Faxriy ustozlar e’zozda…
Keksalarni e’zozlash, ularga e’tibor qo‘lini uzatishg xalqimizga xos va mos, yaxshi fazilatlaridan biridir. Bejizga ustoz va murabbiylarni e’zozlab “Ustoz-otangdek ulug‘” deya ta’rif berishmagan. Ustozlik mas’uliyatli va mashaqqatli kasb, og‘ir va davomli mehnatni, sabr-toqatni talab qiladigan kasblardan biridir. Ustozlar zimmasida o‘z zamonasiga munosib avlodlarni tarbiyalashdek mas’uliyatli vazifa yuklatilgan bo‘ladi.
Qosim Abdusamotov, Abdusattor Abdurazzoqlar Jizzax davlat pedagogika institutining “Mehnat ta’limi va umumtexnika fanlari” kafedrasida 30 yildan oshiq mehnat qilib nafaqa chiqqan faxriy ustozlardir.
9 may “Xotira va qadrlash” kuni munosabati bilan institut rektori Sh. Sharipov boshchiligda 10 dan ziyod mehnat faxriylari holidan xabar olindi.
Ushbu uchrashuvlar Faxriy ustozlarga hurmat va ehtirom ko‘rsatish, qolaversa «Ustoz- shogird» ana’analarini davom ettirish, ko‘p yillik faoliyati davomida oliygoh bilan bog‘liq qiziqarli voqea va hodisalarga boy, ibratga chorlovchi mazmunli suhbatdan bahramand bo‘lish maqsadida tashkil etildi desak xato qilmagan bo‘lamiz.
Tinch va osuda kunlar shukronasida, nevara-evaralari ardog‘ida yashayotgan Qosim ota Abdusamotov bugun 82 yoshda.
—Shu kunlarga yetkazganiga shukr. Mening shu yoshga kirishimga, bugungidek tetik va xushnud bo‘lishim yurtimizdagi tinchlik, biz keksalarga ko‘rsatilayotgan hurmat va e’tibor tufayli, — deydi Qosim Abdusamatov.
Institut rektori Sh.Sharipov bilan Samimiy ruhda o‘tgan har bir suhbatda faxriylarimiz yurtimiz tinchligi, xalq farovonligi, turmushimiz osoyishtaligini ta’minlashda ko‘rsatgan zahmatli mehnatlari bugungi barkamol avlodning ulg‘ayishida ulkan hissa ekanligi ta’kidlashdi.
—Sizlarning bosib o‘tgan hayot yo‘lingiz va o‘gitlaringiz yoshlarimiz uchun yuksak namuna, ibrat maktabidir, — dedi institut rektori Sh.Sharipov “Uchariq” mahallasida istiqomat qiluvchi Abdusattor Abdurazzoqov bilan bo‘lgan suhbatda.
—Men doim farzandlarim va nevaralarimga tinchlik, oilaning qadriga yetishni, yurtimiz bundan ham chiroy ochishi uchun yaratilgan imkoniyatlardan foydalanib, o‘qib bilim olib, yurt ravnaqiga hissa qo‘shish zarurligini ta’kidlayman. — deydi A. Abdurazzoqov.
Mamlakatimizning yanada yuksalishi va yoshlarimizning baxtli yashashi uchun barchamiz birdek mas’ulmiz. Ayniqsa, bu yo‘lda katta hayotiy tajribaga ega bo‘lgan nuroniylarimizning maslahat va duolarini olgan holda ish olib borish, ularga mehr-muruvvat ko‘rsatish insoniy burchimiz sanaladi.
Yuzma-yuz suhbatlar chog‘ida faxriylar yurtimizda yaratilgan sharoit va imkoniyatlardan to‘la foydalangan holda chuqur bilim olish, yaxshi kasb egasi bo‘lish, shu orqali Vatanimiz taraqqiyoti uchun hissa qo‘shish yosh avlodning muqaddas burchi ekanligi ta’kidlashdi.
Jizzax davlat pedagogika instituti axborot xizmati