tashkil topgan badiiy jamoaning mahoratli chiqishlari yakun yasadi.
Jizzax davlat pedagogika instituti axborot xizmati