Abdulla Qodiriy she‘riyati
“Tog‘larning viqorini ko‘rish uchun ulardan uzoqlashish zarur, xuddi shunday holat buyuk ishlar va buyuk shaxslarda kuzatiladi. Abdulla Qodiriyning so‘nmas ijod bahosining buyukligini ko‘rish va tushunish uchun yarim asrdan ortiq vaqt talab etildi” – deb yodga olgan edi Izzat Sulton o‘z esdaliklarida. Haqiqatdan ham biz bu ijodkorning yozgan asarlarini va ilgari surgan g‘oyalarini bir asr vaqt o‘tsa-da to‘liq anglay olganimiz yo‘q. Abdulla Qodiriy bor-yo‘g‘i “To‘y”, “Ahvolimiz” va “Millatimga bir qaror”. “Fikr aylag‘il” kabi oz bo‘lsa-da o‘ta mazmundor she’riy meros qoldirgan.
Qodiriy she’rlari asosan lirik ruhda bo‘lib, ularni pafos jihatidan intim, hajviy va hazil she’rlarga ajratish mumkin. G‘azal, qasida, mushoira janrlarida bitilgan g‘azallarning aksariyatida (ayrimlarini e’tiborga olmaganda) taxallus qo‘llanmagan. Ular aruzning hazaj, ramal, rajaz va boshqa bahrlarida yozilgan.
Abdulla Qodiriyning shoir sifatidagi ilk she’ri “To‘y” bo‘lib, hajv mazmunga ega. Negaki, adib yashab, ijod etgan o‘sha davr ko‘proq hajvni taqozo etardi. Zamona talabi, millatning loqaydligi, mamlakatda avj olgan ochlik, qashshoqlik ezgu tuyg‘ularga to‘la adibga o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmagan. Bilamizki, milliy urf-odatlarga ko‘ra bahor-u yoz ishlab, qish faslida to‘y qilingan. To‘y boy, ma’lum bir moddiy resursga ega bo‘lganlar uchun pisand bo‘lmasa-da, beva-bechora mehnat ahli uchun ko‘p hollarda anchagina qiyin bo‘lgan (hozir ham shunday deyish mumkin). Negaki, “kimoshdi” poygasida ko‘pgina kambag‘al, mehnatkash ahli pand yeb qolardi. Qarzga botib, halokat yoqasiga borib yetardi. “To‘y” she’rida shoirning:
Kelingiz, do‘stlar, din qarindoshlar,
Tashlasun bo‘lsa gar musulmon to‘y,
deya “kori ma’jusi, kori shayton to‘y”lardan voz kechishga da’vat etgani bejiz emas. Bu orqali u o‘z millatini g‘am-kulfatlardan xalos etmoqni istaydi. Gap bu o‘rinda mazkur she’rning g‘oyaviy-badiiy jihatdan yetuk yoki yetuk emasligi haqida emas, balki muallif ko‘targan muammoning nechog‘lik dolzarbligida. Bu muammo hamon “kimga to‘y, kimga aza” bo‘lib qolayotir. To‘g‘ri, to‘y oshna-og‘ayni, qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shni, mahalla-ko‘yni bir-biriga yaqinlashtiradi. O‘zaro oqibat, iliqlik, mehr-muhabbat tuyg‘ularini tarbiyalaydi. To‘y milliy urf-odat va an’analar, milliy madaniyat tajassumigina emas, yoqimli milliy bayram ham. O‘zaro o‘tgan gina-adovatlardan forig‘ bo‘lish, hordiq chiqarish marosimidir. Binobarin, adib ana shu ma’nodagi to‘yni yoqlaydi, isrofgarchilik, ro‘y berishi mumkin bo‘lgan fojialardan ogoh etadi.
Adibning “Millatimga bir qaror,’’ “Ahvolimiz” she’rlarini diqqat bilan o`qisak , uning bitilganiga bir asrdan oshgan bo‘lsa-da, jamiyatimiz xalqimiz hayoti, undagi muammolar va saviyasi u qadar o`zgarmaganini ilg`ash mumkin.Abdulla Qodiriy “Ahvolimiz” she`rini yigirma besh yoshida yozgan,lekin bu misralarda ko`tarilgan muammo butun o`zbek xalqini dardini kuylab hamon dolzarbligicha qolmoqda. she’r o‘z mavzusi, muammosiga ko‘ra o‘ta zamonaviy desa bo‘ladi. Unda qoloqlik va loqaydlik sababi giyohvandlikka ruju qo‘yishda ekanligiga alohida urg‘u beriladi. Ayniqsa, yoshlarning nasha, ko‘knori iste’mol etishlaridan o‘ta xavotirlanadi. Yelkalariga “kokil solib, oh-voh” bilan o‘tayotgan umrlariga achinadi.
Xulosa qilib aytganda,Abdulla Qodiriy ijodida she’rlari alohida ahamiyatga ega bo‘lib, muhim xalqning o‘sha vaqtdagi dardini , urf-odatlarini va hayotini zo‘r ko‘tarinki ruh bilan tarannum etgan. Eng muhimi, bu she’rlar sodda, ravon, xalq yo‘lida bitilgan.
Ergashev Alimardon – Jizzax davlat pedagogika instituti maktabgacha va boshlang‘ich yo‘nalishlarida masofaviy ta’lim kafedrasi o‘qituvchisi