Avvalo, Siz azizlarni, 1 oktyabr- O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan samimiy tabriklayman.
Farzandining dunyoga kelib, dunyoni o‘rganishida xizmat qiluvchi birinchi tarbiyachisi ota-onasi hisoblansa, Uni inson sifatida kamol toptirishida, aqlni charxlovchi, unga o‘qish va yozish, go‘zal odob-axloq va tarbiya tushunchalari, hisob-kitob, dunyoviy bilimlari va odamiylik haqidagi tasavvurlar, mehr-oqibat, ezgu orzu-niyatlar bilan yashash tuyg‘ularini singdirishda, bu yorug‘ olamga mehr-muhabbat tuyg‘ularini uyg‘otishda, jamiyatda o‘zining o‘rnini topishda va ertangi kelajagini belgilab olishda ustoz va murabbiylarning o‘rni beqiyosdir.
Hazrat Navoyi ustozi haqida shunday degan edilar. “Dunyoning bor boylik va xazinasi bilan ham sizlarning oliyjanob mehnatingiz haqini ado etib bo‘lmaydi. Darhaqiqat, ustoz har bir murg‘ak qalbni xuddi o‘zining farzandidek qabul qilib uning tarbiyasi uchun ko‘z nuri, qalb qo‘ri, bor kuch-quvvatini bag‘ishlaydi. O‘quvchilarini o‘z farzandidek ardoqlab, yosh avlod tarbiyasiga butun borlig‘ini baxsh etadigan o‘qituvchi va murabbiylar esa tom ma’noda fidoyi kasb egalaridir.
Muhtaram o‘qituvchi-murabbiylar, aziz ustozlar!
Shu kunlarda Jizzax davlat pedagogika universiteti o‘zining 50 yillik tantanalarini nishonlamoqda. Ushbu dargoh o‘z faoliyatini dastlab 29 nafar ustozlar bilan boshlagan bo‘lsa, bugungi kelib bu raqamlar 700 nafarda ziyodini tashkil etadi. 1978 yil Jizzax davlat pedagogika instituti o‘zining 249 nafar ilk talabalarini qabul qilib olgan bo‘lsa, o‘tgan 50 yil davomida esa bitirgan talabalarning umumiy soni 52857 nafardan oshdi. Ular orasida el nazariga tushgan, nafaqat Respublikamizda balki xorijda ham turli sohalarda faoliyat yuritayotgan rahbar xodimlar va ustozlarning borligi ko‘ksimizni faxrga to‘ldiradi.
Shu o‘rinda aytish joizki, bunday yutuqlarda ta’lim muassasamizda ham uzoq yillar faoliyat ko‘rsatib, bugungi kunda shogirdlariga o‘z maslahatlarini ayamay, yosh kadrlar bilan yelkama-yelka xizmat qilayotgan ustoz faxriylarimizning hissasi beqiyosdir.
Professor-o‘qituvchilarimiz orasida ko‘plab medal va ordenlarning sohiblari, 100 dan ortiq “Xalq ta’limi a’lochi”lari, “Oliy ta’lim a’lochisi” ko‘krak nishonlarini qo‘lga kiritganlar mavjud.
Shuni faxr bilan aytolamanki, kuni kecha davlatimiz rahbarining farmoniga asosan, Jizzax davlat pedagogika universitetining informatika va raqamli ta’lim texnologiyalari kafedrasi dotsenti Tangirov Xurram Ergashevich “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi. Shuningdek, Abduvali Shamsiyev, Umirboy Pirnazarov, Ahrorqul Pardayev, Baxti Ochilova, Olim Muqimov, Sotqinoy Aliqulova, Abdug‘ofur Mamatov hamda Zuhra Yaxshiyeva kabi professor-o‘qituvchilarimiz Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining oliy ta’lim a’lochisi ko‘krak nishoni bilan taqdirlandilar.
Vatanimizning ertangi kunining poydevorini yaratayotgan bu insonlarning oliyjanob mehnatiga har qancha tahsin aytsak, har qancha minnatdorlik bildirsak shuncha oz!
Muhtaram o‘qituvchi-murabbiylar, aziz ustozlar!
Bizning asosiy maqsadimiz dunyodagi taraqqiy topgan demokratik davlatlar qatoriga kirish, xalqimiz uchun erkin va farovon hayot qurishdan iborat.Ana shu vazifani sidqidildan uddalaydigan bilimli va iste’dodli, hech kimdan kam bo‘lmagan navqiron avlodni tarbiyalash bugungi kunda davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Ayni shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining bevosita ta’lim-tarbiya sohasiga daxldor bo‘lgan farmonlari, qaror va farmoyishlari qabul qilinganini ta’kidlash o‘rinlidir.
Ana shu qaror va farmonlar ijrosi sifatida bugungi kunda O‘qituvchi va domlalar, tarbiyachi va murabbiylar, ilm-fan sohasi xodimlari uchun munosib sharoitlar yaratilmoqda, ularning mashaqqatli mehnatini rag‘batlantirish, moddiy ta’minotini yaxshilash borasidagi ishlar yangi bosqichga ko‘tarildi.
Ta’kidlash joiz, bugungi kunda davlatimiz va muhtaram prezidentimiz tomonidan ta’lim-tarbiya muassasalariga katta e’tibor berilayotganligi sababli moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, muallimlar, professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish, xorijdagi yetakchi ta’lim markazlari bilan ilmiy-pedagogik hamkorlikni kuchaytirish, o‘quv-tarbiya jarayonlariga zamonaviy ta’lim va axborot texnologiyalarini, yangi o‘quv metodikalarini joriy etishga keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Jizzax davlat pedagogika universiteti ham ana shu imkoniyatlardan foydalanib, ezgu tamoyillar asosida o‘z faoliyatini davom ettirmoqda.
Har bir jamiyatda inson resursini kamol toptirish va shakllantirishda o‘qituvchining o‘rni beqiyos hisoblanadi. Olib borilayotgan islohotlarning qanchalik inson ongi va tafakkuriga to‘g‘ri yetkazib borilishi natijasida ushbu islohotlar jamiyat taraqqiy etishiga xizmat qiladi.
Aziz ustozlar, murabbiylar, ta’lim sohasining fidoyilari!
Siz jamiyatning asosiy zanjiri, bugunning qahramonlarisiz. Sizdek zahmatkash va mehribon ustozlarimizni mamlakatimiz hayotidagi qutlug‘ sana 1-oktyabr-O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan samimiy muborakbod etaman.
Hayot bor ekan, o‘qituvchilik kasbi o‘zining ma’no-mazmuni va oliyjanobligini, ahamiyati va hurmatini hech qachon yo‘qotmaydi.
“O‘qituvchini hurmat qilmaganni, men ham hurmat qilmayman”, – deya ta’kidlagan Prezident.
Azizlar, oxirgi 6-yilda davlatimiz tomonidan o‘qituvchilarga alohida e’tibor ko‘rsatilib ularning mavqeini ko‘tarish uchun bir necha qaror va farmonlar chiqdi. Endilikda, Yangi Konstitutsiyada o‘qituvchining jamiyatda tutgan o‘rnini yuksak darajada e’tirof etilib, muhrlab qo‘yildi. Shu tariqa, ustozlar huquq sohasi vakili bo‘lmagan, lekin oliy qonunda alohida tilga olingan yagona kasb egalariga aylandi. Jamiyatda ushbu kasb egalariga nisbatan yillar davomida shakllangan munosabat ijobiy tomonga o‘zgardi.
Ustozlik maqomi juda ham oliy saodat. Ilm-u ma’rifat yo‘lida bizga saboq bergan, hayotda o‘z o‘rnimizni topishimizga ko‘mak bergan muhtaram ustozlarimiz hamisha e’zozda bo‘lishsin.
Dunyodagi eng bebaho boylik – aql-zakovat va ilm, o‘lmas meros – yaxshi tarbiyadir. Sizlar esa dunyodagi eng bebaho boylik va boqiy merosni yaratish, uni xalqimizga yetkazish yo‘lida chinakam fidoyilik ko‘rsatib mehnat qilayotgan ulug‘ insonlarsiz!
Siz, azizlarni qutlug‘ bayramingiz bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, baxt-u saodat, xonadonlaringizga fayz-u baraka tilayman.