15-mart kuni ijtimoiy tarmoqlarda “Jizzax davlat pedagogika universiteti jadidlar orzusimi yoki korrupsiya o‘chog‘i?” sarlavhasi ostida e’lon qilingan murojaatga Jizzax davlat pedagogika universiteti rahbariyatining
MUNOSABATI
Ushbu postda murojaatchilar “Universitetda joriy qilingan o‘qituvchini 110 ballik baholash tizimi teskari natija berayotganini, ballik baholash mezoni bahonasida o‘qituvchilarga bosim o‘tkazilayotgani, Universitet ma’muriyati korrupsiyaga berilganligi sabab sirtqi bo‘limda talabalar darslarga kelmasdan baho olishayotgani, auditoriyalar zamonaviy texnik vositalardan mahrum ekanligini va rahbariyatni bu muammolarga e’tibor qaratishini” bayon qilishgan.
2021-2022-o‘quv yilidan boshlab Jizzax davlat pedagogika universitetida professor-o‘qituvchilarning faoliyati samaradorligi ko‘rsatkichlari KPI (110 ballik) tizimi universitetdagi ichki (main.jdpu.uz) elektron platformasida universitet Kengashida tasdiqlangan baholash komissiyasi tarkibi tomonidan amalga oshiriladi.
Universitetda pedagog xodimlarni baholash tizimi halollik, professionallik va shaffoflik prinsiplariga asoslangan. 110 ballik baholash tizimi xalqaro standartlarga mos bo‘lib, pedagog xodimlar faoliyatini integrativ baholashga qaratilgan. Bu tizim pedagog xodimlarni ishdan olish uchun emas, balki ularning mas’uliyatini oshirish orqali talabalarga sifatli ta’lim berishlarini rag‘batlantirish maqsadida joriy etilgan. Shuningdek, ushbu tizim faqat jazolash mexanizmi emas, balki rag‘batlantirish jarayoniga ham alohida e’tibor qaratilgan. Universitet Kengashida har o‘quv yili boshida KPI (110 ballik) tizimining uslubiyati, professor-o‘qituvchilar faoliyatini baholash uchun universitet komissiya tarkibi tasdiqlanib, ular har chorak bo‘yicha hisobotni universitet Kengashiga taqdim etib keladi. Baholash komissiya tarkibiga 15 nafar professor-o‘qituvchilar Ochilova Baxti Murodovna, Yaxshiyeva Zuhra Ziyatovna, Tangirov Xurram, Aqchaev Farrux Shavkatovich kabi tajribali pedagoglar, yetakchi olim va yuqori malakali mutaxassislar jalb etilgan. 2022-2023 o‘quv yilida mazkur tizimda baholash natijalariga ko‘ra 84 nafar professor- o‘qituvchi rag‘batlantirilgan, 2023-2024 o‘quv yilida esa 19 nafar professor-o‘qituvchiga bir martalik maosh miqdorida rag‘batlantirish berilgan.
Universitetda talabalarning davomati qat’iy nazoratda bo‘lib, HEMIS tizimi orqali onlayn tarzda kuzatiladi. JDPUda sirtqi ta’lim talabalarining davomati 95% dan yuqori ekanligi rasmiy statistik ma’lumotlar bilan tasdiqlangan. Bundan tashqari, yakuniy nazorat imtihonlariga qatnashish barcha talabalar uchun majburiy bo‘lib, hech bir talabaga hozir bo‘lmasdan baho qo‘yilishi mumkin emas.Bugun universitetning barcha o‘quv auditoriya va yo‘laklariga 1010 ta ovozli kameralar (sirtqi bo‘limga 152 dona) o‘rnatilgan bo‘lib, uning nazorati yo‘lga qo‘yilgan. Demak, murojaatda keltirilgan “Talabalar darslarga kelmay baho olmoqda” degan iddao asossiz.
Universitetda barcha hujjatlar elektron tizim orqali yuritiladi. Hech bir professor-o‘qituvchi hujjatlar bilan xonama-xona yurib, qog‘ozbozlikka tortilib qolmaydi. Universitetda insonlar emas, balki hujjatlar aylanadi. Har qanday qarorlar, pedagogik jarayonga oid hisobotlar va boshqa rasmiy hujjatlar elektron platforma orqali amalga oshiriladi. Bu jarayon 2021 yildan boshlab to‘liq raqamlashtirilgan bo‘lib, universitet elektron hujjat aylanishi va raqamli boshqaruv tizimi bo‘yicha respublikadagi yetakchi oliygohlardan biri sifatida e’tirof etilgan. Binobarin, hech bir o‘qituvchi hujjatlarni qo‘lda ko‘tarib, xonama-xona yurmaydi.
Shuningdek , universitet respublikadagi moddiy-texnik ta’minot bo‘yicha yetakchi oliygohlardan biri hisoblanadi. Bugungi kunda universitetda 1410 ta kompyuter mavjud bo‘lib, o‘quv jarayonida foydalanilmoqda. Universitet internet tezligi 1 Gb/s tashkil etadi va 108 ta Wi-Fi uskunalari o‘rnatilgan. Auditoriyalar 114 ta proektor, 51 ta smart doska, 55 ta interaktiv panel, 8 ta elektron minbar (E-minbar) va 224 ta televizor bilan ta’minlangan.
Ayni paytda oliygohda 650 dan ortiq professor-o‘qituvchi faoliyat yuritadi va ular shaffof tanlov asosida ishga qabul qilinadi. Universitetda jamoatchilik kengashi tizimi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ishga kirish istagida bo‘lgan pedagoglar va xodimlar ochiq tanlov asosida baholanadi. Faqat haqiqiy malaka va bilimga ega nomzodlar ishga qabul qilinishi belgilangan. Rektor bu jarayonlarga aralashmaydi, qarorlar mustaqil tanlov komissiyasi tomonidan qabul qilinadi.
Jizzax davlat pedagogika universiteti mamlakatimiz ta’lim tizimida o‘zining munosib o‘rniga ega bo‘lib, hozirgi kunda yuqori malakali kadrlar tayyorlashda faoliyat yuritmoqda. Universitet shaffoflik va halollik tamoyillariga asoslangan holda ish olib boradi, korrupsiyaga qarshi keskin chora-tadbirlar qo‘llanilmoqda va bitiruvchilarning ish bilan ta’minlanishi bo‘yicha samarali mexanizmlar joriy etilgan.
Jizzax davlat pedagogika universiteti rasmiy manbalar orqali o‘z faoliyati bo‘yicha barcha ma’lumotlarni taqdim etishga tayyor. Biz ommaviy axborot vositalari va jamoatchilikni har qanday ma’lumotni muhokama qilishda xolis yondashishga, haqqoniy va tasdiqlangan axborotni tarqatishga chaqiramiz. Shu munosabat bilan, Jizzax davlat pedagogika universiteti haqidagi har qanday asossiz va yolg‘on ma’lumotlarni rad etamiz va jamoatchilikni haqiqatga asoslangan ma’lumotlardan foydalanishga chaqiramiz.
Jizzax davlat pedagogika universiteti axborot xizmati