Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.
Yangiliklar
Yangiliklar
|
11/11/2025
Chop etish
Hurmatli hamkasblar va aziz professor-o‘qituvchilar!

Bugun, 11-noyabr – kasaba uyushmalari kuni munosabati bilan barchangizni chin qalbimdan tabriklayman. Bu yil O‘zbekistonda kasaba uyushmalari tashkil etilganiga 120-yil to‘lmoqda. Shu yillar mobaynida kasaba uyushmalari xodimlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, mehnatni qadrlash hamda birdamlikni mustahkamlashda muhim rol o‘ynadi desak aslo mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, kasaba uyushmalarining 120-yillik faoliyatidagi tarixiy voqealardan biri, albatta, 2019-yilning 6-dekabrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangan “Kasaba uyushmalari to‘g‘risida”gi yangi Qonun bo‘ldi. Ushbu Qonun kasaba uyushmalari faoliyatini yangi bosqichga olib chiqdi va ularning vakolatlarini kengaytirdi. Shuningdek, Prezident Sh.Mirziyoyevning 2020-yilda bo‘lib o‘tgan 8-Qurultoy ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigida ilgari surilgan takliflar asosida 11-noyabrni rasman “Kasaba uyushmalari kuni” etib belgilash an’anasi shakllandi. Darhaqiqat, Prezident Sh.M.Mirziyoyev ta’kidlaganlaridek, jamiyatimizda ijtimoiy adolatni ta’minlash, odamlarni rozi qilish bilan bog‘liq amaliy islohotlarimizda 8 millionga yaqin a’zoga ega, eng xalqchil va katta nodavlat tashkilot bo‘lgan kasaba uyushmalarining munosib hissasi bor

Jizzax davlat pedagogika universiteti kasaba uyushma qo‘mitasi ham xodimlarimiz uchun munosib mehnat sharoitini yaratish, ularning ma’naviy va moddiy qo‘llab-quvvatlanishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratmoqda. Universitetda xodimlarni sog‘lom muhitda faoliyat olib borishi uchun bir qator muhim tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Birgina joriy yilning sentyabr oyidan  boshlab  o‘tgan qisqa vaqtda universitetda turli ma’naviy va sport tadbirlari tashkil etildi. Xususan, 1-oktyabr “O‘qituvchi va murabbiylar” kuni munosabati bilan fakultet va bo‘limlar o‘rtasida shuningdek, faxriylarimiz va nafaqadagi xodimlar orasida ham mehnat sharafi va birdamlikni mustahkamlash maqsadida sport musobaqalar tashkil etildi. O‘tkazilgan barcha tadbirlarda  g‘oliblar va faol qatnashchilar rag‘batlantirilmoqda. Universitetimizda xodimlarni sog‘lom va samarali muhitda faoliyat olib borishlari uchun turli muhim tadbirlar doimiy ravishda tashkil etilmoqda. Masalan, haftaning har shanba-yakshanba kunlari yurtimizning diqqatga sazovor maskanlariga sayohatlar uyushtirilmoqda. Zominga sayohat turkumi xodimlarimizga nafaqat tabiat qo‘ynida dam olish, ishga yangi energiya va yuqori kayfiyat bilan kirishish imkonini beryapti. Shuningdek, teatr va kino namoyishlari xodimlar va ularning oilalari uchun oilaviy dam olish va madaniy hordiq chiqarishlari uchun yordam bermoqda.  Bu tadbirlar xodimlarimiz salomatligini mustahkamlash bilan bir qatorda, ularning kasbiga va jamoaga munosabatini yaxshi tomonga o‘zgartirishga  xizmat qilmoqda. Bugun universitetda barcha nafaqa yoshidagi xodimlarimizning yubiley tantanalari ham munosib nishonlanmoqda, bir so‘z bilan aytganda, ularning mehnatlari e’tirof etilmoqda.

Albatta, oldimizda hali ham qilinadigan ishlar ko‘p. Biz xodimlar uchun munosib mehnat sharoitlarini ta’minlash, yoshlar va xotin-qizlar manfaatlarini himoya qilish, sanatoriya va oromgohlarda dam olish o‘rinlari va  imkoniyatlarni kengaytirish kabi vazifalarni izchil davom ettiramiz.

Barcha xodimlarimizni kasaba uyushmalari kuni bilan yana bir bor tabriklayman. Sizlar bilan birgalikda olib borilayotgan ishlarimiz – nafaqat universitetimiz, balki butun millatimiz taraqqiyoti uchun muhimdir.

Barchangizga kasaba uyushmalari kuni muborak bo‘lsin!

Hurmat bilan Jizzax davlat pedagogika universiteti rektori, professor M.A.Yuldashev


Ulashish:
1 125
Boshqa rubrikalarda mashhur

“Iqtidorli talabalar – kelajak bunyodkorlari» shiori ostida taqdirlash marosimi o‘tkazildi.
Jizzax davlat pedagogika universitetida xalqaro anjuman doirasida xorijlik ekspertlar hamda iqtidorli talabalarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
“Kelajak pedagoglari uchun global mahorat darslari” forumi.
Jizzax davlat pedagogika universitetida “Kelajak pedagoglari uchun global mahorat darslari” forumi doirasida AQSHning University of Georgia professor-o‘qituvchilari tomonidan talabalar uchun mahorat darslari tashkil etildi.
Jizzax davlat pedagogika universiteti hamda Georgia universiteti huzuridagi GATESOL vakillari o‘rtasida rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv ikki tomonlama akademik hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish yo‘lidagi muhim qadam sifatida e’tirof etildi.