Ilmda halol bo‘ling, ilmni hurmat qiling, ilmni ustun qo‘ying.
Jizzax davlat pedagogika universitetida “Mehnat shuhrati” ordeni sohibasi, professor Faniya Axmedshina va magistrlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
“Ilmga baxshida umr” nom ostida tashkil etilgan uchrashuvda universitetning Magitsratura bo‘limi magistr talabalari va profesor-o‘qituvchilar ishtirok etishdi.
Uchrashuv profesor F.Axmedishna xayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan videolavha bilan boshlandi. Lavha namoyishidan so‘ng, tarixshunos olima Faniya Ahmedshinaga uning xayoti va faoliyati bilan bog‘liq savollar berildi. Uchrashuv qaxramoni savollar orqali, o‘zi tug‘ilib o‘sgan yurt haqidagi taassurotlari, 50 yillik tinimsiz mehnat natijasida o‘rganilgan qimmatli ma’lumotlarni so‘zlab berdi. Bo‘lajak olimlarga asqotadigan qimmatli maslahatlarini aytib o‘tdi.
“Ilmda halol bo‘ling, ilmni hurmat qiling, ilmni ustun qo‘ying”- deydi professor Faniya Axmedshina. “Chunki, siz halol bo‘lmasangiz, qat’iyatli bo‘lmasangiz olimlik martabasiga erisha olmaysiz. Havas qiling, menga ham nasib etsin deng kitobga mehr qo‘ying, intiling, to‘xtamang, kam bo‘lmaysiz.”
Ushbu fikrlardan so‘ng ustozning eng qadrli shogirdi universitetning Magistratura bo‘limi boshlig‘i prof. R. Yarmatov: “Faniya Avzalovna men tanigan, men bilgan ustozlarim ichida eng yaqini desam xato qilmagan bo‘laman. Shu uchrashuvda ustozga, “Ustoz biz yoshlarga bir umr ta’lim berdingiz, boringizni bo‘lishdingiz. Ayting siz uchun nima qilib beraylik. Nima qilsak xursand bo‘lasiz?” degan savolni berishdi. Ustoz esa juda oddiygina qilib “O‘qing, olim bo‘ling meni xursand qilmoqchi bo‘lsangiz bittadan maqola yozing, to‘plam chiqaring, ilmiy ish qiling”- deya javob qildilar. Rosti bu javobdan juda to‘lqinlanib ketdim. G‘ayratli, shijoati o‘zgalarni g‘iybat qilmaydigan, jahl nimaligini bilmaydigan, hasad va yolg‘ondan yiroq yuradigan Faniya Avzalovnadek ustozim borligidan yana bir bor faxrlandim”- dedi.
Faniya Axmedshina bilan tashkil etilgan uchrashuv juda qiziqarli va samimiy kechdi. Unda shogirdlar o‘z iliq so‘zlarini izhor etishdi. Kecha qahramoni Faniya opaning quchog‘i guldastalarga to‘ldi. Mehr va oqibat, ibrat na’munasi bo‘lmish tarixshunos olima Faniya Axmedshinaning so‘zlab bergan hayotiy voqealari kishini bir narsaga, ya’ni o‘tmishimizni o‘rganishga, buyuk ajdodlarimiz bilan faxrlanishimizga, xatolardan to‘g‘ri xulosa chiqarishga, doim havasda yashashga, o‘z ustingda tinimsiz izlanishga chorlaydi.