Skip to main content

Ishonch telefoni: +(99872) 226 68 10

3+1 qo'shma ta'lim dasturi

Belarus davlat pedagogika universiteti bilan qo'shma ta'lim dasturiga marhamat!

Konstitutsiya asosiy qonunimiz!

8-dekabr — O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni

Yuksak vatanparvarlik tuyg‘usi aks etgan qasida!

10-dekabr — O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi qabul qilingan kun

Yangi yil — yangi marralar sari imkoniyat!

Kirib kelayotgan yangi 2024-yilingiz muborak bo’lsin!

Xotira muqaddas – inson qadri aziz!

9-may — Xotira va qadrlash kuni

JDPU 50 yoshda!

Jizzax davlat pedagogika universitetining 50 yoshlik yubileyi muborak bo‘lsin!

JIZZAX VOHASI ETNIK GURUHLARI, ULARNING BO‘LINISHI VA JOYLASHUVI XUSUSIDA

Aqchaev Farrux Shavkatovich – JDPU Ijtimoiy gumanitar fanlarda masofaviy ta’lim kafedrasi mudiri, t.f.b.f.d., dotsent tel.+998976448444.e-mail. akchayev_1984@inbox.ru Annotatsiya. Ushbu maqolada Jizzax vohasi hududiga tarixning turli davrlarida sodir bo‘lgan ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy jarayonlar sababli kelib muqum o‘rnashib qolgan turli etnik guruhlar, ularning ichki tarkibiy bo‘linishi, joylashuvi va xo‘jalik faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlar ilmiy manbalar, statistik va arxiv materiallari asosida yoritilgan. Kalit so‘zlar. Jizzax vohasi, etno-xilma-xillik, etnik guruhlar, tojiklar, qirg‘izlar, qozoqlar, qoraqalpoqlar, eronilar, lo‘lilar. OB ETNIChESKIX GRUPPAX DJIZAKSKOGO OAZISA, IX RASPOLOJENII I RASPOLOJENII Akchaev Farrux Shavkatovich – kafedra distansionnogo obrazovaniya sotsialnыx i gumanitarnыx nauk JDPU rukovoditel, k.i.n., dotsent Abstraktnыy. V dannoy state osveщayutsya svedeniya o razlichnыx etnosax, ix vnutrennem strukturnom delenii, razmeщenii i xozyaystvennoy deyatelnosti, poselivshixsya v Djizakskom oazise v svyazi s sotsialnыmi, ekonomicheskimi i politicheskimi protsessami, proisxodivshimi v raznыe istoricheskie periodы. na osnove nauchnыx istochnikov, statisticheskix i arxivnыx materialov. Klyuchevыe slova. Djizakskiy oazis, etnoraznoobrazie, etnosы, tadjiki, kirgizы, kazaxi, karakalpaki, iransы, sыgane. ON THE ETHNIC GROUPS OF THE JIZZAH OASIS, THEIR DIVISION AND LOCATION Akchayev Farrukh Shavkatovich – JSPU chair of distance education in social and humanitarian sciences head, Ph.D., associate professor Abstract. In this article, the information about the various ethnic groups, their internal structural division, location and economic activity, which settled in the Jizzakh oasis due to the social, economic and political processes that took place in different periods of history, is highlighted on the basis of scientific sources, statistical and archival materials. Keywords. Jizzakh oasis, ethno-diversity, ethnic groups, Tajiks, Kyrgyz, Kazakhs, Karakalpaks, Iranians, Gypsies. Jizzax vohasining o‘ziga xos geografik joylashuv xususiyatlari qadimdan o‘troq, yarim o‘troq dehqon va chorvador aholining shimoldan janubga, janubdan shimolga, sharqdan g‘arbga, g‘arbdan sharqqa tomon siljishlarida o‘ziga xos etnomuloqot hududi bo‘lganligini tasdiqlaydi. Shu bilan birga o‘troq va yarim o‘troq aholining muqim yashab qolishi, xo‘jalik yuritishi uchun barcha tabiiy sharoitlarni yaratgan, hududda qishloq xo‘jaligi, chorvachilik doimiy va mavsumiy tarzda rivojlanib borgan hamda  ko‘chmanchi chorvachilikning o‘troq dehqonchilik xo‘jaligi bilan mushtarak rivojlantirish imkoniyati ko‘plab etnik guruhlarni bu joyga ko‘chib kelib o‘rnashishlariga sabab bo‘lgan. Voha aholisi bugungi kunda etnik jihatdan murakkab tarkibga ega bo‘lib, o‘zbeklar – 89,0%, qirg‘izlar – 3,1%, tojiklar – 3,0%, qozoqlar – 2,1%, ruslar – 0,7%, boshqa millatlar – 2,1% tashkil qilib, Jizzax viloyatida O‘zbekiston Respublikasi aholisining 4,1% iistiqomat qiladi. Jumladan, o‘zbeklar – 1208,7 ming nafar, qirg‘izlar – 41,6 ming nafar, qozoqlar-28,4 ming nafar, tojiklar-31,6 ming nafar, ruslar-14,9 ming nafar, tatarlar-6,4 ming nafar koreyslar-2,7 ming nafar, turkmanlar-0,4 ming nafar, qoraqalpoqlar-0,2 ming nafar boshqa millat va elatlar vakillari-17,3 ming nafarni tashkil etadi[5]. Vohaning o‘troq aholisi turli tarixiy davrlarda ko‘chib kelgan urug‘ va qavmlarning mushtarak etnik birligini tashkil qilsada, o‘zining kelib chiqishi, urf-odatlari va ayrim milliy an’nalarini saqlab qolganligi bilan bir-biridan ajralib turgan. Jizzax vohasi va unga tutash mintaqalarda yashagan aholi etnik tarkibi va turmush tarzi xususidagi yozma ma’lumotlar asosan  XIX asr 60-90 yillari va XX asr 20-yillariga doir ayrim statistik materiallar uchraydi[15, B.75]. Shuningdek,  XIX asr oxirlaridagi statistik ma’lumotlarda Jizzax uezdi volostlarida aholining joylashuvi, xo‘jaliklar va aholi soni, bog‘ va tomorqa ekinining yer maydoni, chorva soni to‘g‘risida qimmatli ma’lumotlar beradi. Bu statistik ma’lumotlarda 1871 yilda Jizzax uezdida 157 ta qishloq, 7 104 ta oila – xo‘jalik, 22 725 tadan ortiq aholi, shundan Jizzax shaxrida va ja’mi uezd bo‘yicha rusiyzabon aholi oila-xo‘jaligi 70 tadan ortiq, ja’mi 91 kishi istiqomat qilganligi ta’kidlanadi[2, B.50-51]. Jizzax viloyatining tog‘ va tog‘oldi, tekislik hamda cho‘l hududlari aholisi joylashuvi va etnik guruhlarining rang-barangligi bilan ham nisbatan farq qilgan. Jumladan, Jizzax shahri, Sh.Rashidov, Baxmal, Zomin, Forish va G‘allaorol tumanlarida turli o‘zbek urug‘ vakillari bilan bir qatorda boshqa millat va elatlar ham istiqomat qiladi. XX asr 1903-1905 yillardagi arxiv statistik ma’lumotlariga e’tibor qaratilsa, tadqiq etilayotgan hududda asosan ko‘psonli millatlar qirg‘iz va tojiklar tashkil etganligini ko‘rishimiz mumkin. XX asr boshlaridagi statistik va arxiv ma’lumotlarida tojiklar asosan Jizzax uezdining Bag‘don uchastkasiga tegishli Bag‘don, Sintob volostlarida (jami 10303 kishi shundan 6 284 tasi erkak, 5012 tasi ayol), Yangiqo‘rg‘on uchastkasisiga tegishli Sangzor volostida Saribozor va Avliyo qishloqlarida 53 xo‘jalik, jami 228 kishi, eronilar esa Saribozor qishlog‘ida (jami 11 xonadon, 50 kishi), Zomin uchastkasiga tegishli Zomin volostida (ja’mi 1 269 kishi, shundan 702 ta erkak, 567 ta ayol) istiqomat qilganligi[2, B.51] to‘g‘risidagi arxiv statistik ma’lumotlari diqqatga sazovor. Qirg‘izlar Jizzax uezdining Bag‘don uchastkasiga qarashli Otaqo‘rg‘on, Chardor, Qizilqum, Fistalitau, Ko‘ktyubin volostlarida (jami 50 914 kishi shundan 26 711 tasi erkak, 24 203 tasi ayol), Yangiqo‘rg‘on uchastkasiga qarashli Chashmaob volostida ( jami 202 kishi shundan 149 tasi erkak, 53 tasi ayol), shuningdek, uezd markazi Jizzax shahrida (jami 11 kishi shundan 7 ta erkak, 4ta ayol) istiqomat qilganligi to‘g‘risida ma’lumotlar qayd etilgan[2, B.51-51]. Bugungi kunda tojiklar asosan vohaning cho‘l mintaqalarida (sovetlar davridagi aholining ko‘chirish siyosati natijasida) uyushmagan holatda shuningdek, asosiy qismi Nurota tizma tog‘ining o‘rta va eng baland qismida  joylashgan Porasht, Uxum, Sentog‘, Katta va Kichik Ej va Keskan kabi yirik qishloqlarda yashaydi. Bundan tashqari voha tojiklari Xoyati, Andigin, Saf, Ustuq Xisor, Keskan va Sumbuloq kabi kichikroq qishloqlarda ham istiqomat qilishadi. Qishloq aholisi esa «urug‘», «avlod», «jamoa» deb ataladigan katta-kichik etnik guruhlarga bo‘lingan. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, bu avlod va jamoalarning nomlari shu qishloq aholisi o‘zini ataydigan o‘zbeklar qabilasi tarkibidagi urug‘lar nomlaridan umuman farq qiladi. Vohaning tojik qishloqlarida quyidagi katta – kichik avlod va jamoalar istiqomat qilishadi: Forish yoki Porasht qishlog‘idagi aholi Qishloqi, Ko‘lmaki, Qoravulbegi va Maxmat-zamoni avlodlariga bo‘linib, bu avlodlar o‘zini tojiklashgan o‘zbeklar deb hisoblashadi. Uxum qishlog‘ida Albaki, Sultoni va Tabaqli yirik etnik guruhlar vakillari istiqomat qiladilar. Mojarum qishlog‘ida asosan Sayfi, Xalachi va Xunuksoyi avlodlari yashashadi. Eng yirik tojik qishloqlaridan biri hisoblanadigan Sentog‘ qishlog‘ida aholi Mulloi, Solili, Xofizi, Najmiddini, Tamuri, Boqiy, Sulton-Xusain, Yodgori, Ayoni, Eshmaxammadi,  Bayrami va  Qurama avlodlariga bo‘linadi. Ej nomli tojik qishlog‘ida Qozigi, Chalmagi, Mulloy, Shoxi jamoalari istiqomat qiladilar[4, B.12-13]. Tadqiqotchilarning ilmiy izlanishlarida qayd etilganidek, qirg‘izlar asosan Baxmal tumanining tog‘li Obay, Shaybek, Sutlibuloq, Duvlot, Chayish, Surunchak, Qorasuv, Jilbuloq, So‘pi, Jadik, qirg‘iz Tangtopti, Muzbuloq qishloqlarida, shuningdek, Zomin tumanining Qoramozor, Duoba, Qorang‘isoy, Karimsoy qishloqlarida, Do‘stlik va Paxtakor tumanlarida ko‘pchilikni tashkil etadi[2, B.50]. Qirg‘izlarning “Boyteyit” urug‘iga mansub “Bayan» to‘pi: Baxmal tumani Obay, Sutlibuloq, Duvlat, Chayish, Surunchak qishlog‘ida, Qutoli to‘pi Qorasuv, Jilbuloq, So‘pi qishloqlarida, Kutike to‘pi: Jadik, qirg‘iz Tangatopti qishlog‘ida, Qashqa to‘pi: Zomin tumani va Mirzacho‘l tumanlarida, Oriq to‘pi: Jadik qishlog‘ida, hamda Choponteyit urug‘iga mansub, Jimur to‘pi: Muzbuloq va Jadik qishloqlarida, Chunay to‘pi: Muzbuloq, Oqmo‘la, Qozoqboy to‘pi: Muzbuloq va cho‘l tumanlarida, Soriteyit (teyitlarning katta farzandi) urug‘iga mansub Qurmonbekning 6 bolasi Eshmergan va Qutmergan to‘pi Shaybek qishlog‘ida, Nayman teyit urug‘iga mansub Boyrayim to‘pi: Nayman qishlog‘i, Ko‘kilboy to‘pi: Ko‘kilboy qishlog‘ida, Kesakteyit urug‘iga mansub Berdiboy va Umrzoq to‘pi Obay qishlog‘ida joylashgan[2, B.51]. Jizzax shahri va uning atrofida bugungi kunda kam sonli bo‘lsada o‘zlarining alohida mahallalariga ega bo‘lgan Lo‘lilar va Eronilar istiqomat qilishadi. Jizzax lo‘lilari bu hududlarda ancha qadimdan yarim o‘troq va ko‘chmanchilik hayot tarzida yashab kelishadi. Ularning aytishicha, Jizzaxda birinchi bo‘lib O‘rda atrofiga Qozoqboy lo‘li degan bobokalonlari o‘troqlashgan va bu voqeadan hozirga qadar 4-5 avlod o‘tgan. Axborotchilarning tushuntirishicha lo‘lilarni “jo‘gi” deb ham atashadi. Bunga sabab o‘tmishda ko‘chmanchi va yarim ko‘chmanchi lo‘lilar aksariyat hollarda o‘z kapalarini ichar suvga qulay bo‘lsin deb, ariq bo‘ylariga tikishgan. Tojik tilida ariqni “juy” deb atashadi. Shundan jo‘yi-jugi, ya’ni “ariq labida yashovchilar” ma’nosini beruvchi so‘z kelib chiqqan[11, B.82]. O‘rta Osiyo lo‘lilarining etnik kelib chiqishi, tarixiy taqdiri murakkab masalalardan biridir. Chunki, lo‘lilarning O‘rta Osiyoga kelib o‘rnashishi haqida tarixiy yozma manbalarda ma’lumotlar mavjud emas. Lekin ushbu masalani tadqiq etgan barcha mutaxassislar, xususan A.P.Barannikov, G.P. Snesarev, A.L.Troiskaya, X.X.Nazarov va boshqalar lo‘lilarning asl vatani Hindiston degan ilmiy qarashni ilgari suradilar[1, S.120-122].). A.I.Vilkins va A.P. Barannikovlarning ta’kidlashicha, lo‘lilarning ajdodi Hindistonda ma’lum bir tabaqa (kasta)ni mashshoq va mug‘anniylar, san’atkorlar kastasini tashkil qilgan. Tarixiy manbalardan ma’lumki, Hindistonda hukmronlik qilgan barcha rojalar o‘z saroylarida ko‘plab shunday raqqos, mashshoq va mug‘anniylarni saqlashgan. Uzoq tarixiy davrlar mobaynida tanazzulga uchrab, yo‘qlik sari yo‘nalgan rojalar saroyidagi san’atkorlar ishsiz qolgan. Kasta qonunlari esa ularga boshqa ish bilan shug‘ullanishni man etgan. Chunki, har – bir kasb-kor bilan shug‘ullanuvchi tabaqalar bunga mon’elik qilgan. Buning oqibatida ushbu tabaqaga mansub aholi damba-dam Hindistonni tark etib turgan[10, S.168]. “Lo‘li” atamasi dastlab “Shohnoma”da uchraydi. Fors tili lug‘atida “lo‘li” so‘ziga “qo‘shiq aytuvchi, raqsga tushuvchi odamlar” deb ta’rif berilgan[9,S.442]. I.M.Oranskiyning fikricha, O‘rta Osiyoda ishlatilgan “jugi” etnonimining hindiydagi “tilanchi”, “kambag‘al” ma’nosi, “mo‘ltoni” etnonimining Pokistondagi Mo‘lton shahri bilan izohlanadi. Shuningdek, lo‘lilarning antropologik qiyofasi Hindistonning dravidon tipidagi aholisi bilan juda o‘xshashdir. O‘rta Osiyo lo‘lilari asrlar osha o‘z antropologik qiyofalarini o‘zgartirmaganlar, chunki ularda mahalliy aholi va boshqa xalqlar bilan assimilyatsiyaga kirishish holati deyarli sodir bo‘lmagan. Shuningdek, lo‘lilardagi ba’zi-bir urf-odatlar, masalan, Jizzax lo‘lilarida bugungi kunda ham uchrab turadigan peshonaga xol qo‘yish odati ham ularning ajdodlarini kelib chiqishi Hindistonlik bo‘lganligini tasdiqlaydi. Jizzax shahrining janubiy-g‘arb qismida Yetimtog‘ yoqasida, Sangzorning chap qirg‘og‘ida joylashgan Jizzaxdagi eng katta mahallalardan birida o‘zlarini Eroni deb atovchi etnik guruh istiqomat qiladi. Eronilar, O‘rta Osiyo hududining etnonim guruhi sifatida turli joylarida, xususan, O‘zbekistonning Buxoro, Samarqand, Jizzax, Navoiy, Koson shaharlari va ularning atrofidagi qishloqlarda; Tojikistonning Darvoz, Kulob tumanlarida mo‘jaz yerga to‘plangan aholi qatlami sifatida istiqomat qilishadi. 1926 yilgi aholini ro‘yxatga olish natijalariga ko‘ra Buxoro va Samarqand vohalari hududida 15 ming atrofida eroni etnonimiga taalluqli aholi yashagan[7, S.202]. O.A.Suxarevaning fikricha, eroniy guruhlarning O‘rta Osiyoda paydo bo‘lishi, Eronning shimoli-sharqiy viloyatlariga bo‘lgan talonchilik yurishlari oqibatida yuzaga kelgan. Asirga olingan shialar qul qilinib Xiva, Buxoro, Samarqand bozorlarida sotib yuborilgan[12, S.154-159]. Eronning shimoli-sharqiy sarhadlariga talonchilik yurishlari, aholini asirga olish va qul sifatida sotish XVIII-XIX asrlarda ham davom etgan[3, S.222]. Axborotchilarning aytishlaricha, eronilarning Jizzaxga kelishi 1510 yil voqealari bilan bog‘liq. Tarixdan ma’lumki, Eron shohi Ismoil Safaviy (1487-1524y.) Shayboniyxonni mag‘lubiyatga uchratgandan so‘ng, Samarqand taxtini egallashda Boburga yordam berish uchun Najmi Soniy qo‘mondonligidagi lashkarni safarbar qiladi. Samarqand taxti egallanadi. Lekin, 1513 yilda shayboniyzoda Ubaydulla Sulton (1533-1539) Buxoro atrofidagi Ko‘li Malik mavzeida bo‘lib o‘tgan jangda eronilar qo‘shinini qattiq mag‘lubiyatga uchratadi, jangda Najmi Soniy o‘ldiriladi. Bobur va eronilar qo‘shinining sog‘-omon qolgan juda oz qismi qochib Amudaryoning chap qirg‘og‘iga o‘tib ketadi[11, B.83]. Demak, ularning ilk ajdodlarining Movarounnahrga, xususan, Jizzaxga kelib joylashganligini aynan ushbu tarixiy voqealar bilan bog‘lanadi. Ularning ilk ajdodlarining asosiy qismi Eron Ozarbayjonilik turklar bo‘lgan. Bu xildagi fikrlarni eronilar tarixiga bag‘ishlangan ilmiy asarlarda ham uchratish mumkin[13]. Bugungi kunda Jizzax eronilari bilan Xorazmning Hazorasp, Qo‘shko‘pir tumanlardagi, Buxoro va Samarqand shaharlaridagi eronilar o‘rtasida qarindoshlik aloqalari mavjud. Bundan tashqari, XIX asr oxiri – XX asr boshlariga oida ma’lumotlarda Jizzax uezdining Qo‘rg‘ontepa volostida qoraqalpoqlar ham istiqomat qilgan[8, S.17] ligi keltirilgan. Etnik guruhlarning joylashuv o‘rniga bag‘ishlangan qismida I.Zarubin etnik guruhlarning umumiy soni keltirilgan jadvalida qoraqolpoqlarning Jizzax uezdi bo‘yicha sonini keltirmaydi[6, S.12].  Lekin Jizzax uezdining Qo‘rg‘ontepa, Chordor, Qizilqum va Fistalitov volostlarida 1911-1912 yilgi aholini ro‘yxatga olish ishida qozoq va qoraqalpoqlar yashaganligi ta’kidlanadi. Lekin muallif 1920 yilgi aholini ro‘yxatga olish ishida Jizzax uezdi bo‘yicha 36 ta auldan faqatgina 17 tasida ro‘yxatga olinganligini hisobga olib yuqoridagi ma’lumotlarni inkor qilmaydi[6, S.12]. Umuman oliganda I.Zarubin N.S.Likoshin, V.L.Vyatkin va P.S.Skvarsko ma’lumotlariga tayanib Jizzax uezdida etnik guruxlarning joylashgan hududini aniqlashga harakat qiladi[6, S.12]. Shuningdek vohada qo‘ng‘irot urug‘i vakillari ham Jizzax uezdining Otoqo‘rg‘on, Ko‘ktepa, Qo‘rg‘on-tepa, Fistalitau va Chordor volostlarida yashagan[8, S.17]liklari to‘g‘risida ma’lumotlar saqlangan. Shuni alohida ta’kidlash mumkinki, Jizzax vohasi aholisining etnik tarkibi xilma-xil, katta–kichik o‘zbek qabila va urug‘lari hamda boshqa millat vakillaridan tashkil topgan bo‘lib, ular o‘tgan davrlar mobaynida bir-birlari bilan do‘stona munosabatda bo‘lib, xo‘jalik va madaniy aloqalarini uzviy tarzda olib borgan. Bu jarayonlar bugungi kunda ham o‘zining xususiyatini deyarli yo‘qotmaganligini qayd etish lozim. Xulosa qilib aytganda, o‘zbek xalqining etnogenezi va etnik tarixini o‘rganish tarix fanining murakkab masalalaridan biri hisoblanadi. Shu bilan birga, bu hozirgi kunning muhim muammolaridan biri hamdir. Bugungi kunda jahonda sodir bo‘layotgan etnomadaniy aloqalarning yangilanishi, turli ko‘rinishdagi etnik nizolar kelib chiqayotgan bir sharoitda milliy o‘zlikni anglash, teran tarixiy bilim va tarixiy jarayonlarning etnik rang-barangligida xalqning o‘z munosib o‘rnini aniq-ravshan idrok etishi muhim ahamiyat kasb etmoqda. Yana shuni ham etirof etish kerakki o‘zbek xalqining asosiy o‘zagini tashkil qilgan etnik tarkibiy qismlar qadimdan bir-birilari bilan yaqin do‘stona aloqada bo‘lib kelishganligi yuqorida keltirilgan tarixiy manbalarda ham o‘z tasdig‘ini topmoqda. Bu esa bugungi kunda yer yuzida sodir bo‘layotgan etnik mojorolarga barham berishga o‘ziga xos tarbiyaviy ahamiyatga egadir. Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati: 1.Barannikov A.P. Sыganы SSSR. M: Sentrizdat, 1931. 2.Bobobekov A.D. Zangzor-Zomin mintaqasi aholisining XX asr boshlaridagi etnik tarkibini o‘rganishda statistik va arxiv ma’lumotlarining ahamiyati// Markaziy osiyo madaniyati tarixi va tarixshunosligi masalalari// Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya mteriallari.-T., 2019. 3.Vamberi G. (Arminiyam). Puteshestvie po Sredney Azii. SPb.: 1865. 4.Davlatova H. Jizzax vohasi tojiklari: an’anaviy turmush tarzi, urf-odatlari va marosimlari. Magistr darajasini olish uchun tayyorlagan diss. Jizzax. 2022. 5.Jizzax viloyat hokimligi rasmiy veb sayti. www. Jizzax.uz. tashrif 2020 yil 10-oktyabr. 6.Zarubin I.I. Naselenie Samarkandskoy oblasti, yego chislennost, etnograficheskoy sostav i territorialnoe raspredelenie (s etnograficheskoy kartoy). Leningrad, 1926. 7.Lyushkevich F.D. Nekotorыe osobennosti etnicheskogo razvitiya gruppы ironi v Uzbekistane // Etnicheskie protsessы u natsionalnыx grupp Sredney Azii i Kazaxstana. M.: «Nauka», 1980. 8.Materialы po zemlepolzovaniyu tuzemnago kochevogo naseleniya rayona Golodnoy Stepi. Tashkent, 1914. 9.Miller B.V. Persidsko-russkiy slovar. M.: Gos. Izd-vo slovarey, 1960. 10.Nazarov X.X. Sovremennoe etnicheskoe razvitie sredneaziatskix sыgan // Etnicheskie protsessы u natsionalnыx grupp Sredney Azii i Kazaxstana. M., «Nauka» 1980. 11.Pardaev A. Jizzax bekligi – O‘rta Osiyo xonliklari davrida (XVI asrdan – XIX asrning 60 – yillarigacha). tar. fan.nom. diss.. Tosh. – 2004. 12.Suxareva O.A. Buxara XIX – nach. XX vv. (Pozdnefeodalnыy gorod i yego naseleniya) M.: «Nauka», 1966. 13.Suxareva O.A. Buxara XIX – nach. XX vv. (Pozdnefeodalnыy gorod i yego naseleniya) M.: «Nauka», 1966, s. 153-164; Lyushkevich F.D. Nekotorыe osobennosti etnicheskogo razvitiya gruppы ironi v Uzbekistane // 14.Etnicheskie protsessы u natsionalnыx grupp Sredney Azii i Kazaxstana. M.: «Nauka», 1980, s. 202-212. 15.Tillaboev S. Rossiya imperiyasining Turkistonda ma’muriy-xududiy boshkaruv soxasidagi siesatining ba’zi xususiyatlari // Uzbekiston tarixi.-2005.-№ 3.