Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.
Yangiliklar
Yangiliklar
|
07/11/2025
Chop etish
Yangi bosqichga qadam qo‘yishimiz kerak-deydi universitet rektori M.Yuldashev.

Jizzax davlat pedagogika universitetida yig‘ilish: ta’lim sifati, bandlik va ilmiy salohiyatga yangi nazar.Jizzax davlat pedagogika universitetida navbatdagi kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Universitet rektori professor Maqsudjon Yuldashev boshchilik qilgan mazkur yig‘ilishda ta’lim sifatini oshirish, professor-o‘qituvchilar faoliyatini tahlil qilish, talabalarning bandligini ta’minlash hamda ilmiy salohiyatni yuksaltirish masalalari atroflicha muhokama etildi.

Yig‘ilish avvalida rektor M.Yuldashev davlat rahbari Shavkat Mirziyoyevning 4–6-noyabr kunlari Amerika Qo‘shma Shtatlariga amalga oshirgan tashrifi hamda uning doirasidagi uchrashuvlar haqida so‘z yuritdi. Rektor ta’kidlaganidek, ushbu tashrif O‘zbekiston va AQSH munosabatlarida yangi strategik bosqichni boshlab berdi. Ayniqsa, “C5+1” hamkorlik formati doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar oliy ta’lim muassasalari uchun ham muhim ahamiyatga ega bo‘lib, bu jarayonda Jizzax davlat pedagogika universiteti faol ishtirok etmog‘i lozimligi ta’kidlandi.

Shuningdek kun tartibidagi 1 chi masala 28-oktyabrdan 4-noyabrgacha universitet delegatsiyasining AQSHning Jorjiya universitetiga xizmat safari haqida ham so‘z yuritdi. Safar haqida ilmiy ishlar bo‘yicha prorektor A.Jabborova atroflicha hisobot berdi. Ushbu tashrif doirasida 5 ta universitetga qilingan tashrif, universitetlar o‘rtasida ilmiy hamkorlik, akademik almashinuv va qo‘shma loyihalar yuzasidan kelishuvlarga erishilgani qayd etildi.

Yig‘ilishning navbatdagi mavzusi ta’lim jarayoni samaradorligini oshirishga bag‘ishlandi. Ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limi rahbari S.Rasulov professor-o‘qituvchilar dars faoliyatini tahlil qilish bo‘yicha tayyorlangan hisobotni taqdim etdi.

Uning ma’lum qilishicha, universitetda maxsus ishchi guruhi tomonidan 119 ta ma’ruza va seminar mashg‘ulotlari kuzatuvdan o‘tkazilib, 9 (8) ta mezon va 24 ta ko‘rsatkich asosida tahlil qilingan. Tahlil jarayonida darsning metodik tashkil etilishi, o‘qituvchining nutq madaniyati, kiyinish odobi, kerakli o‘quv materiallar bilan ta’minlanganlik kabi bir qator muhim jihatlarga e’tibor qaratilgan.

Rektor M.Yuldashev ta’lim sifati bo‘yicha tahlillarni yanada chuqurlashtirish, har bir professor-o‘qituvchi faoliyatiga ilmiy yondashuvni kuchaytirish zarurligini ta’kidladi:

“Bu usul jazolash emas, balki o‘qituvchining salohiyatini oshirish, uning tajribasini boyitish uchun joriy qilingan tizimdir”, — dedi universitet rahbari.

Yig‘ilishda talabalarni ish bilan ta’minlash masalasi ham muhokama etildi. Bandlik bo‘yicha tayyorlangan hisobotga ko‘ra, joriy o‘quv yilida universitetni 5293 nafar bitiruvchi tamomlagan bo‘lib, ularning 4176 nafari doimiy ish bilan ta’minlangan.

Shu bilan birga, 417 nafar bitiruvchi hali band emasligi va ularning keyingi taqdiri bo‘yicha aniq choralar belgilangani ma’lum qilindi. Rektor har bir fakultetdan talabalarning ishga joylashish holati yuzasidan kunlik tahlil olib borishni so‘radi:

“Bandlik masalasida aniq yechim bo‘lishi kerak. Har bir dekan bu masalaga shaxsan mas’ul. Biz bitiruvchining keyingi hayoti uchun javobgarmiz”, — dedi M.Yuldashev.

Yig‘ilishning yana bir muhim qismida fakultetlarda ilmiy salohiyatni oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama etildi. Rektor huzuridagi ilmiy kengashning 4-sonli yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosi bo‘yicha taqdimotlar tinglandi.

Natijada Tarix, Tabiiy fanlar va Filologiya fakultetlari eng yaxshi hisobotlar sifatida e’tirof etildi. Yig‘ilish qaroriga ko‘ra, mazkur uch fakultetning namunaviy taqdimotlari birlashtirilib, boshqa fakultetlarga o‘rnak sifatida taqdim etiladi.

Shuningdek, har bir fakultet o‘z faoliyati, ilmiy yutuqlari va talabalar hayotini aks ettiruvchi hisobot taqdimotlar va buklet tayyorlash vazifasini oldi. Bu ishlar universitetning ichki imijini oshirish va ilmiy muhitni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Yig‘ilish so‘ngida professor-o‘qituvchilar uchun ish sharoitini yaxshilash bo‘yicha takliflar tinglandi.

“Har bir xodim ishga yaxshi kayfiyatda kelishi va shunday ruhda qaytishi uchun zarur muhitni yaratish — rahbariyatning burchi -deydi universitet rektori- Universitet bu yo‘nalishda har qanday ko‘makni berishga tayyor.” Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan aniq vazifalar belgilab olindi. Universitet jamoasi oldidagi asosiy maqsad — ta’lim, ilm va tarbiyada sifatni yangi bosqichga olib chiqish, xalqaro hamkorlikni chuqurlashtirish va har bir professor-o‘qituvchi hamda talabada mas’uliyat hissini kuchaytirish va eng asosiysi sog‘lom muhitni shakllantirishdan iborat ekani yana bir bor ta’kidlandi.“Yelkamizdagi yukni sidqilidan bajaraylik,” — dedi rektor Maqsudjon Yuldashev. Yig‘ilish ana shunday chaiqriq bilan yakunlandi.


Ulashish:
1 651
Boshqa rubrikalarda mashhur

Tabiiy fanlar fakulteti iqtidorli talabalari o‘rtasida “Ekofotolavha” fototanlovi o‘tkazildi.
Tabiiy fanlar fakultetida iqtidorli talabalar o‘rtasida “Ekofotolavha” fototanlovi o‘tkazildi. Tanlovda ishtirokchilar atrof-muhit, tabiat manzaralari va ekologik muammolarga bag‘ishlangan ijodiy fotolavhalari bilan qatnashdilar.
Universitetda navbatdan tashqari kengash yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Jizzax davlat pedagogika universitetida navbatdan tashqari kengash yig‘ilishi o‘tkazildi. Marosim an’anaviy tarzda taqdirlash bilan boshlanib, universitet rektori Maqsudjan Yuldashev Aniq fanlar fakulteti dotsenti Fayzulla Hayitovni...
Turkiyalik hamkorlar bilan memorandum imzolandi.
Jizzax davlat pedagogika universitetida Turkiyaning nufuzli Anadolu universiteti vakillari bilan muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Mehmonlar tadbirni o‘z universiteti faoliyatiga bag‘ishlangan tanishtiruv videotaqdimoti bilan ochib berdilar.