Rashod Nuri Guntekin G‘AMSIZNING O‘LIMI
Rashod Nuri Guntekin (Reşat Nuri Güntekin; 1892, Istanbul — 1956, London) — turk yozuvchisi, dramaturg, tarjimon, adabiyotshunos. Istanbul universitetini tugatgan (1912). Dastlabki asarlari («Eski oshna», 1917; «Xanjar», 1918; «Sirli qo‘l», 1921 va b.)da kiborlar jamiyatiga xos illatlar fosh etilgan.
Yozuvchining mashhur asarlaridan biri «Choliqushi» (1922) romanida turk qishloqlarining yorqin manzarasi chizilgan, asar qahramonlari hayoti, sarguzashtlari tasvirlangan. «Tamg‘a» (1925), «Shafqat qiling», «Yashil tun» (1928), «Xazonrezgi» (1930) romanlarida zamonasining o‘tkir ijtimoiy masalalari, inson va jamiyat, yashashning ma’nosi kabi muammolarni ko‘tarib chiqadi. Guntekin 24 roman, 7 hikoyalar to‘plami, qator pesalar yozgan, 24 jildli asarlar to‘plami nashr etilgan (1958 — 61). U «Lev Tolstoy» monografiyasi (1933) muallifi. Guntekin asarlari ko‘p tillarga tarjima qilingan. «Choliqushi» (1959, 1965, 1968, 1988, 1999, Mirzakalon Ismoiliy tarjimasi) va boshqa romanlari o‘zbek tilida nashr etilgan.
O‘sha kuni ertalab, talabalar bayrami nishonlanadigan kuni bolalar bog‘chasida oldingidan farqli besaranjomlik va jonlanish yuz berdi. Ko‘chalardan guruh-guruh bo‘lib boshlang‘ich va o‘rta maktablarning o‘quvchilari marsh aytib o‘tishar, hammasi shaharning olis saylgohlariga yo‘l olishardi.
Eng katta tarbiyalanuvchisi olti yoshda bo‘lgan bu bog‘cha bolalarini uzoqroq joyga eltish biroz mushkulligi tufayli har yili ular bayramni kichkina oyoqlari bilan 20 daqiqacha yo‘l bosib boriladigan xushmanzara soy bo‘yida nishonlashadi.
Tayyorgarlik joy-joyida. Bog‘cha turli-tuman rangli kiyimdagi jonli gullar dalasidek to‘lib-toshgan. O‘g‘il bolalar yangi poyabzallarini artib tozalashsa, qizlar bir-birining sochlarini to‘g‘rilab, buzilgan lentalarini bog‘lab qo‘yishar, tugmalarini o‘tkazishardi. Bu paytda olti yoshli bir qizaloq tosh zinaga o‘tirib, to‘rt yoshli yetim o‘rtog‘ining so‘kilgan ko‘ylagini tikishga urinar, bu esa albatta, ko‘rgan odamning hayratiga sabab bo‘lardi.
Nihoyat tayyorgarlik tugab, quvnoq bolalar guruhi yo‘lga tushdi. Kichkintoylar bir qo‘llarida rangli paketlar, o‘yinchoq va yeguliklar bilan to‘la savatlarni ko‘tarib olishgan, ikkinchisi bilan esa o‘rtoqlarining qo‘llaridan mahkam tutishgancha yo‘llarida davom etishardi. Ko‘chada ortiqcha shovqin-suron chiqarmaslik uchun o‘qituvchilar bolalarga marsh ayttira boshlashdi. Katta bolalar qomatlarini bor kuchi bilan ko‘tarib, xursandchilikdan ichiga sig‘may kuylashardi. Kichkinalar yurishda qanday bo‘lsa ashula aytishda ham shunday orqada qolishar, natijada pala-partish ovozlar paydo bo‘lardi. Bolalar ko‘chalardan o‘tisharkan, derazalar ochilib ayollar boshlarini chiqarar, do‘konlardagi sotuvchilar nima bo‘layotganini bilish uchun qiziqib qarashardi.
Bolalar bog‘chasining hamma sayohatlarida bo‘lgani kabi bu gal ham safning boshida g‘amsiz kichkinalar bilan birga ildamlashardi Famsiz sariq rangli qari it. U bolalar bog‘chasi joylashgan mahallada yashaydi. Famsiz odamlardek tushuna oladi. Lekin u ba’zi odamlarga qaraganda vafodorroq jonivor. Daydi yurgani uchunmi, mahalladagilar unga g‘amsiz deb nom qo‘yishgan. Darhaqiqat, rostdan ham u ja’mi itlarning eng g‘amgini. Bunga bir necha yil avval katta baxtsizlikka uchragani sabab bo‘lgan.
O‘shanda u to‘rt bolasining birdaniga zaharlanib, ko‘z o‘ngida to‘lg‘ona-to‘lg‘ona o‘lganidan qattiq g‘amga botgandi. O‘lik bolalarini ortib olib ketayotgan mashinaning orqasidan ancha olisgacha chopib borib, bir hafta orqaga qaytmagandi.
O‘shanda uni biror joyda falokatga uchrab jon berganini taxmin qilganlar ham bo‘ldi. Biroq g‘amsiz devona va o‘ychan ko‘ringani bilan juda ziyrak it edi. U dushmanlarini tez payqab olsa-da, ba’zan o‘zini ularga ishonib zaharli ovqatlarini yeb, tuzoqlariga tushadigandek ko‘rsatardi. Lekin bunday qilmasdi. Shu sababli dushmanlari uni o‘ldirishning ilojini topisholmasdi. O‘shanda u tez-tez quloqqa chalinayotgan sovuq gaplarni chippakka chiqarib, bir haftadan keyin yana mahallaga qaytib kelgandi. Ammo u endi baxtga qarshi qarib, g‘amginlashib qolgan, uzun sariq tuklari loyga bulanib, yaralangan oyoqlari bilan oqsog‘lanib qadam tashlardi.
Bilmadim, rostmi-yolg‘on, mahalladagi ayollar u haqidagi bir voqeani ko‘p gapirishardi. G‘amsiz bolalarining o‘limidan keyin yashashni istamagan emish… Vayronaga aylangan binolar oldida turgancha osmonga qarab yolvorgandek to‘xtab-to‘xtab uligan, bolalarini zaharlagan ovqatdan unga ham berishlarini so‘raganmish… Hatto bir marta zaharlangan ekan-u, o‘lmagan emish… Ko‘p azob chekib, ancha payt sudralib yurgandan keyin yana oyoqqa turib ketganmish…
Famsiz bolalari o‘lgach mahalladagilardan xafa bo‘lib, bolalar bog‘chasining orqasidagi vayronaga joylashib olgandi. U endi oldingidek ko‘chalarda aylanib yurmas, faqat ahyon-ahyonda bog‘cha darvozasidan iymanib ichkariga kirib bolalar bilan o‘ynar, tushlik vaqtida ulardan ortgan yeguliklarni yer edi.
Kattalarga qaraganda ko‘proq bolalarga ishonardi. Kichiklardan yomonlik ko‘rmasligini bilgani va ularni ham o‘lib ketgan kichkina jigarporalari kabi himoyasiz ekanini his qilgani uchunmi, shunday qilardi.
O‘qituvchilar bu oltin rangli, hammaga mahzun va o‘zgacha mehr bilan qarab qo‘yadigan, bolalarning har bir erkaligi-yu jabr-zulmiga bardosh beradigan qari, ko‘cha itini quvishmas, uni himoya qilishardi. Shuning uchun bolalar bog‘chasining qorovuli va xodimlari unga g‘amxo‘rlik qilishardi. U kichkintoylarning eng sevimli do‘stiga aylangandi.
Bolalar bog‘chalari jamiyatning kichiklashtirilgan bir bo‘lagiga o‘xshaydi. Bu yerda kambag‘allik, oilaga dog‘ tushishi kabi sabablar bilan jamiyatdan ajratib qo‘yilgan yoki turli xil vaj tufayli yolg‘iz yashash istagida uyidan qochgan murg‘ak bolalar hayot kechirishadi. Famsiz bog‘chaning bir chekkasida bolalar bilan ovunadi. Mushtdek yuraklarida aytib bo‘lmaydigan dard-u g‘amlarini sig‘dirib yashayotgan bolalar uning loy oyoqlarini qo‘llarida tutgancha jonivor bilan suhbatlashardi.
Famsiz ham bolalarga mehribonlik qilardi. Hatto bir marta uning bog‘chada yugurib yiqilgan kichkintoyning yaralangan tizzasini tili bilan yalayotganini ko‘rgan o‘qituvchilar hayron qolishgandi.
Bolalar to‘dasi mahalladan chiqib yam-yashil dalalardan o‘tadigan tor so‘qmoq bo‘ylab harakatlanar, g‘amsiz hammadan oldinda mag‘rur ildamlardi. Lekin nimagadir bugun uning ko‘zlarida ma’yus kayfiyat zohir edi.
Nihoyat bayram o‘tkaziladigan joyga yetib borishdi. Bu yer soya-salqin daryo sohili bo‘lib, suv ostida silkinayotgan yashil suvo‘tlari tepadan aniq ko‘rinib turardi. Bolalarning shovqin-suronidan o‘tloqdagi qushlar hurkib uchib ketdi. Hozir ularning xursandchilik qiladigan payti. Ular qichqirib-quvalashib har tarafga tarqalishar, ba’zilar daraxtga tirmashib chiqa boshlashsa, ba’zilar o‘tloqzorda yumalashib o‘ynardi. Kechqurun bo‘lishiga hali ancha vaqt borligini hisobga olmasdan butun kuch va shodliklarini sarf qilishar, ayrimlari ul-bul yeguliklarini tanovvul qilishni ham boshlab yuborishdi.
Famsiz biroz jonlanib bolalar bilan o‘ynay boshladi. Lekin birdaniga to‘xtadi. Boshini ko‘tarib alamli faryod qildi. Keyin asta-sekin jimib qoldi-yu, kattakon ikkita toshning orasida to‘lg‘ona-to‘lg‘ona yotib qoldi.
It kasallangan edi. Buni darhol fahmlagan bolalar unga ovqat olib bordilar. U ovqatni yemas, vaqti-vaqti bilan ingrab, tishlarini g‘ijirlatib qo‘yardi. Uning iztirobli boqishlarini o‘qituvchilar ham ko‘rishdi.
— Yaqinlashmanglar, bolalar… Nima bo‘lgandayam bu hayvon, balki quturgan bo‘lishi mumkin, — deyishdi kattalar.
Bolalarni tartibga keltira olishmagandan keyin xodimlardan birini navbatchi qilib qo‘yishga majbur bo‘lishdi.
* * *
Olti-yetti yoshlardagi qiz nimanidir eslab, baqira boshladi.
— Ey, voh, g‘amsizni zaharlashdi. Bugun ertalab xarid qilgani baqqolga borgandim. Bir chekkadagi axlatlar oldida uni ko‘rgandim. Boshqa itlar bilan birga bir nimalarni yeyishardi. Menimcha, ana shu aniq zaharli ovqat edi…
O‘qituvchilar qari itning bunday ehtiyotsizlik qilishini kutishmagandi. Biroq qizchaning aytganlari to‘g‘ri edi. Famsiz zaharlanib qiynaladigan hamma itlar kabi to‘lg‘onib-to‘lg‘onib tipirchilardi. Endi bolalarning xursandchiligidan asar ham qolmadi. Bayram o‘tayotgan o‘tloqzor jim-jit bo‘lib qoldi. Shu yetmaganday, ba’zi bolalar yig‘lay boshlashdi. Hamma qiladigan ishini unutganday, parishon bo‘lib qolgandi.
Famsiz bog‘chaning qadrdon hayvoni bo‘lib qolgan bo‘lsa-da, o‘qituvchilar bayramni bolalarga zahar qilishni istashmadi.
— Bolalar, qo‘rqmanglar! Sizlar bilmaysizlar, g‘amsiz oldin ham bir necha marta zaharlanib, keyin tuzalib ketgandi. Unga hech narsa bo‘lmaydi, qani, hamma o‘yinga! — dedi o‘qituvchilardan biri.
Kichkintoylarni qiyinchilik bilan tarqata boshladilar. Kimdir yig‘lashda davom etar, yana kimdir kattalarning so‘zidan taskin olib, Qamsiz sabrli jonivor, unga hech narsa qilmaydi, deyishardi. Hatto kichkina hovuchlarini ochib, uni duo qilganlar ham bo‘ldi.
Bolalarni g‘amsizdan uzoqlashtirishning iloji bo‘lmadi va o‘qituvchilar buning boshqa chorasini o‘ylab topishdi. Ular bayram joyini ikki-uch daqiqa olislikdagi boshqa bir yerga ko‘chirishga qaror qilishdi. To‘shanchilar, paketlar yig‘ishtirilib, bolalar g‘amsizni yolg‘iz tashlab keta boshlashdi…
* * *
Bolalar o‘zaro kelishib olishdimi, har to‘rt-besh daqiqada bir o‘quvchi yo‘qolib qolar va ular hech kimga bildirmay g‘amsizning ahvolidan xabar olishardi. Bundan eng kichkina bolalar ham xabardor bo‘lsa-da, o‘qituvchilardan sir tutishib miq etishmasdi.
Bir soat o‘tib, g‘amsiz jon taslim qilayotgani haqidagi sovuq gap tarqaldi. Bechora yotib olgan toshlar orasidan chiqib, achinarli ahvolda tipirchilardi. Famsizning og‘zidan qon kelayotgani uchun yuz-ko‘zi, oyoqlari qip-qizil tusga kirgandi. Endi na buyruq, na do‘q-po‘pisa bolalarni itning oldiga borishdan to‘xtatib qola olardi. Hamma bolalar birdaniga baqirib yig‘lab chopa boshladilar… O‘qituvchilar zo‘rlik bilan ikki-uchtasini qaytarib qolishsa, yana boshqa sakkiz-to‘qqiztasi qochib ketishardi.
Biroq endi hech kim itga yaqinlasha olmadi. Chunki g‘amsizning tipirchilashi qo‘rqinchli tus olgan edi. U o‘zini qo‘yarga joy topolmay tipirchilar, oyoqlari bilan har tarafga tuproqni titkilar, qonga bo‘yalgan og‘zini osmonga qaratib, tahdid qilayotganday tushunarsiz ovozda g‘ingshirdi. Bu hol bir muddat davom etgach, oxiri u so‘nggi kuchini to‘pladi. Va ichini yondirayotgan olovni pasaytirish uchun daryo tomonga yugurib ketdi.
* * *
Xuddi shu paytda daryo ustidagi omonatgina taxta ko‘prik yaqinida, chamasi, besh yoshlardagi ikki qizcha o‘ynab yurardi. Ular itning chang-to‘zonga bulanib o‘zlari tomonga yugurib kelayotganini ko‘rib, qo‘rqib ketishdi. Ko‘prikdan narigi tarafga o‘tib olmoqchi bo‘lishdi-yu, azbaroyi shoshilganidan bittasi daryoga tushib ketib, jon holatda pitirlay boshladi. Falokatni ko‘rgan g‘amsiz darhol to‘xtab qoldi. Yo‘lini ko‘prik tarafga o‘zgartirib chopdi va qizchaning orqasidan suvga otildi. Og‘zi bilan uning kiyimidan tishlab sayozroq joyga olib chiqdi. O‘qituvchilar yetib kelgunicha uni suv ustida ushlab turdi.
Keyin sabri va nasibasi tugadi chog‘i, asta oyoqlari ostida suvga yiqildi. Bir-ikki marta sho‘nQib atrofdagi suvni harakatlantirdi va joni uzildi. Bo‘shashib qolgan tanasi bir zayldagi suv oqimiga bo‘ysunib, asta-sekin sohildan uzoqlasha boshladi.
Ismatulla Do‘stmurodov tarjimasi
Jizzax davlat pedagogika instituti axborot xizmati