Skip to main content

Ishonch telefoni: +(99872) 226 68 10

“Yoshlar oyligi» doirasida JDPUda “Zakovat” intellektual o‘yinlarining final bosqichi bo‘lib o‘tdi.

  “Diqqat, savol?…Xo‘sh kim javob beradi?”  Bilimdonlarni bir yerga to‘plab hayajon va o‘zgacha zavq bilan barchani o‘ziga maftun etib ulgurgan Zakovat intellektual o‘yini ana shu so‘zlar bilan boshlanadi. Detektiv filmlardagi kabi jamoa bilan qiziqarli, biroz murakkab savolga javob topish, tezroq uni eʼlon qilish, soniyalar davomida javob berishga ulgurish, boshlovchining aniq javobini kutish, tezroq va barcha birgalikda harakat qilish zavqini faqat shu o‘yinda ishtirok etganlar yaxshi biladi.

Atrofingizda sizni kuzatib, qo‘llab-quvvatlash uchun kelgan muxlislar mehriga sazovor bo‘lish, siz bilan birgalikda hayajonlanayotgan tengdoshlaringiz olqishiga sazovor bo‘lish. Lozim bo‘lsa o‘z javobingiz bilan ularni hayratda qoldirish, hech kim kutmagan javoblarni berib eʼtirofga sazovor bo‘lish , bularning barchasi “Zakovat” intellektual o‘yinining sehrli va takrorlanmas lahzalaridir. Qiyqiriq va qarsaklar ostida g‘oliblik nashidasini surish, shodlik, lazzatlanish va eyforiyani his etish. So‘z bilan taʼriflashga ojiz go‘zal lahzalar…

Jizzax davlat pedagogika universiteti hovlisida bo‘lib o‘tgan o‘yinda ishtirok etgan talaba yoshlar ham ana shu zavqni his qilishdi desam xato qilmagan bo‘laman.

 

O‘yin avvalida tashkilotchilar tomonidan o‘yin qoidalari va saralash mexanizmi, jamoalar tarkibi va g‘oliblarga sovrinlar to‘g‘risida to‘liq maʼlumot berildi. Taʼkidlash joiz universitet hovlisida bo‘lib o‘tgan o‘yinda barcha fakultetlardan bilimdon va iqtidorli talabalardan tashkil topgan jamoa aʼzolari g‘oliblik uchun kurash olib bordilar. Sovrin fondi 6 million so‘m bo‘lib, bunda birinchi o‘rin uchun 3 million so‘m, ikkinchi o‘rin uchun 2 million so‘m va uchinchi o‘rin uchun 1 million so‘m ajratildi. O‘yin natijalariga ko‘ra universitetning Tarix fakulteti iqtidorli talabalaridan tarkib topgan jamoa 1 o‘rinni qo‘lga kiritib bosh sovringa ega bo‘ldi. Faxrli 2 o‘rin Maktabgacha taʼlim fakulteti zakovatchi talabalariga, 3 o‘rin esa magistratura bo‘limi jamoasiga nasib etdi.

 

Qarsak va qiyqiriqlar sadosi yaqin atrofgacha eshitilib turgan o‘yin taqdirlash marosimi bilan yakun topdi. Tomoshabinlarning havasi ostida g‘oliblarga faxriy yorliqlar va pul mukofotlari topshirildi. Shu bilan tugadi emas sanʼatsevar talabalar ijrosi yig‘ilganlarga bayramona kayfiyat ulashdi.