O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan inson manfaatlarini ta’minlash, mehnatkashlar huquq va manfaatlarini himoya qilish yo‘lida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ushbu islohotlarda kasaba uyushmalari tizimi ham faol ishtirok etib, jamiyatda o‘z o‘rnini yanada mustahkamlab bormoqda.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan kasaba uyushmalarining jamiyatdagi rolini oshirish asnosida mazkur jamoat tashkilotining tarixi, xususan, ilk kasabachilik harakatining paydo bo‘lishi omillarini o‘rganish borasida ham tizimli ishlar olib borilmoqda. Shu maqsadda maxsus ishchi guruhi tuzilib, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti, O‘zbekiston Milliy arxivi, O‘zbekiston Kinofotofono hujjatlari milliy arxivi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi arxivi, O‘zbekiston Milliy kutubxonasining Nodir, alohida qimmatli va noyob nashrlar bo‘limi, O‘zbekiston tarixi muzeyi va boshqa qator ilmiy muassasalarda yetuk tarixchi olimlar, ilmiy xodimlar, sharqshunoslar bilan tadqiqot ishlari olib borildi.
Bundan tashqari Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahrida joylashgan Rossiya davlat tarixi arxivi fondi hamda Rossiya milliy kutubxonasida besh mingdan ortiq hujjatlar ustida o‘rganishlar olib borilib, O‘zbekiston kasaba uyushmalari tarixiga oid qimmatli ma’lumotlar aniqlandi. Shuningdek, Turkiston general gubernatorligida ishchilar harakatiga oid chop etilgan «Turkiston», «Ishchilar dunyosi», «Xurshid», «Taraqqiy» va «Samarqand» gazetalarining 500 dan ortiq sonlari o‘rganildi.
Tarixiy manbalar ishchi-xodimlarning ilk kasaba uyushmalari XIX asrning ikkinchi yarmida Angliya va Amerikada vujudga kelgan bo‘lsa, XX asrning boshlarida Turkiston o‘lkasida ilk kasabachilik harakati boshlanganini ko‘rsatmoqda. Tadqiqotlarga ko‘ra, butun jahonda bo‘lgani kabi Turkiston zaminida ham kasaba uyushmalari paydo bo‘lishidan oldin ishchi-xizmatchilar turli to‘garak, yig‘in va uyushmalarga birlasha boshlagan. 1905 yilda Toshkentda ishchilarning 15 ta ana shunday to‘garagi faoliyat yuritgan.
Tadqiqotlarga ko‘ra, O‘zbekiston kasaba uyushmalari qariyb 120 yillik tarixga ega bo‘lib, o‘lkadagi ilk kasaba uyushmalari 1905 yilda temir yo‘l ishchilari va aloqa xodimlari tomonidan tashkil etilgan.
1905 yilning kuzida temir yo‘l uyushmasining Turkiston bo‘limi tashkil etilgan. 1906 yilning boshida u O‘rta Osiyo va Orenburg – Toshkent temir yo‘llarining 8 ming nafar ishchi-xodimlarini o‘zida birlashtirgan. 1906 yilning 1 iyulida Toshkentda bo‘lib o‘tgan Butunrossiya temir yo‘l uyushmasi Turkiston bo‘limining birinchi qurultoyida O‘rta Osiyo va Orenburg – Toshkent temir yo‘llari ishchi-xodimlarining Ustavi qabul qilingan. Ushbu hujjatning nusxasi O‘zbekiston kasaba uyushmalari tarixi muzeyida saqlanmoqda.
Arxiv hujjatlarida 1905 yil 24 oktyabrda Toshkentda Pochta-telegraf ishchilarining umumiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tgani, unda Pochta-telegraf uyushmasining Turkiston bo‘limini tashkil etish bo‘yicha qaror qabul qilingani, ushbu ishlarni boshqarish uchun qo‘mita a’zolari saylangani bayon etilgan.
1905 yilning fevralida O‘rta Osiyo temir yo‘llarining Toshkentdagi bosh ustaxonasida Orenburg – Toshkent temir yo‘lining taxminan 400, O‘rta Osiyo temir yo‘li Toshkent bosh ustaxonalarining qariyb 800 nafar ishchisi o‘z rahbariyatlari oldiga 19 banddan iborat talablarni qo‘ygan. Ishchi-xodimlarning huquq va manfaatlarini himoyalashga oid bu talabnoma bugungi kundagi Jamoa shartnomalarining asl mazmunining ifodasi deyish mumkin.
«Samarqand» gazetasining 1905 yil 10 iyundagi 116-sonida chop etilgan «Temir yo‘l xizmatchilari uyushmasi» nomli maqolada temir yo‘l tizimida turli kasb egalari va ishchi-xizmatchilarni qamrab oladigan va birlashtiradigan kasaba uyushmalarini tuzish zarurati tug‘ilgani ta’kidlangan. 1905 yilning 13-20 dekabr kunlari O‘rta Osiyo temir yo‘llari ishchi va xizmatchilarining 1-Qurultoyi o‘tkazilgan. Unda yanvar oyidan e’tiboran 8 soatlik ish kunini belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilingan. Ushbu tarixiy qarorning qabul qilingani kasaba uyushmalari harakati faollarining yirik g‘alabasidir.
Shuningdek, «Russkiy Turkestan» gazetasining 1905 yil dekabr oyidagi 264-sonida Toshkentda Idora xizmatchilari va buxgalterlar kasaba uyushmasi tashkil etilayotgani to‘g‘risida xabar berilgan.
«Turkestan», «Turkestanskiye vedomosti», «Turkestanskiy kurer», «Novыy put», «Vpered» gazetalarida 1905-1906 yillarda nashr etilgan maqola va xabarnomalarga ko‘ra, Tikuvchi va etikdo‘zlar kasaba uyushmasi, Ofitsiant, oshpaz va uy xizmatkorlari kasaba uyushmasi, Matbaa xodimlari kasaba uyushmasi, Toshkent Mexanika ishlab chiqarish zavodi ishchilari kasaba uyushmasi, Quruvchilar kasaba uyushmasi, feldsher ayollar va hamshiralar kasaba uyushmasi kabi kasaba tashkilotlarining ta’sis yig‘ilishlari o‘tkazilgan.
Bundan tashqari Turkiston kasaba uyushmalari 1906 yildayoq o‘z faoliyatini yanada rivojlantirish, a’zolarini zarur bilim va ko‘nikmalar bilan qurollantirish maqsadida Toshkent shahrida o‘z kutubxonasini ochgani aniqlandi. Ushbu ma’lumot Turkiston zaminida kasaba uyushmalariga bo‘lgan qiziqishning yuqori salmog‘ini belgilash bilan birga o‘lka kasaba uyushmalari ilk qadamlarini bilim va ma’rifat asosida tashlaganliklaridan dalolat beradi.
Ushbu xulosalar haqiqatdan ham Turkiston zaminida ilk kasaba uyushmalari 1905 yilda vujudga kelganini tasdiqlaydi. Bu esa, 2025 yilda mamlakat kasaba uyushmalari tashkil topganiga 120 yil to‘lishini yorqin namoyon etadi.
