Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining o‘rinbosari Jizzax davlat pedagogika institutida bo‘ldi.
Bugun Oliy ta’limi vazirining axborot texnologiyalari va yoshlar bo‘yicha o‘rinbosari Yusuf Absoatov Jizzax davlat pedagogika instituti faoliyati xususan 5 tashabbus doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Xabaringiz bor 2020-yil 30-oktyabrda «Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» gi Prezident Farmoni imzolangan edi. Farmonda respublikada aholi o‘rtasida ommaviy sportni rivojlantirish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishda yurish, yugurish, mini-futbol, velosport, badminton, stritbol bilan bir qatorda “Workout” (mahalla va ko‘cha fitnesi) sportning ustuvor turlaridan biri sifatida belgilandi. Bugungi kunda barcha avlod vakillari erkin harakatlanish va rivojlanishi uchun imkon beradigan sport turlarini tanlashga intilmoqda. Ammo barcha fuqarolar xususan talaba yoshlar ham darsdan keyin fitnes markazga borish uchun vaqt yoki iqtisodiy imkoniyat topa olmasligi mumkin. Institutda qurib foydlanishga topshirilgan Workout (mahalla va ko‘cha fitnesi) maydonchasi nafaqat talaba yoshlarga balki, ishlash va yashash joyi yaqin bo‘lgan yurtdoshlarimizga ham istalgan vaqtda, hech qanday sarf-xarajatsiz shug‘ullanish imkonini beradi.
Vazir o‘rinbosari Yusuf Absoatov “Workout” maydonchasida yaratilgan sharoitlar bilan tanishar ekan ana shular xususida to‘xtaldi.
Institut qoshida tashkil etilgan “Izlanish” talabalar klubining 100 nafarga yaqin a’zolari bor. Ularning aksariyati adabiyotga mehr qo‘ygan, ijod olamiga oshufta yoshlar. Oliygohda shuningdek, Talabalar teatr studiyasi faoliyat yuritmoqda. Bu maskan sahna shinavandasi bo‘lgan yoshlarni o‘zida jamlagan. Jizzaxlik talabalar orasida shuningdek, maqom san’atiga qiziqadigan yoshlarimiz ham ko‘pchilikni tashkil etadi. Ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida maqomchilar ansambli ham tashkil etildi. Oliygoh rektori Sh.S.Sharipov tashabbusi bilan tashkil etilgan maqom ansambliga Eson Lutfullaev nomi berildi.
Oliy ta’lim vazir o‘rinbosari Yusuf Absoatov tashrifi mazkur institutdagi pedagogik jamoa a’zolari, professor-o‘qituvchilar bilan ta’lim tizimida olib borilayotgan islohotlar, Prezidentimizning farmon va qarorlari bo‘yicha qilingan ishlar yuzasidan o‘tkazilgan uchrashuv bilan o‘z yakuniga yetdi.