Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.
Yangiliklar
Yangiliklar
|
22/04/2020
Chop etish
RAMAZON MUBORAK …

Go‘zal diyorimizga muborak Ramazon oyi kirib kelmoqda. Bu oy – musulmonlar tomonidan alohida ahamiyat bilan kutib olinadigan oydir.

Ramazon oyida Qur’on nozil bo‘lgan, bu esa Ramazon oyining fazilatlarini yanada ziyoda qiladi. Ro‘za insonning sog‘ligiga shifo bo‘lsa, Qur’on uning ruhiyatiga shifodir. Bu oy musulmon kishi uchun tarbiya, mehr-shafqat oyidir.

Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam Ramazon oyida imon bilan, savob umidida ro‘za tutganlarning gunohlari mag‘firat qilinishi haqida marhamat qilganlar:

Ya’ni, Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ramazonda imon  ila savob umidida ro‘za tutsa, uning oldingi gunohlari mag‘firat qilinadi. Kim Ramazonda imon  ila savob umidida qoim bo‘lsa, uning oldingi gunohlari mag‘firat qilinadi. Kim “Laylatul qadr”da imon  ila savob umidida qoim bo‘lsa (bedor o‘tkazsa), uning oldingi gunohlari mag‘firat qilinadi”, dedilar”..

Musulmon kishining yil davomida ado etib yurgan namoz, sadaqa va shu kabi yaxshi amallari bandalik bilan sodir etilgan gunohlarini ketkazib turadi. Ammo bulardan ham ortib qolgan gunohlari bo‘lsa, u gunohlar Ramazon bilan ketkaziladi.

Ramazon oyi kelganida Payg‘ambarimizning (s.a.v) saxovatlari yanada oshib ketar ekan. Biz ham janobning ummatlari ekanmiz, u zotdan o‘rnak olib, ramazon kunlari oilamizga, qarindosh-urug‘larga, mahallamizdagi beva-bechoralarga, kam ta’minlangan qariyalarga qo‘limizdan kelganicha moddiy yordam berishimiz, bemorlarni borib ko‘rishimiz kerak. Chunki bu amallar, ayniqsa, ushbu muborak oyda ko‘p savob bo‘ladigan ishlardir.

Inson gunohlardan xoli emas. Gunohlar musulmon kishi uchun xuddi badanga yetgan zahar kabidir. Zaharlangan tanaga zaharni ketkazuvchi vosita qanchalik muhim bo‘lsa, musulmon kishiga ham gunohlarini yuvish uchun Ramazon ro‘zasi shunchalik muhimdir.

Demak, bu oy tavba qilishga, istig‘for aytishga, savoblarni ko‘paytirishga va qalblarimizni sayqallashga eng yaxshi fursatdir. Ro‘za inson tarbiyasi uchun muhim dastur hisoblanadi. Ya’ni, ro‘za sababidan hayot tarzimizni to‘g‘rilab, nafsimizni jilovlab olamiz. Bu oyda qilgan xayru sahovatimiz, oila, qavmu qarindosh, qo‘ni qo‘shnilarga ko‘rsatgan mehribonchiligimiz va xolis qilgan duolarimizning ajru mukofotlari, inshoalloh katta bo‘ladi. Bu bilan inson shar’iy istiqomat ne’matining halovatini topadi. Natijada, Ramazondan keyin ham bu halovatni qo‘ldan bermaslikka urinadigan bo‘lib qoladi. Ana shu o‘rinda ramazonning hikmati namoyon bo‘ladi. Ramazon oyining ulug‘ligi va fazlidan, har bir ezgu ishga beriladigan  savobning barakotidan umid qilib yaqin qo‘shnilarimiz, qarindosh-urug‘larimiz orasida moddiy-ma’naviy ko‘makka muhtoj insonlar bo‘lsa, ana shulardan boshlamog‘imiz muborak dinimiz targ‘ibotiga muvofiqdir.

Hadisi sharifda: “Kimiki bir ro‘zadorga iftorlik qilib bersa, unga ham ro‘za savobi berilur”, – deyilgan (Termiziy rivoyati).

Azizlar kirib kelayotgan Ramazon oyini barcha yurtdoshlarimizga muborak qilsin! Vatanimizni tinch-omon qilsin! Bu oydan gunohlari mag‘firat qilingan bandalardan bo‘lib chiqmoqlikni barchamizga nasib aylasin! Omin!

Jizzax davlat pedagogika  instituti axborot xizmati .

 

 

 


Ulashish:
895
Boshqa rubrikalarda mashhur

Universitetda kafedralar o‘rtasida tajriba almashinuvi yo‘lga qo‘yildi.
Ta’lim sifatini oshirish, sun’iy intellektni ta’lim jarayoniga qo‘llash hamda professor-o‘qituvchilarning kasbiy salohiyatini yanada rivojlantirish maqsadida universitetda kafedralar o‘rtasida samarali tajriba almashinuv tizimi yo‘lga qo‘yildi.
JDPU talabalari harbiy qismda o‘quv-amaliy mashg‘ulotlarda ishtirok etmoqda.
Vatan himoyasi – har bir fuqaroning muqaddas burchi.
Kitobxonlik Tanlovining Ikkinchi Bosqichi: Zakovat Intellektual Bellashuvi O‘tkazildi.
Universitet rektori tashabbusi bilan tashkil etilgan kitobxon talaba tanlovining ikkinchi bosqichi bo‘lib o‘tdi. Birinchi bosqich — test sinovi bo‘lib, unda talabalar o‘qigan kitoblari bo‘yicha bilimlarini...