“Motivatsiya bekatida” raxbarlar va yoshlar uchrashuvi
Jizzax davlat pedagogika institutida 17-noyabr Xalqaro talabalar kuni munosabati bilan “Motivatsiya bekati” tadbiri tashkil etildi. Unda DXA Jizzax viloyat boshqarmasi boshlig‘i Bobur Umurzakov va viloyat Adliya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Akmal Ergashev ishtirok etdi. Talabalar bilan uchrashuv avvalida mehmonlar institut rektori Sh.Sharipov boshchiligida “Talabalar do‘stligi uchun” deb nomlangan bannerga o‘z dil izhorlarini yozib qoldirishdi. Shundan so‘ng “Yashil makon” loyihasi doirasida institut hovlisiga ramziy ko‘chatlar ekildi.
Tadbirning asosiy qismi hisoblanmish iqtidorli talabalar ishtirokidagi uchrashuvni institut rektori Sh.Sharipov ochib berdi. Samimiy, ochiq muloqot tarzida o‘tkazilgan uchrashuv davomida mehmonlar bugungacha erishgan yutuqlari, hozirda amalga oshirayotgan ishlari xususida so‘z yuritishdi.
“Bu kabi tadbirlarni o‘tkazishdan maqsad talaba yoshlarni orzu –istaklariga erishish yo‘lida tinimsiz izlanish va harakat qilishlari uchun motivatsion fikrlarni berish va ularni ruhlantirish”-deydi institut rektori Sh.Sharipov.
Kecha davomida talabalar badiiy dastur va sahnaviy chiqishlari bilan yig‘ilganlarni xushnud etishdi. Rahbar bo‘lish, bungacha bosib o‘tilgan yo‘l, harakat va izlanish, maqsad va istaklar, ularni amalga oshirish … xuddi shu mazmundagi savollarga mehmonlar tomonidan hayotiy misollar orqali berilgan javoblar talaba yoshlarni chinakamiga ruhlantirdi desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Kecha so‘ngida faol talabalarga mehmonlar tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.