Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.
Yangiliklar
Yangiliklar
|
02/12/2025
Chop etish
JDPUda “Zamonaviy filologiyaning dolzarb masalalari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Jizzax davlat pedagogika universitetida “Zamonaviy filologiyaning dolzarb masalalari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Mazkur nufuzli anjuman JDPU Ingliz tili nazariyasi va metodikasi kafedrasi professori, uzoq yillar ta’lim taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shib kelayotgan Mamatov Abdug‘ofur Eshonqulovichning 70 yillik yubileyiga bag‘ishlandi.

Tadbir professor Abdug‘ofur Mamatovning hayot yo‘li, ilmiy faoliyati va pedagogik merosiga bag‘ishlangan videotaqdimot bilan boshlandi. Shundan so‘ng so‘z JDPU rektori, pedagogika fanlari doktori, professor Maqsudjon Yuldashevga berildi. Universitet rahbari barcha ishtirokchilarni konferensiyada ko‘rganidan mamnunligini bildirib, Jizzax viloyati hokimi Ulug‘bek Mustafoyevning tabrigini o‘qib eshittirdi hamda viloyat hokimligi va universitet nomidan yubiley sohibiga topshirilgan esdalik sovg‘alarini tantanali ravishda taqdim etdi.

Anjumanda respublikamizning turli hududlaridan — Samarqand, Buxoro, Farg‘ona, Surxondaryo va boshqa viloyatlardan taniqli olimlar, professor-o‘qituvchilar, filologiya sohasi mutaxassislari ishtirok etdi. Ular ustoz Abdug‘ofur Mamatovning ilm-fanga qo‘shgan hissasi, ko‘plab yetuk mutaxassislar tayyorlashdagi o‘rni va insoniy fazilatlari haqida iliq fikrlar bildirdilar.

Tadbir davomida ustozning shogirdlari va hamkasblari: “Ona tilini chuqur bilgan inson chet tilini tez o‘zlashtiradi. Chet tilini egallagan kishi esa ona tilining mohiyatini yanada teran anglaydi”, degan fikrlar bilan professorning tilshunoslikdagi o‘rni va tamoyillarini e’tirof etdilar.

Ustozning ilm-fan yo‘lida ko‘rsatgan fidoyiligi, halolligi, insonparvarligi yuksak qadrlanib, “Abdug‘ofur Mamatovdek zotni qancha e’zozlasak, shuncha kam”, degan so‘zlar yangradi. Yubiley sohibi sahnaga ko‘tarilganida, unga bildirilgan samimiy tilaklar, tashakkurlar, esdalik sovg‘alari tadbirga alohida ko‘tarinkilik bag‘ishladi.

Professorlar o‘z chiqishlarida: “Odamga mehr-muhabbatni aytib turish kerak. Bugun biz ustozni qanchalik yaxshi ko‘rishimizni aytish uchun birlashdik. Barchamizni birlashtirgan buyuk ne’mat — bu ilm va ma’rifat”, deya ta’kidladilar.

Ustoz Abdug‘ofur Mamatov ko‘plab yosh olimlar, tadqiqotchilar va o‘qituvchilar shakllanishiga hissa qo‘shgan ilm fidoyisi sifatida e’tirof etildi. Konferensiya davomida uning ilmiy maktabi, ta’lim sohasidagi o‘rni va merosi alohida qayd etildi.

Konferensiya yakunida Universitetning badiiy jamoasi tomonidan konsert dasturi taqdim etilib, anjuman ishtirokchilariga quvonch va ilhom ulashdi. Shuningdek, ko‘plab shogirdlar, talaba-yoshlar ustozni samimiy tabriklab, uning ilmiy maktabi va insoniy siymosiga bo‘lgan hurmat-ehtiromlarini izhor etdilar.

Ustoz Abdug‘ofur Mamatov ko‘plab yosh olimlar, tadqiqotchilar va o‘qituvchilarning shakllanishiga hissa qo‘shgan fidoyi ilm arbobi sifatida yana bir bor e’tirof etildi. Anjuman uning ilmiy merosi va ta’lim sohasidagi buyuk xizmatlarini yuksak qadrlash bilan yakunlandi.


Ulashish:
1 602
Boshqa rubrikalarda mashhur

“Iqtidorli talabalar – kelajak bunyodkorlari» shiori ostida taqdirlash marosimi o‘tkazildi.
Jizzax davlat pedagogika universitetida xalqaro anjuman doirasida xorijlik ekspertlar hamda iqtidorli talabalarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
“Kelajak pedagoglari uchun global mahorat darslari” forumi.
Jizzax davlat pedagogika universitetida “Kelajak pedagoglari uchun global mahorat darslari” forumi doirasida AQSHning University of Georgia professor-o‘qituvchilari tomonidan talabalar uchun mahorat darslari tashkil etildi.
Jizzax davlat pedagogika universiteti hamda Georgia universiteti huzuridagi GATESOL vakillari o‘rtasida rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv ikki tomonlama akademik hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish yo‘lidagi muhim qadam sifatida e’tirof etildi.