JDPI o’qituvchisi Xaydarova Shoira
Аnnotatsiya: Maqolada evfemizmlarni tilshunoslikda o’rganish masalasi ochib berilgan.
Tayanch so’zlar: til, Evfemizm,tabu,pardozlovchi so’zlar,pragmatik
funksiyalar
Evfemizm atamasi grek tilidan olingan bo‘lib, ko‘pchilik mualliflar fikriga ko‘ra, noo‘rin birlikning o‘rinli birlikka almashinuvi sifatida qaraladi. A.A.Reformatskiy “Evfemizmlar taqiqlangan (tabulangan) so‘zlar o‘rniga qo‘llanishga ruxsat berilgan so‘zlar” deya ta’rif beradi. “Lingvisticheskiy ensiklopedicheskiy slovar”da esa “Evfemizm – bu so‘zlovchi nazarida qo‘pol, noqulay bo‘lgan so‘z va ifodalar o‘rnida qo‘llangan, ularga ma’nodosh bo‘lgan emotsional betaraf so‘z va ifodalar” deyiladi.
A.Hojievning 2002- yilda qayta nashr qilingan “Lingvistik terminlar izohli lug‘ati”da evfemizmga quyidagicha izoh beriladi: “Evfemizm (grek. euphemismos; eu — yaxshi, phemi — gapiraman) narsa- hodisaning ancha yumshoq formasidagi ifodasi; qo‘pol, beadab so‘z, ibora va tabu o‘rnida qo‘pol bo‘lmagan, botmaydigan so‘z, iborani qo‘llash. Mas.,
ikkiqat so‘zi o‘rnida
homilador, og‘ir oyoqli so‘zlarini qo‘llash.” Biroq lug‘atda disfemizmga doir fikr bildirilmagan.
Evfemik ma’no yuklangan ifodalar antik davrdan boshlab olimlarda qiziqish uyg‘otgan. O.M.Freydenbarg tahriri ostida chop etilgan “Antichnыe teorii yazыkoznaniya i stilya” nomli asarda “evfemizm” tushunchasi Demokrit, Platon, Aristotelь tomonidan ham tilga olinganligi haqida ma’lumot beriladi. Demak, bu til birligi haqida qadimgi davrlarda ham bilishgan, ulardan foydalanishgan va hozirga qadar istifoda etishadi. “Dastlab, evfemizmlar XII—XV asrlarda ingliz tilida paydo bo‘lgan. XIV asrlarda fransuz madaniyati urf bo‘la boshlaydi, bu esa tilda ham o‘z aksini topadi” degan qarash ham bor.
Ingliz tili tarixini o‘rgangan olim R.Byorchfild Choser nazmining evfemik birliklari misolida tadqiqot olib borar ekan, evfemizm she’riyatning juda qulay uslubiy vositasi ekanligini e’tirof etadi. R.Byorchfild Choserni birinchi bor o‘z ijodida intim munosabatning evfemik shaklini berganligini ta’kidlaydi. Shekspir esa bu yo‘nalishni buzgan holda, o‘zining obrazlarini his-hayajonli birliklar bilan ifodalab, evfemizmdan faqatgina stilistik bo‘yoqni kuchaytirish vositasi sifatida foydalanadi.
XVI asrning yarmiga kelib nutqiy madaniyatni yuksaltirishga bo‘lgan urinish kuchayib, Xudo, insonning avratlari va u bilan bog‘liq narsa- hodisalar nomini ishlatmaslikka qarshi kurash olib boriladi va bu SHekspir ijodida ham o‘z aksini topa boshlaydi. Kurash XVIII asrga qadar davom etib, S.Richerdsonning “Pamella” asarida ba’zi nozik vaziyatlarning evfemik shaklini juda madaniy tarzda qo‘llaganini ko‘rish mumkin. Masalan, muallif
On xochet pogubitь menya ifodasi o‘rnida
Ne pozvolьte mne, o nebesa, prinadlejatь emu jumlasini qo‘llaydi.
XIX asrga kelib o‘zgacha madaniy hayot tarzi shakllanadi, erkaklar ishlab chiqarish bilan band bo‘lishlari, ayollar esa o‘zlarini turmush o‘rtoqlari va oilasiga baxsh etishlari lozim bo‘ladi. Axloqiy va rasmiyssenzura kuchayib, noziklik, nutqiy madaniyat yanada rivoj topa boshlaydi. Shekspir asarlarida uchraydigan “odobli oilalarda qo‘llanmaydigan va ovoz chiqarib o‘qish mumkin bo‘lmagan” ifodalarni qayta tahrir qilgan Tomas Bodler ayni davrlarda katta shuhrat qozonadi. U adibning 10 tomlik asarlar to‘plamiga muharrirlik qiladi va
Tot kto ubil moego otsa i soblaznil moyu matь kabi jumlalarni
Tot, kto ubil moego otsa i razvratil moyu matь tarzida o‘zgartiradi.
XIX asrga kelib nafaqat inson a’zolari, balki hayvon va hasharot, kasallik va narsa-hodisalar nomini evfemalashtirish ham avj oladi. CHunki jahon urushi davrida odam savdosi, etimlik, fohishabozlik rivoj topa borgan sari evfemik birliklar va argotizmlar ham ko‘payib boradi. Ularning ma’noviy xususiyatlari zamon va makonda, insoniyat xatti- harakati va holati bilan bog‘liq holda tomir yoza boshlaydi.
Evfemizm hodisasi XX asr boshlarida umumtilshunoslikda J.Vandries, L.A.Bulaxovskiy kabi tilshunoslar tomonidan soha bilan bog‘liq adabiyotlarda qayd etilgan bo‘lib, ularning fikrmulohazalari evfemizm mohiyati tavsifining shakllanishida muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu hodisani alohida millat, alohida jins vakillari (masalan, oltoy ayollari nutqi) misolida tadqiq etgan olimlar sirasiga A.N.Samoylovich, N.A.Baskakovlarni kiritish mumkin. Ular evfemizmni ko‘pqirrali etnik hodisa sifatida yoritishga harakat qiladilar.
E.A.Agayan, O.N.Turbachevlar ham ma’lum guruh, mentalitet doirasida ushbu jarayonni tadqiq etadi. Masalan, O.N.Turbachev Evropa ovchilari va ov mavsumi bilan bog‘liq evfemizmlarning SHvetsiya, Finlyandiya, Estoniya kabi mamlakatlar xalqi nutqida ishlatilishini kuzatsa, E.A.Agayan arman qishloqlari aholisi nutqidagi evfemizatsiya jarayonini o‘rgandi. S.Otaev turkman tili evfemizmlari, G.G.Musaboev qozoq tili evfemizmlari, V.P.Darbakova mongol xalqi evfemizmlari, N.G.Mixaylovskaya Uzoq SHarq
— CHukot, XantiMansiy, Nanay xalqlari tilida uchraydigan evfemizmlarni ilmiy tahlil qilishgan.
SHuningdek, Tuva tilida uchraydigan evfemizmlar borasida S.P.Vanshteyn, SH.CH.Sat, ingliz tilida uchraydigan evfemizmlar xususida I.V.Arnolьd kabi tadqiqotchilar ham o‘z ishlarida ma’lum darajada fikr bildirganlar.
A.A.Reformatskiy tabu o‘rnida qo‘llanilayotgan evfemik birliklarni etnik taraqqiyot bilan bog‘liq deb hisoblaydi. Tabuning paydo bo‘lishiga turli bid’at va xurofotlar sabab bo‘lganligini aytib, evfemizmlar uning nomini yopish uchun xizmat qilishini ta’kidlaydi.
R.A.Budagov tabuning paydo bo‘lishiga insoniyatning e’tiqodi turtki bo‘lganligini va bu ma’lum ma’noda tafakkur rivojining asosi ekanligini e’tirof etgani holda, evfemizm yuzaga kelishida muhim omil emas deb hisoblaydi. CHunki tabu boshqa sabablarga ko‘ra vujudga kelgan. Evfemizm esa nutqiy madaniyat yuzasidan aytish noqulay bo‘lgan vaziyatni yumshatish uchun qo‘llanadi. Masalan, aqlli bo‘lmagan insonning ko‘ngliga ozor bermaslik uchun u haqda
ne izobretyot poroxa deyilishni ta’kidlaydi.
Evfemiya hodisasi B.A.Larin, A.M.Katsev, N.S.Boschaeva, L.V.Artyushkina, G.G.Kujim va boshqa tilshunos olimlar tomonidan o‘rganilgan bo‘lib, uning turli nuqtai nazardan turli jihatlari yoritilgan. Masalan, L.V.Artyushkina evfemizmning almashinishini va semantik tipini tadqiq etgan bo‘lsa, N.S.Boschaeva tomonidan uning pragmatik aspekti batafsil o‘rganiladi. G.G.Kujim evfemizmni tilning “meliorativ” vositasi sifatida yoritsa, A.M.Katsev uni ijtimoiy psixologik-jihatdan talqin etadi. Qayta nomlash bilan bog‘liq tomoni esa N.M.Berdova tomonidan tadqiq etiladi va izlanishlar natijasida evfemizmning 4 jihati aniqlanadi:
– lisoniy;
– psixologik;
– ijtimoiy;
– pragmatik.
N.M.Potapova tilshunoslar tadqiqotlari natijasiga ko‘ra, ayni jarayonning quyidagi belgi(mezon)larini ko‘rsatadi:
- denotatning stigmatikligi (salbiy bo‘yoqdorligi) («stigma» tushunchasi N.M.Berdova tadqiqotida sharhlanadi: «Stigma ostida nafaqat predmetning antetsedentda aks etgan salbiy xususiyati, balki salbiy taassurot uyg‘otish xossalari ham tushuniladi»);
- ijobiy bo‘yoq hosil qilish;
- ifodaning asliyatini
E.P.Senechkina qo‘shimcha belgilarini ham ko‘rsatadi:
- evfemizmning denotat salbiy bo‘yog‘ini yumshatuvchi semantik noaniqligi;
- denotatni ijobiylashtirishda gap qaysi predmet yoki hodisa haqida ketayotganligining anglashilishini ta’minlovchi formal tabiati. U ushbu o‘lchovlarga javob bermagan ifoda evfemizm emasligiga va bu fikrga shu
hodisani o‘rganishga harakat qilgan barcha olimlar qo‘shilishini ta’kidlaydi.
V.P.Moskvin “Evfemizmы v leksicheskoy sisteme sovremennogo russkogo yazыka” asarida evfemizmlarning kategorial maqomi, evfemizatsiya usulining qo‘llanish sferasi, shuningdek, evfemizmlarning qator yondosh hodisa (psevdoevfemiya, kriptologiya, ezop tili, dezinformatsiya, obrazli ifoda)lar bilan o‘zaro munosabatini tadqiq qildi. Evfemizmlarning mavzuviy va situativ xususiyatlari, qo‘llanishi, yasalishi, sinonimik ham leksik tizimdagi o‘rni, lison va nutqqa munosabati, leksikografik tavsifiga doir fikrlarini bayon etdi.
- asrdan boshlab birgina rus tadqiqotchilari tomonidan evfemizm mavzusi doirasida 15 ga yaqin nomzodlik dissertatsiyalari yoqlangani bu hodisani o‘rganish yangi kuch olayotganidan dalolat
O‘zbek tilshunosligida bu atama 1963-64 yillarda N.Ismatullaevning “Hozirgi o‘zbek tilida evfemizmlar” nomli dissertatsiyasi orqali o‘rnashgan bo‘lib, olim o‘sha yillarda chop etilgan maqolalarida mavjud hodisa haqidagi mulohazalarini bayon qiladi. U ham evfemizmning paydo bo‘lish tarixiga to‘xtalib, tabu bilan bog‘liqligini ta’kidlaydi. SHuningdek, evfemizm tasnifi xususida turli tilshunos olimlar qarashlariga fikr bildirib, o‘z ishlarida uning yaratilish sabablariga ko‘ra tasnifini taklif etadi.
1997 yilda A.Omonturdiev evfemizmni uslubshunoslikning tadqiqot ob’ekti sifatida allaqachon o‘z echimini topishi kerak bo‘lgan mavzusi sifatida keng doirada o‘rganib, o‘zbek nutqining evfemik asoslarini tadqiq qiladi. U ham yuqoridagi fikrga qo‘shilgan holda, evfemizmlarni etimologik, ijtimoiymadaniy aspektda o‘rganish kerak deb hisoblaydi. Evfemik ma’noning evolyusiyasiga, yondosh hodisalarga va til sathiga munosabatiga e’tiborini qaratadi. SHu bilan birga, uni qo‘llanish darajasiga ko‘ra umumnutqiy va xususiy nutqiy evfemaga ajratib, ifoda usullarini o‘rganadi. Tasnifiy xarakterdagi bu izlanish o‘zbek tili nutqining evfemik birliklari haqida ko‘proq amaliy ma’lumot beradi. Bungacha esa mualliflar jamoasi tomonidan 1983 yilda nashr etilgan “O‘zbek tili stilistikasi” o‘quv qo‘llanmasida evfemizm hamda kakofemizm (disfemizm) xususida ma’lum darajada fikr yuritilgan edi Vaqt o‘tib, til taraqqiyoti, global muammolarning echimi uslubshunoslikni notiqlik san’ati maqomiga ko‘tarishni, jumladan, professional nutqning barcha tarmoqlarini — chorvador, ovchi, dehqon, yurist, jurnalist, diplomat, baxshi, shifokor, kurashchi, sovchi, to‘quvchi, tikuvchi, temirchi, san’atkor, rassom kabilar nutqini fundamental tadqiq qilish, xususan, ularning evfemik vositalarini yozib olish, evfemiologiyani ilmiynazariy va amaliy jihatdan mustaqil soha – tilshunoslikdan o‘sib chiqqan fan sifatida asoslash, dastur va darslik, lug‘at tuzish kabi muammolarni davr taqozo qiladi va A.Omonturdiev muayyan soha evfemiyasi, ya’ni chorvador nutqiga xos evfemik vositalarni etnolingvistik nuqtai nazardan tavsiflashga bag‘ishlangan
“Professional nutq evfemikasi” nomli doktorlik dissertatsiyasida yuqoridagi masalalarni hal etish maqsadida chorvadorlar nutqidagi, xususan, chorvadorlarning hayoti, yashash tarzi, dunyoqarashi, urfodatlari, an’analari, marosimlari bilan bog‘liq holda vujudga kelgan evfemizmlarni tadqiq qildi.
Ko‘rinadiki, evfemizm o‘zbek tilshunosligida disfemizmga nisbatan kengroq o‘rganilgan bo‘lib, bugungi kunga qadar yuqorida sanab o‘tilgan olimlar tomonidan evfemizmning ko‘proq nutqiy qatlam sifatidagi xususiyatlari sistemali tadqiq etilgan. Uning yondosh hodisalarga munosabati, turdosh bo‘lgan troplari, til sathidagi o‘rni belgilanganligi, lisoniy va nutqiy evfemalar farqlanib, evfemik ma’no kategoriyalari funksional-uslubiy jihatdan tasnif qilinganligi ahamiyatli. Qolaversa, o‘zbek tilshunoslari orasida ayni masala yuzasidan hanuz bahs-munozaralar olib borilayotganligi uning turli sohalar bo‘yicha chuqurroq o‘rganilishi lozimligidan dalolat beradi.
REFERENCES
- Ismatullaev N. Evfemizmi v sovremennom uzbekskom yazike: Avtoref.…kand.filol.nauk. -T., 1963. – 19 s.
- Krisin L.P. Evfemizmi v sovremennoy russkoy rechi [Elektronniy resurs]. – Rejim dostupa:
<http://www.philology.ru/linguistiss2/krysin-94.html>
- Larin B.A. Ob evfemizmax /Larin B.A. Problemi yazikoznaniya : Sb. statey, posvyash. 75 -letiyu akad. I.I.Meshaninova. – L.: LGU, 1961. – S. 110-124.