Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.
Yangiliklar
Yangiliklar
|
29/09/2025
Chop etish
Jizzax davlat pedagogika universitetida yangi zamonaviy o‘quv binosi foydalanishga topshirildi.

Bugun Jizzax davlat pedagogika universiteti hayotida tarixiy va quvonchli kun sifatida yodda qoladi. Shahrimizning Bog‘ishamol hududida 2500 o‘rinli zamonaviy o‘quv binosining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Eslatib o‘tamiz, ayni shu maskanda yaqinda 600 o‘rinli talabalar turar joyi ham foydalanishga topshirilgan edi. Endi esa universitet tarixiga yana bir muhim sahifa qo‘shildi — umumiy qiymati 90,5 milliard so‘mga teng bo‘lgan, byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobiga qurilgan yangi o‘quv majmuasi talabalar ixtiyoriga berildi.

Marosimni Jizzax viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Zafar Azimov ochib berdi. U o‘z nutqida yoshlardan yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanish, yuksak bilim olish va jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shish zarurligini ta’kidladi.

Universitet rektori, professor Maqsudjon Yuldashev esa talabalarga samimiy tabrik yo‘llab, shunday dedi: “Har biringizning yutug‘ingiz bu universitetimiz, Vatanimiz va xalqimiz yutug‘idir. Biz sizga zamon talabiga mos sharoitlarni yaratishga harakat qilamiz, sizdan esa intizom, mehnatsevarlik va yuksak natijalarni kutib qolamiz. Yangi o‘quv binosi barchangizga muborak bo‘lsin!”

 

Marosimning eng kulminatsion lahzasi – lenta kesish marosimi bo‘ldi. Unda xorijiy mehmonlar, faxriy ustozlar va turli tashkilotlar vakillari ishtirok etishdi. Shuningdek, mehmonlar fakultetlar tomonidan tayyorlangan ko‘rgazmalar bilan tanishishdi.

Yangi binoda Filologiya hamda Tarix fakultetlari talabalari tahsil oladi. Majmuada zamonaviy ma’ruza zallari, ilmiy va badiiy adabiyotlarga boy kutubxona, talabalarning mustaqil izlanishlari uchun qulay o‘quv xonalari tashkil etilgan. Shuningdek, “Ona va bola” xonasining mavjudligi oilali talabalar uchun katta imkoniyat yaratmoqda.

Dars jarayonlaridan so‘ng talabalar va ustozlar sog‘lig‘ini tiklash maqsadida tabiiy damlamalardan bahramand bo‘lishlari uchun alohida shart-sharoitlar ham ko‘zda tutilgan. Mehmonlar ayniqsa kompyuterlar bilan jihozlangan zamonaviy o‘quv zallari va kitoblar fondi boy kutubxonadan katta taassurot oldilar.

Tarix fakulteti talabalari yangi yo‘nalish — Arxeologiya sohasida amalga oshirgan qazishmalardan topilgan asrlar davomida saqlangan topilmalarni namoyish etishdi. Bu eksponatlar mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Filologiya fakulteti esa o‘zining ingliz, fransuz, koreys, rus va o‘zbek yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalari ishtirokida qiziqarli dastur taqdim etdi. Ayniqsa, mehmonlar ingliz tili mashg‘ulotlariga kirib, talabalarning dars jarayonidagi faol ishtirokini kuzatishdi va ular bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilishdi. Bunday ochiq darslar orqali yoshlarning xorijiy tillarda erkin fikr bildirish qobiliyati mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Tantanali marosim doirasida viloyatdagi barcha ta’lim muassasalariga taklif etilgan xorijlik mutaxassislar ham universitet talabalari bilan uchrashdilar. Ular o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashib, talabalar uchun turli yo‘nalishlarda master-klasslar o‘tkazdilar. Bu jarayon yoshlar uchun nainki nazariy bilim, balki xalqaro tajribadan ham bahramand bo‘lish imkoniyatini yaratdi.

Jizzax davlat pedagogika universitetida barpo etilgan bu yangi o‘quv maskani — yoshlar uchun ilm dargohi, ustozlar uchun esa ta’limda zamonaviy imkoniyatlar maydonidir. Universitet hayotidagi bu ulkan o‘zgarish talabalarning kelgusidagi yutuqlari va yutuqlar orqali butun mamlakat taraqqiyotiga xizmat qilishi shubhasiz.


Ulashish:
2 432
Boshqa rubrikalarda mashhur

Jizzax davlat pedagogika universitetida yoshlar masalalari hamda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirishga qaratilgan tanqidiy-tahliliy yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilish universitetning yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Farrux Akchayev boshchiligida o‘tkazildi.
JDPU talabalari Turkiyada qishki maktab dasturida faol ishtirok etmoqda.
Jizzax davlat pedagogika universiteti talabalari va mutaxassislari xalqaro hamkorlik aloqalari doirasida Turkiya davlatining nufuzli Necmettin Erbakan Universitida tashkil etilgan “Silk Road and Beyond – 2026”...
JDPU ning fidoyi va sadoqatli xodimi Yunusova Alfiya Shavkatovna 65 yoshga to‘ldi.
Universitetda Yunusova Alfiya Shavkatovnani tanimagan inson kam bo‘lsa kerak. U o‘z mehnat faoliyatini 1978-yilda universitet rektor kotibaligidan boshlagan bo‘lsa, bugungi kunda Jizzax davlat pedagogika universiteti...