Xojiyeva Sarvinoz Sadridinovna
J.D.P.I. Kimyo va uni o’qitish metodikasi kafedrasi o’qituvchisi
Eksperimental va nazariy fan bo’lgan kimyoni o’qitishda o’quv eksperimenti eng yuqori o’rinni egallaydi. O’qitishdagi kimyoviy eksperiment kimyoviy hodisalarni o’quvchilarga yaqindan tanishish imkoniyatini berib qolmasdan, balki kimyo fanining metodlarini egallashga yordam beradi. Kimyo o’qitishni tashkil etish murakkab jarayon bo’lib, uning sifatli va samarali yo’lga qo’yilishi ko’pgina omillarga bog’liq. Eng avvalo, o’qitish usul va metodlari, vositalari va o’qitish texnologiyalari, kimyo o’qituvchisining mehnatini ilmiy asosda tashkil etish, dars va darsdan tashqari ishlarni maqsadga muvofiq holda yo’lga qo’yish, o’quvchilar bilimini nazorat qilish, kuzatish va to’g’ri baholash, og’zaki va yozma kimyoviy nutqni tugal shakllantirish maktab kimyo ta‘limining asosiy maqsad va vazifalarini tashkil etadi.
Bularning hammasi bir-biriga o’zaro bog’langandir. Masalan, kimyoviy reaktsiyaning borish qonuniyatini bilmasdan turib uni amalga oshirish mumkin emas. Eksperimentsiz o’rganilayotgan obyekt to’g’risida to’liq bilimlar egallanmaydi.
Kimyodan eksperiment ishlarini bajarish ilmiy boshqarish imkoniyatlari osha borishiga binoan o‘quv materialini o‘zlashtirishning quyidagi uch darajasi farqlanadi:
- O’quv materialini obrazim ongda shakllantirish. Bu darajada kimyodan o‘zlashtirilgan eksperiment ishlarini bajarishga oid bilimlarga o’quvchi ko’nikadi.
- O’quv materialining ongda shakllangan, obraziga ishlov berish. O‘zlashtirishning ikkinchi darajasiga ko’tarilgan o‘quvchi o’quv-ijodiy faoliyatida kimyodan eksperiment ishlarini bajarishga oid nazariy bilimlari avtomatlashib, malakaga aylanadi, faoliyat jadallashadi.
- Kimyodan eksperiment ishlarini bajarishda nazariy bilimlarning tushunchaga aylanishi. O’quvchi o‘rganilgan nazariy bilimlarga o‘z munosabatini bildiradi. Kimyodan exsperiment ishlarini bajarishda nazariy bilimlarining amaliyotda qo’llanilishini to’liq anglaydi. O‘quvchi kimyodan exsperiment ishlarini bajarish jarayonidagi nazariy bilimlari vositasida fikrlay boshlaydi. Boshqacha aytganda, bilimlar fikrlash shakliga aylanadi. Agar eksperiment tushuntirib o’tkazilsa, uning mohiyatini bilib olish qiymati yuqori bo’ladi. Tajribalar kam o’tkazilsa ham, u o’quvchilarga tushunarli bo’lishi kerak. Demonstratsion eksperimentga qo’yiladigan asosiy talablardan biri uni bajarish texnikasiga katta e‘tibor berilishidir. O’qituvchi yo’l qo’ygan tajriba bajarish texnikasidagi kichik xato o’quvchilar tomonidan ko’p marta qaytarilishi mumkin. Demonstratsion eksperimentga qo’yiladigan talablar:
1.Yaqqol ko’rinish.
- Oddiylik.
- Eksperiment xavfsizligi.
- Ishonchlilik.
- Eksperimentni tushuntirish zarurligi.
Yuqorida keltirilgan talablar asosida tajribalarni demonstratsiya qilishning quyidagicha metodikasi taklif qilinadi.
- Tajribani qo’yish maqsadlarini o’quvchilar tajribani nima sababdan qo’yilayotganini va uning natijalarni bilishi kerak.
- Tajriba o’tkazildigan asbobning tavsifi, tajriba o’tkazish sharoiti, kerakli reaktivlar va ularning xossalari.
- O’quvchilarning kuzatishini tashkil qilish. O’qituvchi o’quvchilarga asbobning qaysi qismini kuzatish va reaktsiyaning tashqi belgisini kuzatishni tushuntirishi kerak.
- Xulosa va nazariy asoslash.
Kimyo o‘qitishda eksperiment ma’lum maqsad va natijalarni ko’zlab amalga oshirilishi hamda pedagogik samaradorlikka olib kelishi lozim. Kimyoviy eksperiment nafaqat o’quvchilarda uni o’tkazishga oid ko’nikma va malakalarni shakllantiradi, balki o’quvchilar tomonidan egallangan bilimlarning haqqoniyligini asoslab beradi.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR
- Xojiyeva S.S. Bo`lajak kimyo o`qituvchilarining 4+2 amaliyotida metodik tayyorgarligini rivojlantirish. O‘ZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETI XABARLARI, 2022, [1/12/1] ISSN 2181-7324. https://science.nuu.uz/ 155.
- Ahadov M.Sh. “Kimyoni o’qitishda zamonaviy texnologiyalar” darslik. “Navoiy” nashiryoti.56-60 bet.
- Raxmatullayev N.G’., Omonov H.T., Mirkomilov Sh.M. Kimyo o’qitish metodikasi . – Toshkent: ”Iqtisod – Moliya”,2013.B-231.
- Sharipov Sh.R., Xojiyeva S.S. (2021). Maktabda kimyoviy eksperimentlar
o’tkazishning ilmiy-pedagogik asoslari. Журнал естественных наук, 1(5). С.42-51.(10)