Jizzax davlat pedagogika universiteti Maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim fakultetida xotin-qizlar maslahat kengashi tomonidan “Jamiyatda gender tengligi va xotin-qizlar huquqlarini himoya qilishning dolzarb masalalari” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda fakultet dekan maslahatchisi G. Kuttibekova va profilaktika inspektori G. Safarova ishtirok etib, talaba-qizlarga gender tenglik tushunchasi, uni ta’minlashning ijtimoiy ahamiyati, davlat boshqaruvida xotin-qizlarning teng ishtiroki, shuningdek, ularning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish masalalari haqida batafsil ma’lumot berishdi.

Shuningdek, ayollar va bolalarga nisbatan tazyiq hamda zo‘ravonlik holatlarining oldini olish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish va bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan islohotlar hamda qonunchilikdagi yangiliklar haqida ham so‘z yuritildi.


Uchrashuv o‘zaro fikr almashinuvi, savol-javoblar va qiziqarli mulohazalar bilan boy tarzda, ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javoblar oldilar. Mazkur davra suhbati talaba-qizlarning huquqiy madaniyatini oshirish, jamiyatda gender tengligini mustahkamlash, hamda xotin-qizlarning faolligini kuchaytirishga xizmat qildi.
