2024 yil 7-sentyabrdagi O‘RQ-957 sonli qonuni bilan “Ta’lim to‘g‘risida”gqonunigaga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilgan. Xususan, 3-moddasiga ham.
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING QONUNI TA’LIM TO‘G‘RISIDA Qonunchilik palatasi tomonidan 2020 yil 19 mayda qabul qilingan Senat tomonidan 2020 yil 7 avgustda ma’qullangan
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi ta’lim sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
davlat akkreditatsiyasi — davlat ta’lim muassasalari va tashkilotlari, shuningdek nodavlat ta’lim tashkilotlari (bundan buyon matnda ta’lim tashkilotlari deb yuritiladi) faoliyatining davlat ta’lim standartlari va davlat ta’lim talablariga hamda o‘quv dasturlariga muvofiqligining davlat tomonidan e’tirof etilishi hamda ularning bitiruvchilariga ma’lumot to‘g‘risidagi hujjatlarni topshirish huquqining taqdim etilishidan iborat jarayon;
davlat ta’lim muassasasi — davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan davlat mulki bo‘lgan mol-mulk negizida tashkil etilgan, davlat ta’lim standartlariga va davlat ta’lim talablariga muvofiq ta’lim beradigan muassasa;
davlat ta’lim standartlari — davlat tomonidan ta’limning mazmuni va sifatiga nisbatan belgilanadigan talablar majmui;
davlat ta’lim talablari — ta’limning tuzilmasiga, mazmuniga va uni amalga oshirish shart-sharoitlariga, shuningdek ta’lim oluvchilarning jismoniy, shaxsiy, intellektual, ilmiy hamda kasbiy sifatlariga qo‘yiladigan majburiy talablar;
Oldingi tahrirga qarang.
kompleks davlat akkreditatsiyasi — o‘rta maxsus, professional, oliy ta’limni va oliy ta’limdan keyingi ta’limni, shuningdek kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlashni amalga oshiruvchi davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlarini tashqi baholash natijalariga asoslangan jarayon;
maxsus davlat akkreditatsiyasi — o‘rta maxsus, professional, oliy ta’limni va oliy ta’limdan keyingi ta’limni, shuningdek kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni amalga oshiruvchi davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlarida ta’lim dasturlari bo‘yicha o‘quv jarayoni boshlanishidan oldin amalga oshiriladigan jarayon;
(3-modda O‘zbekiston Respublikasining 2024 yil 7 sentyabrdagi O‘RQ-957-sonli Qonuniga asosan oltinchi va yettinchi xatboshilar bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 09.09.2024 y., 03/24/957/0689-son)
malaka — shaxsning kasbiy faoliyatning muayyan turini bajarishga tayyorgarligini ifodalaydigan, ma’lumot to‘g‘risidagi tegishli hujjat bilan tasdiqlanadigan bilim, qobiliyat, mahorat va ko‘nikmalar darajasi;
mutaxassislik — malaka berish bilan yakunlanadigan muayyan kasbiy tayyorgarlik turining nomi;
Oldingi tahrirga qarang.
nodavlat ta’lim tashkiloti — davlat ta’lim standartlari, davlat ta’lim talablari va o‘quv dasturlariga muvofiq ta’lim xizmatlari ko‘rsatish faoliyatini amalga oshirish huquqini beradigan litsenziya asosida yoki xabardor qilish tartibida ta’lim xizmatlari ko‘rsatuvchi yuridik shaxs;
(3-moddaning sakkizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021 yil 12 oktyabrdagi O‘RQ-721-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.10.2021 y., 03/21/721/0952-son)
tarbiya — aniq maqsadli hamda ijtimoiy-tarixiy tajriba asosida yosh avlodni har tomonlama kamol toptirishga, ularning ongini, ma’naviy-axloqiy qadriyatlar va dunyoqarashini shakllantirishga qaratilgan tizimli jarayon;
ta’lim — ta’lim oluvchilarga chuqur nazariy bilim, malakalar va amaliy ko‘nikmalar berishga, shuningdek ularning umumta’lim va kasbiy bilim, malaka hamda ko‘nikmalarini shakllantirishga, qobiliyatini rivojlantirishga qaratilgan tizimli jarayon;
Oldingi tahrirga qarang.
ta’lim dasturi — davlat ta’lim standartlariga, kasb standartlariga va milliy (tarmoq) malaka doirasiga muvofiq ishlab chiqilgan ta’lim standartlaridan, o‘quv rejalaridan, o‘quv dasturlaridan va tegishli uslubiy ko‘rsatmalardan iborat normativ-uslubiy hujjatlar majmui;
(3-modda O‘zbekiston Respublikasining 2024 yil 7 sentyabrdagi O‘RQ-957-sonli Qonuniga asosan o‘n uchinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 09.09.2024 y., 03/24/957/0689-son)
ta’lim kampusi — yagona hududda birlashtirilgan o‘quv binolarini, ilmiy-tadqiqot institutlarini (markazlarini), ishlab chiqarish majmualari va texnoparklarni, ta’lim-tarbiya jarayoni ishtirokchilarining vaqtincha yashash joylarini, laboratoriyalarni, axborot-resurs markazlarini (kutubxonalarni), sport inshootlarini, umumiy ovqatlanish obyektlarini o‘z ichiga olgan binolar hamda inshootlar majmuidan iborat bo‘lgan, o‘quv jarayoni, ma’naviy-axloqiy tarbiyaning yuqori samaradorligini ta’minlaydigan ta’lim-tarbiya muhiti;
ta’lim-tarbiya jarayoni ishtirokchilari — ta’lim oluvchilar, voyaga yetmagan ta’lim oluvchilarning ota-onalari yoki boshqa qonuniy vakillari, pedagog xodimlar va ularning vakillari;
ta’lim tashkilotlari attestatsiyasi — ta’lim tashkilotlarining faoliyatini baholash, davlat ta’lim standartlari, davlat ta’lim talablari hamda o‘quv dasturlariga muvofiq kadrlar tayyorlash mazmuni, darajasi va sifatini aniqlash bo‘yicha davlat nazoratining asosiy shakli;
Oldingi tahrirga qarang.
xalqaro akkreditatsiya — ta’lim sohasidagi vakolatli respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyatni amalga oshirishga vakolat berilgan va xalqaro akkreditatsiya tashkilotlarining reyestriga kiritilgan xalqaro ta’lim sifatini ta’minlash tarmoqlarining to‘la huquqli a’zosi bo‘lgan xalqaro akkreditatsiya tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladigan jarayon.
(3-modda O‘zbekiston Respublikasining 2024 yil 7 sentyabrdagi O‘RQ-957-sonli Qonuniga asosan o‘n yettinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 09.09.2024 y., 03/24/957/0689-son)
Ko‘rib turganingizdek, qonunning ushbu moddasida ta’lim to‘g‘risidagi asosiy (umumiy) tushunchalar tarifi va mazmuni berilgan. Ushbu qonun 3-moddasi ijrosini ta’minlash, hayotga va amaliyotga tatbiq etish maqsadida “Nizom”, “Qoida”, “Tartib” shaklida har bir asosiy tushunchalarga kengaytirilgan me’yoriy-huquqiy hujjatlar ishlab chiqilgan.
Masalan: agar pedagog xodimlar malaka oshirish kursini tugatgandan so‘ng ketma-ket ikki marta attestatsiyadan (malaka kurslarini bitiruv imtihoni) o‘tolmasa, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 161-moddasi 2-qismi 3)-bandiga ko‘ra “xodimning malakasi yetarli bo‘lmaganligi sababli egallab turgan lavozimiga yoki bajarayotgan ishiga muvofiq emasligi” tufayli mehnat shartnomasi ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilinadi.
