Til va tafakkur
Feruza Uralovna Jumayeva
Jizzax davlat pedagogika universiteti dotsenti,
filologiya fanlari bo’yicha falsafa doktori
Inson tanasidagi o’zgarishlar: o’sish, rivojlanish uchun suv va ozuqa naqadar muhim bo’lsa, insonning psixikasi va tafakkuridagi o’zgarishlar, shakllanishi, rivolanashi, ulg’ayishi, takomillashuvi uchun til ozuqa bo’ladi. Til ijtimoiy hodisa bo’lib, muayyan bir xalqning ruhiyati va tafakkur tarziga muvofiq tarzda yashaydi. Insonlarga xos ijtimoiy yoki individual ruhiyat va tafakkur til orqali namoyon bo’ladi. Insonlarning psixikasi ota-bobolaridan qolgan ruhiyat olamiga monand bo’ladi. Aytaylik, olmaning urug’ida olma daraxtining ruhi bor. Shu bois undan o’rik unmaydi. Yer bag’rida suv vositasida jonlantirilgan oq olmaning urug’idan oq olma unib chiqadi. Qizil olma emas. Shu bois insonlarning psixikasi ota-bobolarining ruhiyatiga mos-muvofiq bo’lib, shunga ko’ra ijtimoiy guruhlar paydo bo’ladi. Bir ijtimoiy guruhning ruhiyat olami, uning umumiy qiyofasini, streotipini ko’rsatib turadi. Ijtimoiy va individual ruhiyat muayyan xususiyatlarga ko’ra farqlanadi. Insonlar ruhiyatida hosil bo’ladigan chatishish ijtimoiy ruhiyatning parchalanishi va o‘zgacha bir ruhiyat olamining paydo bo’lishiga sabab bo’ladi. Aytaylik, mevalarni payvandlashdan ularning o‘zgacha bir turlari paydo bo’lganidek. Inson psixikasining bir-biriga payvandlanishi asosan til vositasida amalga oshadi, chunki tilda inson ruhiyati va tafakkur tarzi yashaydi. Aytaylik, ikki tilda o’zbek va rus tilida tafakkur yurituvchi shaxslarning psixikasida ikki millat ruhiyatiga xos belgilar yashaydi. Inson ruhiyatidagi o’zgarishlarga til va tafakkur faoliyati sabab bo’ladi. Chunki tilda shu til egalarining ruhiyati, tafakkur tarzi yashaydi. Shu bois til, ruhiyat, tafakkur ijtimoiy mohiyat kasb etadi. Turli millat, elat, xalqlar bir-birining tilini o’rganishi asosida tafakkuri, ruhiyatida aralashuv, qorishish jarayonlari sodir bo’ladi. Inson psixikasi (ruhi) tafakkur bilan hamohang tarzda faoliyatda bo‘ladi. Olamni idrok etishda inson dastlab sezgilarga tayansa, keyinchalik tushunchalarning so’zga qoliplanishi asosida hosil bo’lgan til birliklariga tayanadi va ular vositasida fikr yuritadi. Ma’lumki, inson tafakkuridagi o’zgarishlar ruhiyatga o’z ta’sirini ko’rsatadi. Ruhiyatdagi o’zgarishlar tafakkurda o’z aksini topadi. Inson tafakkuri fahmlash, idrok etish, bilish asosida shakllanadi. Tafakkur qilish bilimlarni qiyoslash, zidlash, analiz, sintez qilishdir. Ular asosida hosil bo’lgan xulosalar aql mahsulidir. Ong esa uning mohiyatini anglash asosida shakllanadi. Idrok etish, tushunish, fahmlashning asosiy vositasi ko’z va quloq bo’lsa, anglash vositasi yurak. Insonlar atrofdagi voqelikni kuzatar ekan, ular xususida fikr yuritadilar. Аytaylik, chumolining tinim bilmay harakatda bo‘lishi, tulkining ayyorona qiliqlari va hakazolarni kuzatish asnosida har bir odam bulardan o‘ziga xos tarzda saboq oladi. Kuzatishlar asosida hosil bo‘lgan munosabatlar muayyan bilimlarga tayanadi. Bu bilimlar insonlarning muayyan ijtimoiy guruhga mansubligi va shu ijtimoiy guruhga xos bo‘lgan milliy-madaniy qarashlari, tafakkur tarzi, tasavvur olami asosida shakllangan bo‘ladi. Ularni tilda ifodalash ehtiyoji bilan turli xalqlarning milliy tafakkur tarzini namoyon qiluvchi til birliklari shakllanadi. Bunga o‘xshatishlar, metafora, ramz kabilar misol bo‘ladi. Tulkiday (ayyor), chumoliday (mehnatkash), devday (katta) kabi birliklar asosan shunday sifatlarga ega bo‘lgan inson obrazini ifodalash asosida hosil bo‘ladi. Shuningdek, tilda tulki ayyor insonlar ramzini ifodalashi maʼlum. Bunday ko‘chma maʼnoli birliklar muayyan xalqning milliy tafakkur tarzini, ularning olamdagi narsa, voqea-hodisalarga munosabatini namoyon qiladi. Buning asosida yotgan bilimlar turli xalqlarning obrazli tafakkur tarzini, tasavvur olamini o‘rganishga yo‘l ochadi.
Inson psixikasining imkoniyatlari va ehtiyojlari asosida inson tafakkuri shakllanadi. Tafakkur tarzining lisoniy libosi olishi asosida til shakllanadi. Shu bois ruh – tafakkur –til va til – tafakkur –ruh oqimi asosida insonning botini va zohiri shakllanadi, rivojlanadi. Tafakkur faoliyati keng, aytaylik, analiz, sintez taqqoslash, zidlash, tasniflash, tizimga solish kabilar asosida amalga oshadi. Shu tarzda fikr yuritiladi, hukm chiqariladi. Bu hukmlar asosida xulosa chiqariladi. Xulosa aqliy faoliyat maxsulidir. Aqliy faoliyat ongga ta’sir ko’rsatadi va ong vositasida bilimning mohiyati anglanadi. Tafakkur tasavvur va mantiqqa tayanadi. Bilim inson ruhiy ehtiyojlari asosida paydo bo’lib, ong faoliyati bilan chegaralanadi. Insonning bilish doirasida ruhiyat, tushuncha, fikr, tafakkur, aql, ong ustun bo’ladi. Ularning chegarasida ruhiyat va ong turadi.
Tushuncha sezgilar asosida shakllanadi. Ulardan asosiylarini ko’z, quloq tashkil etadi. Sezgilar vositasida olamni idrok etish, tushunish amalga oshadi. Tushunchalarga so’z, so’z birikmalari lisoniy qobiq bo’ladi. Idrok etilgan barcha tushunchalarni nomlash imkoni mavjud emas. Shuningdek, ayrim so’zlar turlicha tushunchalar bilan talqin qilinadi. Aytaylik, boylik so’zi kim uchundir baxt deb tushunilsa, kim uchundir baxtsizlik deb tushuniladi.
Fikr tushunchalar asosida quriladi. Ularga gaplar lisoniy qobiq bo’ladi. Ular hukm ifodalaydi. Fikr yuritish jarayoni tafakkur qilishga olib boradi. Tafakkur doirasi ikki o’choqqa ega bo’lib, birida fikrlash ijobiy tomonga yo’naltirilsa, ikkinchisida salbiy tomonga yo’naltiriladi. Ularning to’qnashuvi aqliy faoliyatga ta’sir ko’rsatadi va uni harakatlantiradi.
Aql tafakkur qilish asosida chiqarilgan xulosalarda namoyon bo’ladi. Xulosalarga tayanib aql yuritish anglashga yo’l ochadi.
Ong bilishning eng yuqori cho‘qqisi bo’lib, anglash qalbda kechadi. Ong faoliyati bilimlarning mohiyatini chuqur anglash va ilm hosil qilishga olib keladi.
Bularning barchasi asosan til vositasida amalga oshiriladi va ular tilshunoslik bilan bog’liq holda psixolingvistika, kognitiv tilshunoslik kabi fanlarda o’rganiladi. Ammo ong va til bog’liqligi alohida keng doirada o’rganilmagan. Shuningdek, ruhiyat, til va ong uchligi masalasi ham chuqur tadqiq etilmagan.
Xullas, o’rganish, bilish jarayonida niyat va maqsad asos qilinadi. Aytaylik niyat olmani o’rganish, maqsad bilimlar asosini anglash. Niyat bilishga, maqsad ilmga olib boradi. Tafakkur qilish va aql yuritish bilish faoliyati bo’lsa, anglash bu ilmdir. Tushunchaning nutqqa ko’chishi fikrni shakllantiradi. Fikrning nutqqa ko’chishi tafakkurni harakatlantiradi. Tafakkurning nutqqa ko’chishi aqlni yurg‘izadi. Aqlning nutqqa ko’chishi ongni ishlatadi. Ong va nutq faoliyati esa inson ruhiyatining obrazini namoyon qiladi va bilimlar asosida hosil bo’lgan ilmni ochib beradi. Tafakkur, asosan, til vositasida rivojlanadi. U bilim va ilmni hosil qiluvchi eng muhim vositadir. Tafakkur faoliyati nihoyatda keng bo’lib, u aqliy faoliyat, bilim va ilmning asosidir. Inson psixikasining ehtiyoji va imkoniyati doirasida tafakkur shakllanadi. Shu bois til va tafakkur masalasini o’rganishda ruhiyat olamiga ko’ra yondashish va ularning faoliyati natijasi bo’lgan bilim va ilmning hosil bo’lish va ifodalanish mexnizmlarini ishlab chiqish zarurati bor.