Barchasi inson qadri uchun…
3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni
Salomatligida muammo yoki nuqson bor kishilar, asosan, nogiron yoshlar mehr-muruvvat, e’tiborga muhtoj. Ularni muntazam ravishda har tomonlama qo‘llab-quvvatlash esa insoniylik burchimizdir. Jizzax davlatt pedagogika universiteti tashabbusi bilan Jizzax shaxridagi 32 –yordamchi maktab internatida tashkil etilgan “Barchasi inson qadri uchun” xayriya tadbiri ham ana shu e’tiborning kichik namunasi desak, xato qilmagan bo‘lamiz.
Tadbir maktab internati tarbiyalanuvchilarining ijodiy ishlaridan tashkil topgan ko‘rgazma bilan boshlandi. Tarbiyalanuvchilar tomonidan qo‘l mehnati bilan turli qo‘lbola predmetlar yordamida yaratilgan betakror san’at asarlari tomoshabinga estetik zavq beradi.
-Safimizdagi imkoniyati cheklanganlarni, xususan yoshlarni har tomonlama teng huquqliligini ta’minlash, qadr-qimmatini himoya qilish zarur. Jizzax shaxridagi 32 –Yordamchi maktab intrenatida bugungi kunda 261 nafar aqlan va jismonan nuqsoni bor bolajonlar tahsil olishadi. Maktab-intrenatga tashrif chog‘ida bu yerda tarbiyalanayotgan bolajonlar asosan kasb-hunarga yo‘naltirilishi haqida ma’lumotlarga ega bo‘ldik. Buni maktab internat o‘quvchilarining qo‘l mehnati mahsulotlaridan tashkil topgan ko‘rgazma namoyishidan ham bilib olishingiz mumkin. Ba’zan to‘rt muchali sog‘lom ammo qo‘lida hech qanday hunari yo‘q bo‘lgan, hayotdan nolib yashaydigan insonlarni uchratish mumkin. Nogironligi bo‘la turib, mehnat qilishga, hunar egallashga harakat qilayotgan bolajonlarning hayotiy pozitsiyasini ko‘rib, albatta, kishi o‘yga tushadi. Imkoniyati cheklangan bo‘lishiga qaramasdan mohirona tarzda yaratilgan turli uy ro‘zg‘or anjomlari, kashtachilik, duradgorlik, tikuvchilik buyumlarini ko‘rib ko‘zingiz quvnaydi. Bolalar yasagan yoki tikkan ishlarni ko‘rib biz ham lol qoldik. Chunki bularni kattalar ham maromiga yetkazib yasay olmaydi. Ularning har birida iste’dod yashirin. Faqat ularni chiqarishga, o‘zlarini namoyon etishlariga ko‘maklashishimiz kerak. Bolajonlarni qo‘llab quvvatlash maqsadida Jizzax davlat pedagogika universitetida ularning ijodiy ishlaridan iborat savdo yarmarkasini tashkil etmoqchimiz. O‘ylaymanki bu ko‘rgazma bolalarga katta rag‘bat bo‘ladi. Bundan maqsad bolajonlarga o‘z o‘z iste’dodlarini yuzaga chiqarishga yordam berishdir,-deydi universitet rektori Sh.Sharipov
-32-yordamchi maktab internatida Jizzax davlat pedagogika universitetining surdopedagogika, psixologiya, logopediya yo‘nalishlarida bilimini mustahkamlayotgan magistrlar ham faoliyat yuritishadi. Bugungi tadbirni ular bilan birgalikda tashkillashtirdik. Universitet tomonidan maktab internati tarbiyalanuvchilarini turli xildagi, qishki issiq kiyim kechaklar bilan ta’minlashga harakat qildik. Bu albatta boshlanishi. Biz bunday xayriya tadbirlarini faqat bugun emas, yil davomida tashkil etib kelmoqdamiz. Niyatimiz mana shu mehrli bolajonlar har doim insoning imkoniyatlari cheksiz ekanligiga ishonib yashashsin. Imkonsizlikdan imkon topib, hayot uchun kurashib, foydali ish bilan shug‘ullanishsin. Jamiyatga, yaqinlariga kerakli ekanliklarini his qilishsin,–deydi universitet Magistrlar bo‘limi rahbari R. Yarmatov
— Bir necha yildan buyon mana shu aqlan va jismonan nuqsoni bor bolalar bilan birgaman. Jamoamiz bilan ularning dardu tashvishlari va muammolari bilan yashaymiz. Ta’kidlashim kerakki, eng qiyin lahzalarda ham mana shu ko‘ngli nozik bolalarga umid va ishonch, yaxshilarning muruvvati yordam beradi. Juda ko‘p xayr-saxovatli insonlarning marhamatidan bahramand bo‘lganmiz. Ammo bugungi Jizzix davlat pedagogika universiteti tomonidan tashkil etilgan “Barchasi inson qadri uchun” xayriya-tadbiri o‘zgacha bo‘ldi. Biz bunday e’tiborni kutmagandik. Ko‘ngli o‘ksik insonlarni hayotni sevishga o‘rgatishdan ulug‘roq marhamat yo‘q! Barchasi uchun tashakkur – deydi maktab internat direktor o‘rinbosari Dilfuza Umarova
3-dekabr Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan tashkillashtirilgan tadbir davomida ta’lim muassasi tarbiyalanuvchilariga universitet tomonidan sovg‘alar topshirildi. Xayriya tadbiri musiqiy kechaga ulanib ketdi. Universitet badiiy jamoasining ajoyib kuy va qo‘shiqlari bilan davom etgan musiqiy dastur mehru muruvvatga muhtoj bolalar qalbiga shodlik, unutilmas onlar shukuhini hadya etdi…quvonch bag‘ishladi. Bir so‘z bilan aytganda bolalar shu kuni dildan yayrashdi.
Jizzax davlat pedagogika universiteti axborot xizmati