Onlayn muloqot hamkorlikning muavaffaqiyatli davomidir…
Onlayn muloqot hamkorlikning muavaffaqiyatli davomidir…
Xabaringiz bor joriy yilning fevral oyi boshida Najmiddin Erbakan nomidagi Turkiya davlat universitetining professsori Birol Merjan rahbarligidagi delegatsiya a’zolari Jizzax davlat pedagogika institutiga tashrif buyurib, ikki oliy ta’lim muassasasining barcha sohalari bo‘yicha hamkorlik aloqalarini kengaytirish doirasida Hamkorlik memorandumini imzolash uchrashuv bo‘lib o‘tgan edi. Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Turkiya oliy ta’lim tizimidagi ikki tomonlama hamkorlik aloqalarning bugungi holati va uni yangi bosqichga ko‘tarish imkoniyatlari muhokama etildi. Jumladan, o‘qituvchi va talabalar almashinuvi, talabalarning Turkiya oliy ta’lim muassasasida ta’lim olish uchun grantlar ajratish, tibbiyot, informatika, matematika, fizika, pedagogika kabi yo‘nalishlardagi hamkorlikni kuchaytirish yuzasidan fikrlar almashilgan edi.
Kecha Jizzax davlat pedagogika instituti rektori Sh.S.Sharipov va Najmiddin Erbakan nomidagi Turkiya davlat universitetining rektori Cem Zorlu boshchiligida bo‘lib o‘tgan onlayn uchrashuv o‘zaro hamkorlikning muvaffaqiyatli davomi desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Onlayn uchrashuv dastlab tomonlar oliygohlar ta’lim jarayonlari, o‘zlari istiqomat qilayotgan viloyat va tarixiy obidalar, universitet tarixi haqida ma’lumotlar berish bilan boshlandi. So‘ngra yaqindan tanishish va maqsadli rejalarni belgilab olish maqsadida ikki tomon fakultet dekanlari, bo‘lim boshliqlari va kafedra mudirlari o‘z takliflarini berishdi. Jumladan, JDPI tomondan Tibbiyot fakulteti, Matematika va informatika fakulteti dekanlari, Xorijiy tillar kafedra mudirlari kelgusidagi hamkorlik rejalari va takliflarini bildirishdi. Xuddi shuningdek, Najmiddin Erbakan nomidagi Turkiya davlat universitetining Pedagogika, Tibbiyot, Muhandislik fakultetlari dekanlari ham istiqbolli rejalari va takliflarini aytib o‘tishdi. O‘zaro muloqot jarayonida ikki oliy o‘quv yurti o‘rtasida talaba va professor-o‘qituvchilar almashuvi, N. Erbakan davlat universitetidagi tajribali professor-o‘qituvchilarning onlayn ma’ruzalarini tashkil etish, qo‘shma ta’lim dasturlari, ilmiy izlanishlar olib borayotgan yosh olimlarning malaka oshirishi borasida bir qator takliflar o‘rtaga tashlandi. Uchrashuv so‘ngida IT, pedagogika, tibbiyot, Xorijiy tillar sohalarida o‘zaro aloqalarni kengaytirish, amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qilish, ikki universitet o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish, shu bilan birga, taklif va mulohazlarni o‘rganib har bir yo‘nalish bilan alohida onlayn seminar tashkil etishga kelishib olindi.