Jizzax davlat pedagogika universitetida navbatdan tashqari kengash yig‘ilishi o‘tkazildi. Marosim an’anaviy tarzda taqdirlash bilan boshlanib, universitet rektori Maqsudjan Yuldashev Aniq fanlar fakulteti dotsenti Fayzulla Hayitovni 70 yoshga to‘lishi munosabati bilan chin dildan qutlab, kasaba uyushmasi tomonidan tayyorlangan esdalik sovg‘alarni topshirdi.
Ma’lumot o‘rnida: Axborot texnologiyalari va tizimlari kafedrasi dotsenti, texnika fanlari nomzodi Hayitov Fayzulla Norbo‘tayevich ancha yillar universitetning o‘quv bo‘limi boshlig‘i va kafedra mudiri lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Kengash davomida rektor universitetda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning Jizzax viloyatiga tashrifi natijalari va Xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash masalalariga to‘xtalib o‘tdi.
Universitet rektori Prezident tashrifi va sessiyadagi muhokamalar natijalari orqali viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi va rivojlantirish strategiyasi haqida aniq va tahliliy ma’lumotlarni taqdim etdi. Jizzax viloyati respublikadagi sanoati eng tez rivojlanayotgan hududga aylandi. Sessiyada ko‘rsatilgan statistikaga ko‘ra, so‘nggi 8-yilda 6,5 milliard dollarlik investitsiya loyihalari amalga oshirilgan, shuning 45% sanoat sektori hissasiga to‘g‘ri keladi.
Sanoat va servis sohalaridagi yuqori daromadli ish o‘rinlari hisobiga hozirda 310 ming aholi band, bu sessiyada mamlakatning iqtisodiy rivojlanishi va aholi farovonligi bilan bog‘liq muhim natija sifatida ta’kidlangan.Qishloq xo‘jaligi diversifikatsiya qilingan, yangi bog‘ va tokzorlar barpo etilgan, shuningdek cho‘l hududlarida bog‘ va sabzavot plantatsiyalari tashkil etilgani aytilib, viloyatning barqaror rivojlanishiga e’tibor qaratilgan.
Jizzax avtomobilsozlik va volfram ishlab chiqarish sohalarida ulushini oshirgan, erkin iqtisodiy zonadagi 510 million dollarlik 30 ta loyiha hisobiga 10 mingga yaqin aholi bandligi ta’minlangan. Bu sessiyada innovatsion va strategik ahamiyatga ega loyihalar sifatida e’tirof etilgan. Viloyat infratuzilmasi va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash maqsadida kelasi yil qariyb 10 trillion so‘m resurs ajratilishi, Arnasoy va Aydar ko‘li atrofida turistik infratuzilma rivojlantirilishi, aeroport va temir yo‘l aloqalarini kengaytirish, shahar ichida 10 km uzunlikda aylanma yo‘l qurilishi rejasi sessiyada eng muhim strategik yo‘nalishlar sifatida ko‘rilgan.
Shu natijalar asosida sessiyada ko‘rilgan masalalarning amaliyotdagi ijrosini ta’minlash va viloyatni barqaror rivojlantirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi. Rektor kengash a’zolariga e’tibor qarattirib, mana shu ma’lumotlarni har bir talabaga yetkazish lozimligini aytib o‘tdi va qo‘shimcha qildi: agar universitetda 16 ming talabaga mana shu islohotlardan xabar berilsa, demak ularning oilasi ham mana shu ma’lumotlardan xabar topadi.



Kengash yig‘ilishida shuningdek Rektor universitetda xalqaro aloqalarga alohida e’tibor qaratilayotgani, xorijlik professor-o‘qituvchilarni jalb etish bo‘yicha maxsus ishchi komissiya tuzilganini ma’lum qildi. Shuningdek, professor-o‘qituvchilar va talabalar o‘rtasida kitobxonlik tanlovlari va ilmiy salohiyatni oshirishga qaratilgan faoliyatlar amalga oshirilayotgani aytib o‘tdi.




Yig‘ilishda sessiyada muhokama qilingan asosiy masalalardan tashqari, Jismoniy tarbiya va sport fakulteti: sport yo‘nalishlari (kurash, voleybol) bo‘yicha 3-bosqich bakalavr ta’lim yo‘nalishlarining o‘quv rejasiga o‘zgartirishlar kiritish hamda tayanch doktorantura va doktorantura hamda mustaqil izlanuvchilik: kirish imtihonlari natijalarini tasdiqlash masalalari ham ko‘rib chiqildi. Ushbu masalalar ham tegishli prorektorlarning hisoboti asosida muhokama qilindi va kengash tomonidan ma’qullandi.





