O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 8 avgustdagi “Davlat muassasalarini isloh qilishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 123-sonli Qaroriga asosan Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 21 iyuldagi 302-sonli qarori bilan “Davlat muassasalari to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.
Mazkur nizomda:
d
avlat muassasasining huquqiy maqomi; davlat muassasasining huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi;
davlat muassasasini tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish tartibi;
davlat muassasasi filiallari va vakolatxonalarini tashkil etish tartibi;davlat muassasasi faoliyatining ochiqligi va oshkoraligini ta’minlash tamoyillari;
davlat muassasasi faoliyatini nazorat qilish tartibi belgilab berilgan.
Xususan, Nizomning 2-bandida: “Davlat muassasasi boshqaruv, ijtimoiy-madaniy yoki boshqa notijorat tusdagi vazifalarni amalga oshirish uchun davlat organi yoki tashkiloti tomonidan tashkil etilgan hamda to‘liq yoxud qisman u tomonidan moliyalashtiriladigan yuridik shaxs hisoblanadi.
Davlat muassasasi O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhrga va blankalarga, mustaqil balansga, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi g‘aznachiligida shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga, bank hisobvaraqlariga, shu jumladan, xorijiy valyutadagi shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga ega bo‘ladi.
Davlat muassasasi belgilangan tartibda o‘z nomidan mulkiy va shaxsiy nomulkiy huquqlarni olishi va amalga oshirishi, shuningdek, zimmasiga majburiyatlar olishi, sudda da’vogar va javobgar bo‘lishi mumkin” -deb ko‘rsatilgan.
Nizomning 4-bandida: Davlat muassasasining muassislari davlat organlari va boshqa davlat muassasalari bo‘lishi mumkin.
Davlat muassasasining muassisi o‘zining qarori, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tashkil etiladi (qayta tashkil etiladi).
Nizom davlat muassasasining huquqiy maqomi, huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi, davlat muassasasini, uning filiallari va vakolatxonalarini tashkil etish hamda faoliyatini nazorat qilish tartibini belgilaydi”-deb, ko‘rsatilgan.
Nizomning 5-bandida: “Davlat muassasasi monopoliyaga qarshi organning dastlabki roziligi olingandan so‘ng tashkil etiladi yoki qayta tashkil etiladi.
Monopoliyaga qarshi organ tomonidan davlat muassasasini tashkil etish (qayta tashkil etish) rad etilganda, davlat muassasasi ro‘yxatdan o‘tkazilmaydi”-deb ko‘rsatilgan.
Nizomning 8-bandida “ Davlat muassasasini tashkil etish to‘g‘risidagi qarorda hamda uning ustavi (nizomi)da tashkiliy-huquqiy shakli davlat muassasasi ekanligi ko‘rsatiladi.
Davlat muassasasi, agar uni tashkil etish to‘g‘risidagi hujjatda boshqacha qoida belgilanmagan bo‘lsa, faoliyat ko‘rsatish muddati cheklanmagan bo‘ladi”-deb ko‘rsatilgan.
Nizomning 9-bandida: “Davlat muassasasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligining (keyingi o‘rinlarda — Davaktiv agentligi) davlat muassasasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risidagi buyrug‘i mavjud bo‘lganda, davlat xizmatlari markazida belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi.
Davlat muassasasi davlat xizmatlari markazida uni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va qayta ro‘yxatdan o‘tkazish chog‘ida bir vaqtning o‘zida soliq va statistika organlarida hisobga qo‘yiladi.
Davlat muassasasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan boshlab tashkil etilgan hisoblanadi”-deb ko‘rsatilgan.
Nizomning 49-bandida: “Davlat muassasasi quyidagi hollarda tugatilishi mumkin:
faoliyat ko‘rsatish muddati tugaganda;
uni tashkil etishdan ko‘zlangan maqsadga erishilganda;
tashkil qilish vaqtida qonunchilik hujjatlari talablari buzilishiga yo‘l qo‘yilganligi aniqlanganda;
sud davlat muassasasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni haqiqiy emas deb topganda;
agar qonunchilik hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, faoliyat ruxsatnomasiz (litsenziyasiz) amalga oshirilgan yoki qonunda taqiqlangan faoliyat amalga oshirilgan taqdirda, sudning qaroriga ko‘ra;
oxirgi olti oy mobaynida faoliyat ko‘rsatmayotgan bo‘lsa;
qonunchilikda belgilangan boshqa hollarda”-deb ko‘rsatilgan.
Qaror davlat muassasalari faoliyatida zamonaviy boshqaruv usullari, ochiqlik va oshkoralik tamoyillarini joriy etishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Yuridik xizmat
[
ОКОЗ:
1.03.00.00.00 Фуқаролик қонунчилиги / 03.03.00.00 Юридик шахслар / 03.03.10.00 Нотижорат ташкилотлари / 03.03.10.05 Муассасалар]
[
ТСЗ:
1.Давлат ва жамият қурилиши / Давлат ҳокимияти органлари. Давлат ва хўжалик бошқаруви органлари]
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Davlat muassasalari to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Davlat muassasalarini isloh qilishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2022 yil 8 fevraldagi PQ-123-son
qarori ijrosini ta’minlash hamda davlat muassasalari faoliyatida zamonaviy boshqaruv usullari, ochiqlik va oshkoralik tamoyillarini joriy etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
- Quyidagilarni nazarda tutuvchi Davlat muassasalari to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
davlat muassasasining huquqiy maqomi;
davlat muassasasining huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi;
davlat muassasasini tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish tartibi;
davlat muassasasi filiallari va vakolatxonalarini tashkil etish tartibi;
davlat muassasaci faoliyatining ochiqligi va oshkoraligini ta’minlash tamoyillari;
davlat muassasasi faoliyatini nazorat qilish tartibi.
- Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 8 maydagi 273-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat mulki ob’ektlarining hisobini yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizomga 2-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
- Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori A.J. Ortiqov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2023 yil 21 iyul,
302-son
Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 21 iyuldagi 302-son qaroriga
1-ILOVA
Davlat muassasalari to‘g‘risidagi
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
- Mazkur Nizom davlat muassasasining huquqiy maqomi, huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi, davlat muassasasini, uning filiallari va vakolatxonalarini tashkil etish hamda faoliyatini nazorat qilish tartibini belgilaydi.
- Davlat muassasasi boshqaruv, ijtimoiy-madaniy yoki boshqa notijorat tusdagi vazifalarni amalga oshirish uchun davlat organi yoki tashkiloti tomonidan tashkil etilgan hamda to‘liq yoxud qisman u tomonidan moliyalashtiriladigan yuridik shaxs hisoblanadi.
Davlat muassasasi O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhrga va blankalarga, mustaqil balansga, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi g‘aznachiligida shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga, bank hisobvaraqlariga, shu jumladan, xorijiy valyutadagi shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga ega bo‘ladi.
Davlat muassasasi belgilangan tartibda o‘z nomidan mulkiy va shaxsiy nomulkiy huquqlarni olishi va amalga oshirishi, shuningdek, zimmasiga majburiyatlar olishi, sudda da’vogar va javobgar bo‘lishi mumkin.
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Vazirlar Mahkamasining hujjatlari bilan tashkil etilgan davlat muassasalari, basharti, mazkur hujjatlarda faoliyatning litsenziyalanadigan turlarini amalga oshirish nazarda tutilgan bo‘lsa, faoliyatning ushbu turlarini litsenziya olmasdan amalga oshirishga haqlidir. Mazkur qoida ko‘rsatilgan davlat muassasalarini litsenziya talablari va shartlarini bajarishdan ozod etmaydi.
2-bob. Davlat muassasasini tashkil etish va qayta tashkil etish
- Davlat muassasasining muassislari davlat organlari va boshqa davlat muassasalari bo‘lishi mumkin.
Davlat muassasasining muassisi o‘zining qarori, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tashkil etiladi (qayta tashkil etiladi). Ushbu qarorda uning muassisi ko‘rsatiladi. Bunda:
bir tovar bozorida beshta va undan ortiq xususiy tadbirkorlik sub’ektlari faoliyat yuritib kelayotgan, raqobat rivojlangan va xo‘jalik faoliyatini amalga oshirish vakolatlari berilgan sohalarda (mudofaa qobiliyati va milliy xavfsizlikni ta’minlash faoliyati bundan mustasno);
davlat organlari tomonidan o‘zlariga litsenziyalash, ruxsat berish, ro‘yxatga olish va akkreditatsiyadan o‘tkazish vakolati berilgan sohalarda davlat muassasalari tashkil etilmaydi.
Davlat muassasasi nodavlat yuridik shaxslar va jismoniy shaxslar tomonidan yoki ular bilan birgalikda tuzilishi mumkin emas.
- Davlat muassasasi monopoliyaga qarshi organning dastlabki roziligi olingandan so‘ng tashkil etiladi yoki qayta tashkil etiladi.
Monopoliyaga qarshi organ tomonidan davlat muassasasini tashkil etish (qayta tashkil etish) rad etilganda, davlat muassasasi ro‘yxatdan o‘tkazilmaydi.
- Davlat muassasasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda faoliyat sohasiga tegishli bo‘lmagan uyushmalar (ittifoqlar) shaklidagi birlashmalar tuzishi va ularga a’zo bo‘lishi mumkin.
- Davlat muassasasi qonunlarga, qonunchilik hujjatlariga, ushbu Nizomga va o‘zining ustavi (nizomi)ga muvofiq faoliyat yuritadigan o‘z organlari orqali fuqarolik huquqlari va majburiyatlariga ega bo‘ladi.
- Davlat muassasasini tashkil etish to‘g‘risidagi qarorda hamda uning ustavi (nizomi)da tashkiliy-huquqiy shakli davlat muassasasi ekanligi ko‘rsatiladi.
Davlat muassasasi, agar uni tashkil etish to‘g‘risidagi hujjatda boshqacha qoida belgilanmagan bo‘lsa, faoliyat ko‘rsatish muddati cheklanmagan bo‘ladi.
- Davlat muassasasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligining (keyingi o‘rinlarda — Davaktiv agentligi) davlat muassasasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risidagi buyrug‘i mavjud bo‘lganda, davlat xizmatlari markazida belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi.
Davlat muassasasi davlat xizmatlari markazida uni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va qayta ro‘yxatdan o‘tkazish chog‘ida bir vaqtning o‘zida soliq va statistika organlarida hisobga qo‘yiladi.
Davlat muassasasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan boshlab tashkil etilgan hisoblanadi.
- Davlat muassasasini tashkil etishning belgilangan tartibini buzish yoki davlat muassasasi ustavi (nizomi)ning qonunchilikka mos kelmasligi uni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishning rad etilishiga sabab bo‘ladi.
Davlat muassasasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish boshqa asoslarga ko‘ra rad etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
- Davlat muassasasining ustavi (nizomi) hamda tashkiliy tuzilmasi muassis tomonidan, markaziy apparat va hududiy bo‘linmalari tuzilmalari muassis bilan kelishgan holda uning rahbari tomonidan tasdiqlanadi (O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumat qarorlarida belgilangan hollar bundan mustasno).
Davlat muassasasining markaziy apparati va hududiy bo‘linmalari tuzilmalariga, agar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Vazirlar Mahkamasi hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, zarur hollarda, uning rahbari tomonidan boshqaruv xodimlarining belgilangan umumiy soni doirasida o‘zgartirish kiritilishi mumkin.
Bunda O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan davlat muassasasining markaziy apparat va hududiy bo‘linmalarining shtatlar jadvali belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi yoki uning hududiy bo‘linmasida ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
Agar davlat muassasasi to‘g‘risidagi nizom yoki ustav normativ-huquqiy hujjat bilan tasdiqlanishi belgilangan bo‘lsa, nizom yoki ustav muassis tomonidan tasdiqlanishi talab etilmaydi.
- Davlat muassasasi ustavi (nizomi)da quyidagi ma’lumotlar ko‘rsatilishi lozim:
davlat muassasasi va uning muassisi nomi (davlat, ingliz va rus tilida), joylashgan yeri (pochta manzili);
idoraviy mansubligi, hududiy va idoraviy tuzilmalari;
davlat muassasasining asosiy vazifalari, funksiyalari, faoliyat yo‘nalishlari, huquqlari va majburiyatlari;
davlat muassasasi rahbariyatini shakllantirish tartibi;
davlat muassasasining hay’ati, boshqa kengash, maslahat, ekspert organlari (mavjud bo‘lganda);
davlat muassasasi va uning hududiy tuzilmalari rahbarlarining funksional vazifalari, huquqlari va majburiyatlari;
davlat muassasasining davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorligi;
davlat muassasasi faoliyatining samaradorligi va natijadorligini baholash mezonlari hamda indikatorlarini belgilash tartibi;
davlat muassasasiga biriktirilgan va o‘z faoliyati davomida vujudga kelgan mulklaridan foydalanish shartlari;
davlat muassasasi hisobdorligi;
davlat muassasasini moliyalashtirish va moddiy-texnik ta’minlash, uning xodimlari mehnatiga haq to‘lash va ularni moddiy rag‘batlantirish tartibi;
davlat muassasasini qayta tashkil etish va tugatish tartibi;
qonunchilik hujjatlariga zid bo‘lmagan boshqa qoidalar ham bo‘lishi mumkin.
Mazkur bandning sakkizinchi, to‘qqizinchi va o‘ninchi xatboshilari faqatgina O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining hujjatlari bilan tashkil etilgan respublika darajasidagi davlat muassasalarining ustavi (nizomi)da ko‘rsatiladi.
- Davlat muassasasining ustavi (nizomi)ga o‘zgartirish va qo‘shimchalar uni tasdiqlagan tashkilot yoki uning huquqiy vorisi qaroriga ko‘ra kiritiladi.
- Davlat muassasasi:
qayta tashkil etilganda yoki qayta tashkil etish yo‘li bilan boshqa yuridik shaxsga qo‘shib yuborilganda yoxud tashkiliy-huquqiy shakli o‘zgarganda uning huquq va majburiyatlari yangi tashkil etilayotgan davlat muassasasiga o‘tadi, mol-mulki hamda moliya-xo‘jalik faoliyati bilan bog‘liq hujjatlari topshirish va qabul qilish dalolatnomasiga asosan yangi tashkil etilgan davlat muassasasiga topshiriladi;
bo‘linganda esa, moliyaviy majburiyatlari taqsimlash balansiga muvofiq taqsimlanadi, boshqa huquq va majburiyatlari yangi vazifalardan kelib chiqib belgilanadi.
Bunda soliq organlari tomonidan tugatilayotgan davlat muassasasining moliya-xo‘jalik faoliyatini tekshirish talab etilmaydi.
3-bob. Davlat muassasasining huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi
- Davlat muassasasi quyidagi huquqlarga ega:
vakolatiga kiradigan masalalar hamda unga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish bilan bog‘liq bo‘lgan qarorlar, buyruqlar, ko‘rsatmalar qabul qilish, zarur bo‘lganda, boshqa davlat tashkilotlari bilan birgalikda tegishli qarorlar qabul qilish;
qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda vakolatiga kiradigan masalalarda davlat organlari va tegishli tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish;
davlat muassasasi vakolatiga kiradigan masalalarda belgilangan tartibda sudlarga arizalar va da’volar kiritish;
agar qonunda belgilangan bo‘lsa, ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni belgilangan tartibda ko‘rib chiqish va jarimalar solish;
qonunchilikda belgilangan tartibda byudjetdan tashqari jamg‘armalarga ega bo‘lish;
davlat muassasasi nomidan belgilangan tartibda shartnomalar tuzish;
davlat organlari va manfaatdor shaxslardan o‘z vakolati doirasida zarur axborotlarni so‘rash va olish;
qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
- Davlat muassasasi:
o‘ziga yuklangan vazifa va funksiyalarni samarali bajarishi;
o‘zi qabul qilgan qarorlar hamda buyruqlarni o‘z vaqtida, sifati va to‘liq bajarishi;
faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha tasdiqlangan dasturlar, chora-tadbirlar rejasi, «yo‘l xaritalari» va boshqa dasturiy hujjatlar ijrosini samarali tashkil etishi va bajarishi;
o‘ziga biriktirib berilgan mulklar, shu jumladan, ko‘chmas mulklardan maqsadli foydalanishi;
o‘ziga yuklangan vazifa va funksiyalar doirasida fuqarolar hamda tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishi shart.
Davlat muassasasiga qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham yuklanishi mumkin.
- Davlat muassasasi o‘z majburiyatlari bo‘yicha ixtiyoridagi mablag‘lar bilan javob beradi. Bu mablag‘lar yetarli bo‘lmasa, agar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Vazirlar Mahkamasi hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, muassis davlat muassasasining majburiyatlari yuzasidan subsidiar javobgar bo‘ladi.
- Davlat muassasasi muassisning majburiyatlari bo‘yicha javob bermaydi.
- Davlat muassasasining filiali va vakolatxonasi majburiyatlari bo‘yicha ularni tashkil etgan muassis javob beradi.
- Davlat muassasasi davlat aktivlarini, shu jumladan, ularning tovar-moddiy boyliklari va boshqa mol-mulklarining but saqlanishi bo‘yicha moddiy javobgar hisoblanadi.
4-bob. Davlat muassasasi rahbarining huquqlari va majburiyatlari
- Davlat muassasasining rahbari quyidagi huquqlarga ega:
davlat muassasasi faoliyatiga umumiy rahbarlik qilish;
davlat muassasasi xodimlari bilan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda mehnat shartnomalarini tuzish va bekor qilish;
davlat muassasasi xodimlari bajarishi shart bo‘lgan buyruqlarni qabul qilish hamda ko‘rsatmalar berish;
davlat muassasasi nomidan ishonchnomasiz faoliyat ko‘rsatish.
Davlat muassasasining rahbari qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
- Davlat muassasasining rahbari:
O‘zbekiston Respublikasi
Konstitutsiyasi va qonunlari, shuningdek, boshqa normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya qilishi;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli hujjatlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va boshqa qonunchilik hujjatlari bilan davlat muassasasiga yuklangan vazifa va funksiyalar bajarilishini tashkil etishi;
davlat muassasasi oldiga qo‘yilgan vazifalarning bajarilishini tashkil etishi va nazorat qilishi;
davlat siriga oid ma’lumotlar va maxfiy axborot bilan ishlashda qonunchilik hujjatlari talablariga rioya qilishi;
o‘z faoliyati bilan bog‘liq prognoz ko‘rsatkichlari, davriy ish rejalari va faoliyati samaradorligini baholash ko‘rsatkichlari hamda mezonlariga so‘zsiz erishilishini ta’minlashi;
faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha tasdiqlangan dasturlar, chora-tadbirlar rejasi, «yo‘l xaritalari» va boshqa dasturiy hujjatlarni samarali amalga oshirishi;
fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishi shart.
Davlat muassasasining rahbari qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa majburiyatlarni ham bajaradi.
5-bob. Muassisning huquq va majburiyatlari
- Muassis quyidagi huquqlarga ega:
davlat muassasasi vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha qarorlar, buyruqlar va ko‘rsatmalar chiqarish, zarur bo‘lganda, boshqa davlat tashkilotlari bilan birgalikda tegishli qarorlar qabul qilish;
davlat muassasasining faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan prognoz ko‘rsatkichlari, davriy ish rejalarini va faoliyati samaradorligini baholash ko‘rsatkichlari va mezonlarini tasdiqlash, ularning natijadorligini muntazam tanqidiy tahlil qilish, majlislarda ularning shaxsiy hisobotlarini eshitish, hisobot yakunlari bo‘yicha zarur choralar ko‘rish, bajarilishi yuzasidan nazoratni ta’minlash;
agar qonunchilik hujjatlarida boshqacha tartib belgilanmagan bo‘lsa, davlat muassasasining rahbari bilan mehnat shartnomasini tuzish yoki tuzilgan mehnat shartnomasini mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda muddatidan oldin to‘xtatish;
davlat muassasasining rahbarini tayinlash, jumladan, qonunchilikka asosan tanlov natijalari bo‘yicha tayinlash, mehnat qonunchiligiga muvofiq u bilan mehnat shartnomasini tuzish;
davlat muassasasining ortiqcha, foydalanilmayotgan yoxud belgilangan maqsadda foydalanilmayotgan mulkini olib qo‘yish va belgilangan tartibda tasarruf etish;
o‘z tarkibiga kiradigan tashkilotlarga tegishli davlat ko‘chmas mulki ob’ektlarini bir davlat tashkilotidan boshqa bir davlat tashkilotiga operativ boshqaruv huquqi asosida o‘tkazish to‘g‘risida Davaktiv agentligi bilan kelishuvga ko‘ra qaror qabul qilish;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Vazirlar Mahkamasi hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, qonunchilik hujjatlariga muvofiq davlat muassasasini qayta tashkil etish yoki tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilish;
tugatilayotgan davlat muassasasi kreditorlarining talablari qondirilganidan keyin qolgan mol-mulklarini olish;
davlat muassasasining mulkiga oid bitimlarni haqiqiy emas deb e’tirof etish, shuningdek, davlat muassasasiga yetkazilgan zararlarni undirish to‘g‘risida ushbu davlat muassasasi rahbariga nisbatan sudga da’vo arizasi kiritish.
Muassis qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
- Muassis:
davlat muassasasining faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan prognoz ko‘rsatkichlari, davriy ish rejalarini va faoliyati samaradorligini baholash ko‘rsatkichlari va mezonlari bajarilishi bo‘yicha hisobotini eshitishi va ularning bajarilishini doimiy nazorat qilishi;
davlat muassasasiga berilgan davlat mulkidan maqsadli foydalanilishini va saqlanishini, shuningdek, uning begonalashtirilishini nazorat qilishi;
davlat mulki ob’ektlarini saqlash va bo‘sh turgan qismidan samarali foydalanishni tashkil qilishi;
davlat muassasasining o‘z majburiyatlari hamda tugatilayotgan davlat muassasasining majburiyatlari bo‘yicha ixtiyoridagi mablag‘lari yetarli bo‘lmagan taqdirda, uning xarajatlari qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan mablag‘lar, shu jumladan, byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan qoplab berilishi shart.
Muassisga qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham yuklatilishi mumkin.
6-bob. Davlat muassasasining mulki
- Quyidagilar davlat muassasasining mulki hisoblanadi:
muassis tomonidan davlat muassasasiga operativ boshqaruv huquqi bilan biriktirilgan mulk;
qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan bo‘lsa, byudjet va byudjetdan tashqari mablag‘lari hamda o‘z mablag‘lari;
qonunchilik hujjatlariga zid bo‘lmagan boshqa manbalar hisobidan shakllantirilgan mulklar.
Agar ta’sis hujjatlariga muvofiq muassasaga daromad keltiradigan faoliyat bilan shug‘ullanish huquqi berilgan bo‘lsa, bunday faoliyatdan olingan daromad va bu daromad hisobidan sotib olingan mol-mulk muassasaning mustaqil tasarrufiga o‘tadi va alohida balansda hisobga olinadi.
- Tashkil etilgan davlat muassasasida davlat mulkini operativ boshqarish huquqi topshirish va qabul qilish dalolatnomasi davlat muassasasi rahbari va muassis tomonidan imzolangan vaqtdan boshlab yuzaga keladi, qonunchilik hujjatlarida belgilangan xollar bundan mustasno.
- Davlat muassasasining mulki davlat muassasasi xodimlari o‘rtasida taqsimlanishi mumkin emas.
- Davlat muassasasining mulki quyidagi hollarda qonunchilik hujjatlariga muvofiq belgilangan tartibda muassis bilan kelishgan holda tasarruf etiladi:
asosiy vositalarni sotish, hisobdan chiqarish (binolari va inshootlari, shu jumladan, qurilishi tugallanmagan binolari va inshootlaridan tashqari);
O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasining hududiy bo‘linmalari, qurilish sohasidagi loyihalashtirish tashkilotlari, maxsus litsenziyaga ega bo‘lgan tashkilotlar hamda ilmiy-tadqiqot muassasalarining xulosasiga muvofiq yaroqsiz deb topilgan hamda vakolatli organlar tomonidan buzish to‘g‘risida qaror qabul qilingan ko‘chmas mulk ob’ektlarini buzish;
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi yoki uning hududiy bo‘linmalari roziligi bilan avtotransport vositalarini xarid qilish, bino va inshootlarni sotib olish va/yoki qurish;
mulkni davlat muassasasi faoliyati maqsadlariga muvofiq bo‘lmagan boshqacha tarzda tasarruf etish.
Bino va inshootlar (shu jumladan, qurilishi tugallanmagan bino va inshootlar), shuningdek, davlat muassasasiga tegishli aksiyalar (ulushlar) Davaktiv agentligi tomonidan sotiladi, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasiga tegishli mol-mulklar (bino va inshootlar, aksiyalar, ulushlar va boshqalar) hamda qonunchilikda nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno.
Bunda bino va inshootlarni (shu jumladan, qurilishi tugallanmagan binolari va inshootlarni), shuningdek, davlat muassasasiga tegishli aksiyalarni (ulushlarni) sotishdan tushgan mablag‘lar ularni sotib olish manbalaridan qat’i nazar, qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda taqsimlanadi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi hujjatlarida belgilangan hollar bundan mustasno.
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining hujjatlarida nazarda tutilgan hollardan tashqari davlat muassasalariga xo‘jalik jamiyatlarini ta’sis etish hamda ularning ustav fondi (ustav kapitali)da ishtirok etish taqiqlanadi.
- Davlat muassasasining bino va inshootlari (shu jumladan, qurilishi tugallanmagan bino va inshootlari), avtomototransport vositalari hamda boshqa asosiy vositalarini sotish va ijaraga berish, shuningdek, ularga tegishli aksiyalarni (ulushlarni) sotish qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda «E-auksion» elektron savdo platformasida auksion savdolari orqali amalga oshiriladi.
- Davlat muassasasining asosiy vositalarini hamda qurilishi tugallanmagan ob’ektlarini sotish yoki buzish quyidagi shartlardan biri mavjud bo‘lgan taqdirda amalga oshiriladi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining hujjatlariga muvofiq sotiladiganlari bundan mustasno:
belgilangan xizmat muddatining tamom bo‘lishi (to‘liq yaroqsiz deb topilishi);
ularning jismoniy eskirishi, avariyalar, tabiiy ofatlar, foydalanishning normal sharoitlari buzilishi oqibatida yaroqsiz holga kelishi;
ma’naviy eskirishi;
davlat muassasalari binolari qurilishi, kengaytirilishi, rekonstruksiya qilinishi, modernizatsiya qilinishi va qayta tashkil etilishi munosabati bilan bo‘shab qolishi;
foydalanish zarurati bo‘lmaganda.
- Davlat muassasasining operativ boshqaruvida bo‘lgan mol-mulkdan foydalanishdan olingan hosil, mahsulot va daromadlar, shuningdek, davlat muassasasining shartnoma bo‘yicha yoxud boshqa asoslarda vujudga kelgan mol-mulki ham uning operativ boshqaruviga o‘tadi.
- Davlat muassasasining mol-mulki Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan garovga qo‘yiladi. Bunda qonunchilik hujjatlarida belgilangan xususiylashtirilmaydigan davlat mulklari, shuningdek, xo‘jalik jamiyatlariga o‘zgartirilayotgan davlat muassasalari mulklarini garovga qo‘yishga yo‘l qo‘yilmaydi.
- Davlat muassasasi o‘z tarkibiga kiradigan tashkilotlarga tegishli ko‘chmas mulkni bir tashkilotdan boshqa biriga operativ boshqaruv huquqi asosida o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorni Davaktiv agentligi bilan kelishuvga ko‘ra qabul qiladi.
- Davlat muassasasining ko‘chmas mulk ob’ekti va bo‘sh yer uchastkalari negizida amalga oshiriladigan davlat-xususiy sheriklik loyihalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar davlat sherigi tomonidan tegishli bitim tuzilgandan so‘ng o‘n kun muddatda «Davlat mulki» axborot tizimiga kiritiladi.
- Vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyat organlarining davlat ko‘chmas mulki negizida investitsiya loyihalarini amalga oshirish va ularning tizimidagi korxonalarga uchinchi shaxslar tomonidan investitsiya kiritilishiga oid kelishuvlari (bitim, shartnoma, memorandumlar) bo‘yicha majburiy tartibda Davaktiv agentligining xulosasi olinadi.
- Shaharsozlik normalari va qoidalariga asosan davlat muassasasi xodimlari soniga davlat ko‘chmas mulki ob’ektlarining ishchi xonalari maydoni hisob ko‘rsatkichlari mos kelishi lozim.
- O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi va uning hududiy organlari davlat muassasasining operativ boshqaruv huquqidagi ko‘chmas mulkni xatlashi va majburiy realizatsiya qilishi mumkin emas, qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
7-bob. Davlat muassasasining filiallari va vakolatxonalari
- Davlat muassasasi muassis bilan kelishgan holda qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiq yuridik shaxs tashkil etmasdan filiallar tashkil etishi va vakolatxonalar ochishi hamda ularni belgilangan tartibda yopishi mumkin.
- Davlat muassasasining filiallari va vakolatxonalari ularning muassisi nomidan tasdiqlangan ustav (nizom)lari asosida faoliyat ko‘rsatadi va uni tashkil etgan muassis tomonidan mol-mulk bilan ta’minlanadi.
- Davlat muassasasining filiali yoki vakolatxonasi rahbari davlat muassasasining rahbari tomonidan muassis bilan kelishgan holda tayinlanadi va uning ishonchnomasi asosida faoliyat ko‘rsatadi, qonunchilik hujjatlarida belgilangan hollar bundan mustasno.
Qonunchilik hujjatlarida boshqacha tartib belgilanmagan bo‘lsa, filial yoki vakolatxona rahbari bilan tuzilgan mehnat shartnomasi to‘xtatilgan taqdirda, ishonchnoma davlat muassasasining muassisi rahbari tomonidan bekor qilinadi.
8-bob. Davlat muassasasi faoliyatining ochiqligi va oshkoraligi
- Davlat muassasasi fuqarolarning axborotni erkin izlash va olishga doir huquqlarini amalga oshirishlari uchun qonunchilikda belgilangan tartibda o‘z faoliyatining ochiqligi, oshkoraligi va hisobdorligini ta’minlashi shart.
- Davlat muassasasi o‘z rasmiy veb-saytida o‘zining nomi, faoliyat turi, funksiya va vakolatlari hamda rahbarlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni joylashtiradi hamda ularning doimiy ravishda yangilab borilishini ta’minlaydi.
Ochiq ma’lumotlar portalida foydalanuvchilar uchun qulay formatlarda ko‘rish imkoniyatini yaratgan holda muassasaning yuqori turuvchi tashkiloti, ko‘chmas mulk ob’ektlari, qurilishi tugallanmagan ob’ektlari va avtotransport vositalari, rejalashtirilgan va amalga oshirilgan xarajatlar tarkibi haqidagi va boshqa ma’lumotlarni (tijorat siri mavjud yoki cheklangan holda tarqatiladigan ma’lumotlar bundan mustasno) e’lon qilib boradi.
Davaktiv agentligining «property.davaktiv.uz» axborot tizimiga har chorak yakunlari bo‘yicha hisobot davrining keyingi oyi 25-sanasiga, yil yakunlari bo‘yicha esa keyingi moliya yilining 25 fevraliga qadar hisob ob’ektlarining joriy holati, shuningdek, moliyaviy ko‘rsatkichlari, jumladan, mahsulotlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushumlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni kiritib boradi.
9-bob. Davlat muassasasining faoliyatini nazorat qilish
- Davlat muassasasi qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda har yili hisobot davri tugagach, muassisga va boshqa vakolatli organlarga davlat muassasasi faoliyati to‘g‘risida hisobot taqdim etadi.
- Byudjetdan moliyalashtiriladigan davlat muassasalarida byudjet to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etilishi O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi tomonidan nazorat qilinadi.
Daromad keltiriladigan faoliyat turi bilan shug‘ullanadigan davlat muassasalarida qonunchilikda belgilangan tartibda ichki audit xizmati joriy etiladi va tashqi audit o‘tkaziladi.
- Qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda muassis va boshqa vakolatli organlar davlat muassasasi rahbari zimmasiga yuklangan vazifalar samarali bajarilishi yuzasidan ularning faoliyati ustidan muntazam monitoring olib boradi, monitoring natijalariga ko‘ra davlat muassasasi faoliyati samaradorligiga xolisona baho beradi.
- Monitoring va baholash yakunlari bo‘yicha yuqori ko‘rsatkichga erishgan davlat muassasasining rahbariyati va xodimlari rag‘batlantiriladi yoxud yo‘l qo‘yilgan kamchiliklari uchun intizomiy javobgarlikka tortiladi.
- Hujjatlarning saqlanishi va belgilangan tartibda saqlashga berilishi uchun davlat muassasasi rahbari javob beradi.
10-bob. Davlat muassasasini tugatish
- Davlat muassasasi quyidagi hollarda tugatilishi mumkin:
faoliyat ko‘rsatish muddati tugaganda;
uni tashkil etishdan ko‘zlangan maqsadga erishilganda;
tashkil qilish vaqtida qonunchilik hujjatlari talablari buzilishiga yo‘l qo‘yilganligi aniqlanganda;
sud davlat muassasasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni haqiqiy emas deb topganda;
agar qonunchilik hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, faoliyat ruxsatnomasiz (litsenziyasiz) amalga oshirilgan yoki qonunda taqiqlangan faoliyat amalga oshirilgan taqdirda, sudning qaroriga ko‘ra;
oxirgi olti oy mobaynida faoliyat ko‘rsatmayotgan bo‘lsa;
qonunchilikda belgilangan boshqa hollarda.
- Agar qonunchilik hujjatlarida boshqacha tartib belgilanmagan bo‘lsa, muassis yoki davlat muassasasini tashkil qilish to‘g‘risida qaror qabul qilgan organ davlat muassasasini tugatish hamda tugatuvchini (vakilni) tayinlash to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
Davlat muassasasi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda uni tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilingandan keyin olti oydan oshmagan muddatda tugatilishi zarur.
- Tugatilayotgan davlat muassasasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan hududdagi soliq organi tomonidan uning moliya-xo‘jalik faoliyati tekshiriladi, uning muddati o‘n kalendar kundan oshmasligi kerak.
Tekshirishda davlat muassasasining oxirgi tekshirish o‘tkazilgan sanadan boshlab (agar davlat muassasasini tekshirish davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan sanadan boshlab amalga oshirilmagan bo‘lsa, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan sanadan boshlab) davlat muassasasini tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilinganligi haqida davlat xizmatlari markazi xabardor qilingan sanagacha bo‘lgan davr mobaynidagi moliya-xo‘jalik faoliyati qamrab olinadi, biroq ushbu davr uch yildan oshmasligi zarur.
- Davlat muassasasini tugatish to‘g‘risidagi qaror sud tomonidan qabul qilingan taqdirda, tugatuvchi (vakil) yuridik shaxslarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organ bilan kelishilgan holda tayinlanadi.
- Davlat muassasasi o‘z majburiyatlarini ixtiyoridagi mablag‘lar hisobiga bajaradi, bu mablag‘lar yetarli bo‘lmasa, uning muassisi tomonidan byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan belgilangan tartibda qoplab beriladi.
Bu mablag‘lar yetarli bo‘lmasa, uning muassisi tugatilayotgan davlat muassasasining majburiyatlari va huquqlarini qabul qiladi.
- Tugatilayotgan davlat muassasasining mablag‘lari kreditorlar talablarini qondirish uchun yetarli bo‘lmasa, kreditorlar o‘z talablarining qolgan qismini ushbu davlat muassasasining muassisi hisobidan qondirish to‘g‘risida sudga da’vo bilan murojaat qilish huquqiga egadirlar.
- Tugatilishi belgilangan davlat muassasasining mol-mulklari kreditorlar talablari qondirilgandan keyin topshirish va qabul qilish dalolatnomasiga asosan muassisga o‘tkaziladi.
- Davlat muassasasini tugatish ishlarining sifatli, to‘liq va o‘z muddatida amalga oshirilishi yuzasidan shaxsiy mas’uliyat ushbu davlat muassasasining muassisiga yuklanadi.
- Davlat muassasasi tugatilganda, davlat xizmatlari markazlarida belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan chiqariladi.
11-bob. Yakunlovchi qoidalar
- Ushbu Nizom qoidalari qo‘llanishi bilan bog‘liq nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
- Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar.
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining hujjatlari bilan ayrim turdagi davlat muassasalarining alohida o‘ziga xos xususiyatlari va huquqlari belgilanishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 21 iyuldagi 302-son qaroriga
2-ILOVA
Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 8 maydagi 273-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat mulki ob’ektlarining hisobini yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizomga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar
- 3-bandda:
- a) «e» kichik banddan «kiritadi» so‘zi chiqarib tashlansin;
- b) quyidagi mazmundagi «j» va «z» kichik bandlar bilan to‘ldirilsin:
«j) O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi byudjetdan moliyalashtiriladigan davlat tashkilotlarining moliyaviy ko‘rsatkichlari, jumladan, mahsulotlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushumlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni;
- z) O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Soliq qo‘mitasi davlat tashkilotlarining moliyaviy ko‘rsatkichlari, jumladan, mahsulotlar (ishlar, xizmatlar)ni realizatsiya qilishdan olingan tushumlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni kiritadi».
- 7-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
«7. Davlat tashkilotlari tomonidan hisob ob’ektlarining joriy holati, shuningdek, moliyaviy ko‘rsatkichlari, jumladan, mahsulotlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushumlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar axborot tizimiga har chorak yakunlari bo‘yicha hisobot davridan keyingi oyining 25-sanasiga, yil yakunlari bo‘yicha esa keyingi moliya yilining 25 fevraliga qadar kiritib boriladi».
- 9-band quyidagi mazmundagi «d» kichik band bilan to‘ldirilsin:
«d) moliyaviy hisobotlari:
moliyaviy ko‘rsatkichlari, jumladan, mahsulotlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushumlar».
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.07.2023 y., 09/23/302/0508-son)