Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.
Yangiliklar
Yangiliklar
|
20/11/2025
Chop etish
Universitet rektorining jamoa va talabalarga tabrigi!

 Bugun yurtimizda muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida yoshlarga berilayotgan e’tibor, ularning har tomonlama barkamol bo‘lib ulg‘ayishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar tobora kengayib bormoqda. Ayniqsa, sport sohasidagi islohotlar, zamonaviy infratuzilma barpo etilishi, musobaqalarning ko‘lami kengaygani yoshlarimizning o‘z iste’dodini namoyish etishi uchun mustahkam zamin yaratmoqda.

Shu ma’noda, Prezidentimiz tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan “Besh tashabbus olimpiadasi” yoshlar sportini qo‘llab-quvvatlashdagi eng muhim loyihalardan biridir. Ushbu olimpiada nafaqat iste’dodlarni kashf etish, balki ularni yurtimiz sha’nini himoya qiladigan professional sportchilarga aylantirishda katta maktab vazifasini o‘tamoqda.

Universitetimizda ham ushbu tashabbus doirasida sport infratuzilmasi mustahkamlanib, mashg‘ulotlar sifati oshirilmoqda. Jumladan, faxrimiz bo‘lgan Nigina O‘ktamova, Aziza Zokirova Jahongir Zokirov kabi sobiq talabalarimiz xalqaro arenalarda yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘tarmoqda.

Yaqin kunlarda birgina Jismoniy tarbiya va sport fakulteti talabasi “O‘zbekiston iftixori” Ruslanbek Jiyanov O‘zbekiston futbol terma jamoasi tarkibida jahon chempionatida ishtirok etish uchun tayyorlanmoqda. Boks yo‘nalishi talabasi Gulsevar G‘aniyeva esa Hindistonda o‘tkazilayotgan Jahon kubogida Vatanimiz sharafini himoya qilmoqda. Talabalarimizning O‘zbekiston terma jamoalari safida mamlakatimiz sharafini munosib himoya qilayotgani barchamiz uchun g‘ururdir.

Guliston shahrida bo‘lib o‘tayotgan “Besh tashabbus olimpiadasi”ning respublika bosqichidagi so‘nggi natijalar bizni yana bir bor quvontirdi. Sportning stritbol turi bo‘yicha “Ziyokor” qizlar jamoasi oltin medalga loyiq deb topilgan bo‘lsa, voleybol bo‘yicha o‘g‘il bolalar jamoasi bronza medalni qo‘lga kiritishdi. Eng quvonarlisi «Ziyokor» qizlar jamoasi musobaqa tashkilotchilari va hakamlarning qaroriga ko‘ra 213 ta oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida eng kuchli jamoa sifatida e’tirof etildi.

Bu zafarlar murabbiylar mehnati, sportchilarning matonati, intilishi hamda universitetimizda talaba yoshlarning sportning barcha turlari bilan shug‘ullanishlari uchun yaratilgan sharoitlarning amaliy natijasidir.

Aziz talabalar! Sizlarning har bir g‘alabangiz bizga faxr, yangidan yangi marralar uchun kuch va ishonch bag‘ishlaydi. Qo‘lga kiritilgan g‘alaba va muvaffaqiyatlaringiz bilan chin qalbimdan tabriklayman! Kelajakdagi yirik  musobaqalarda va xalqaro miqyosdagi olimpiadalarda ham yurtimiz, universitetimiz sha’nini munosib himoya qilishingizga ishonaman.

Universitet professor-o‘qituvchilar tarkibida malakali ustozlar borligi uchun ham talabalarimiz turli yo‘nalishlarda yutuqlarga erishmoqda. Jumladan, boks bo‘yicha Osiyo chempioni, Osiyo o‘yinlari g‘olibi va Jahon chempionati sovrindori Bobousmon Boturov hamda O‘zbekiston boks ayollar terma jamoasi murabbiyi Shaxzoda Umarova kabi  murabbiylar Jizzax davlat pedagogika universitetida boks maktabini rivojlantirishga katta hissa qo‘shmoqda. Ularning barcha  talabalarimiz uchun namuna bo‘layotgani, ustozlik faoliyati va mehnati kelajak chempionlarni tayyorlashda muhim omilga aylanmoqda.

Bunday malakali ustozlarimiz barcha yo‘nalishlarda mavjud va ularning faoliyati universitetimiz yutuqlarini yanada mustahkamlashda alohida ahamiyatga ega. Shu fursatdan foydlanib men universitetimizdagi barcha professor-o‘qituvchilarga alohida minnatdorchilik bildiraman.

Hurmatli professor-o‘qituvchilar, qadrli ustozlar! Sizning doimiy sa’y-harakatingiz, birdamligingiz va kasbingizga bo‘lgan mehringiz, mehnatingiz natijasida universitet barcha yo‘nalishlarda  yutuqlarga erishmoqda. Ushbu faoliyatingizni davom ettirish orqali nafaqat sport yo‘nalishida, balki ta’lim sifati va samaradorligini oshirish, professor-o‘qituvchilarning ilmiy salohiyatini yuksaltirish hamda universitet nufuzini xalqaro miqyosida yanada yuksaltirishga erisha olamiz.

Bu yo‘lda sizlarning qo‘llovingiz va faol ishtirokingiz alohida ahamiyatga ega. Agar barchamiz  professor-o’qituvchilar, kafedra mudirlari, dekanlar va prorektorlar – birga va hamkorlikda harakat qilsak, universitetimiz yangi muvaffaqiyatlarga erishadi. Birlashsak, albatta, natija bo‘ladi   Barchangizga omad yor bo‘lsin!

Hurmat bilan,

Jizzax davlat pedagogika universiteti rektori,

professor  Yuldashev Maqsudjon Abdullayevich


Ulashish:
1 251
Boshqa rubrikalarda mashhur

Tabiiy fanlar fakulteti iqtidorli talabalari o‘rtasida “Ekofotolavha” fototanlovi o‘tkazildi.
Tabiiy fanlar fakultetida iqtidorli talabalar o‘rtasida “Ekofotolavha” fototanlovi o‘tkazildi. Tanlovda ishtirokchilar atrof-muhit, tabiat manzaralari va ekologik muammolarga bag‘ishlangan ijodiy fotolavhalari bilan qatnashdilar.
Universitetda navbatdan tashqari kengash yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Jizzax davlat pedagogika universitetida navbatdan tashqari kengash yig‘ilishi o‘tkazildi. Marosim an’anaviy tarzda taqdirlash bilan boshlanib, universitet rektori Maqsudjan Yuldashev Aniq fanlar fakulteti dotsenti Fayzulla Hayitovni...
Turkiyalik hamkorlar bilan memorandum imzolandi.
Jizzax davlat pedagogika universitetida Turkiyaning nufuzli Anadolu universiteti vakillari bilan muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Mehmonlar tadbirni o‘z universiteti faoliyatiga bag‘ishlangan tanishtiruv videotaqdimoti bilan ochib berdilar.