Joriy yilning 22 yanvar kuni Jizzax viloyat axborot-kutubxona markazida Jizzax viloyat hokimligi, Jizzax davlat pedagogika instituti axborot-resurs markazi hamda Jizzax viloyat televideniyasi hamkorligida O‘zbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti I.Karimovning 80 yilligi munosabati bilan “Sayyor kitoblar karvoni” haftaligining ochilish marosimiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi. Tadbirda JDPI axborot-resurs markazi xodimlari O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti I.Karimov hayoti va faoliyatini yorituvchi “Qalbimizda mangu yashaysiz” mavzusidagi adabiyotlar ko‘rgazmasi bilan ishtirok etdi.
Tadbirni viloyat hokimi o‘rinbosari B.To‘xtamishev kirish so‘zi bilan ochib berdi: “I.Karimovning Vatanimiz ravnaqi, yurtimiz tinchligi va xalqimiz farovonligiga qo‘shgan ulkan hissasi, u kishining sermazmun hayoti hamda faoliyatining yosh avlod tarbiyasida tutgan o‘rni beqiyosdir”.
So‘ngra, viloyat Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi, senator G.To‘raeva so‘zga chiqib, I.Karimovning ta’lim sohasini isloh qilish va modernizatsiyalash yo‘lidagi sa’y-harakatlari yoshlarning turli sohalarda mamlakatimiz va jahon miqyosida ulkan yutuqlarini qo‘lga kiritishda muhim omil bo‘lib xizmat qilganligini alohida ta’kidladi.
Tadbirni institut rektori, professor A.J.Xolbekov davom ettirib, O‘zbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti I.Karimovning bunyodkorlik va yaratuvchanlik fazilatlari haqida gapirib, yurtimizda bunyod etilgan binolar, inshoatlar, madaniy maskanlar to‘g‘risida shuningdek, yoshlarning bilim olishlari uchun yaratilgan imkoniyatlar to‘g‘risida fikr yuritdi va talaba-yoshlarni I.Karimovning faoliyat xronikasi bilan yaqindan tanishishga, uning asarlarida ilgari surilgan konseptual g‘oyalarning jamiyat hayotidagi ahamiyatini to‘la o‘rganishga chaqirdi.
Haftalikning ochilish marosimi badiiy -musiqiy chiqishlar bilan davom etdi. Musiqiy chiqishlarda Jizzax san’at kolleji o‘quvchilari o‘z badiiy mahoratlari bilan faol ishtirok etdilar.
Tadbirni viloyat axborot-kutubxona markazi direktori H.Qudratova yakunlab, “Sayyor kitoblar karvoni” haftaligi tuman markazlarida davom etishini ta’kidlab, barcha kitobsevarlarni mazkur tadbirlarda faol ishtirok etishga chaqirdi.