“Biz turlimiz. Biz tengmiz” shiori ostida o‘tkazilgan tadbir barchani birlashtirdi.
Jizzax davlat pedagogika institutida tashkil etilgan xayriya tadbiri jamiyatdagi barcha qatlamlarning imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish orqali xalqimiz jipsligini ta’minlash tamoyili asosida o‘tkazildi desak xato qilmagan bo‘lamiz.
Jizzax viloyatidagi mahallalarda istiqomat qiluvchi 100 nafarga yaqin kam ta’minlangan imkoniyati cheklangan bugungi kunda “Ayollar daftari”,”Yoshlar daftar” ga kiritilgan yoshlar va ayollar, maktab internati tarbiyalanuvchilar, institutdagi texnik xodimlar ishtirokida o‘tkazilgan xayriya tadbirini institut rektori Sh.Sharipov ochib berdi.
“Davlat rahbari Sh.Mirziyoev har bir uchrashuvda va yig‘inlarda tez-tez har bir oliy o‘quv yurti yon-atrofidagi mahallalar uchun ma’naviyat markazi, madaniyat o‘chog‘i bo‘lishi kerakligini alohida ta’kidlaydi. Jizzax davlat pedagogika instituti bugungi kunda viloyatimizning Zomin, Baxmal, G‘allaorol, Sh.Rashidov tumanlari hamda Jizzax shaxridagi 10 ta mahallalar bilan yaqin hamkorlik ishlarini amalga oshirmokda. Ayni kungacha mahallalardagi uyushmagan yoshlari bilan yaqin aloqalar yo‘lga qo‘yildi, iqtidorli yoshlar aniqlandi, imkoniyati cheklangan, xususan, «Ayollar daftari», «Yoshlar daftari»ga kiritilgan yigit-qizlar turli to‘garaklarga jalb etildi, Har bir mahallada bitiruvchi sinflar o‘quvchilari, ularning ota-onalari bilan ochiq muloqotlar tashkil etildi. Oliygoh homiyligiga olingan maktab bitiruvchilari, institut professor-o‘qituvchilarining beg‘araz darslar o‘tishi natijasida yurtimizdagi turli oliygohlarning talabalariga aylanishdi. Bu esa mana shunday xayrli va savobli ishlarning aks-sadosi desak yanlishmaymiz. Bugungi o‘tkazilayotgan tadbir ham aslida mana shu ishlarning mantiqiy davomidir. O‘z oldimizga qo‘ygan ezgu maqsadlarimizdan bittasi mehr-muhabbatga, e’tiborga va ko‘makka muxtoj insonlar holidan xabar olish, xayrli ishni to‘xtatmaslik. Tadbirga kelganlar ko‘zidagi quvonch va zavq bizga yanada yaxshiroq ishlashga, yangi g‘oyalar ustida ishlashga turtki beradi” -deydi institut rektori Sh.Sharipov
Jizzax davlat pedagogika instituti Magistrlar bo‘limi tomonidan tayyorlangan teatrlashtirilgan konsert dasturida elimiz e’tirofidagi sa’natkorlar O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist N.Saidova, so‘z ustasi M.Sherboevalar tomonidan kuylangan qo‘shiqlar, sahna ko‘rinishlari, mehr-muhabbatga e’tiborga muhtoj insonlar qalbiga iliqlik olib kirdi. Tadbir so‘ngida barcha ishtirokchilarga institut rektori Sh.Sharipov boshchiligida bayram sovg‘alari ulashildi.
O‘zaro hurmat, mehr-oqibat, ezgulik, xayr-sahovat va shukronalik tuyg‘ulari xalqimizning ma’naviy hayoti, milliy qadriyat va an’analarimizning ajralmas qismi bo‘lib kelgan. “Biz turlimiz, Biz tengmiz” shiori ostida o‘tkazilgan tadbir tinch va osuda hayotimizning qadriga yetish, chin insoniy fazilatlarni mustahkamlash, odamlarni bir-biriga yaxshilik qilishga, yosh avlodni Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalashga xizmat qiluvchi “mehr va oqibat” bayramiga aylanib ketdi.