Barchangizni Sizu bizga qutlug‘ bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Davlat Mustaqilligi bayrami bilan samimiy muborakbod etaman!
Yangi O‘zbekiston tarixidagi buyuk va shonli sana–Vatanimiz mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yillik bayramini xalqimiz katta shodu-xurramlik bilan kutib olmoqda.
Bu yil yurtimizda Vatanimiz Mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yilligi “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” degan shior asosida nishonlanmoqda. Mustaqilligimiz eng ulug‘ ne’mat, eng aziz qadriyat sifatida har bir yurtdoshimizning qalbidan mustahkam o‘rin olgan. Bu yilgi bayram yurtimizda yangi islohotlar, yangilanishlar, yuksalishlar davriga to‘g‘ri kelayotgani bilan ham ahamiyatlidir Qayd etish lozimki, yoshlar, ilm-fan va ta’lim sohasi vakillari mustaqillik bayrami bilan uyg‘un holda yangi o‘quv yilini boshlaydilar. Ushbu ayyom sharofati bilan hosil bo‘lgan bayramona kayfiyat ta’lim jarayonlarini ko‘tarinkilik ruhida boshlashga xizmat qiladi. Bugun barcha ta’lim maskanlarida bilim ixlosmandlarini kutib olish, zamonaviy ilm ziyosidan bahramand qilib borish uchun yetarli shart-sharoitlar yaratilgan.
Azizlar!
Bugun biz davlatimiz mustaqilligining 34 yilligini katta quvonch va g‘urur bilan qarshi olmoqdamiz. Mustaqillik yillari mobaynida yurtimiz taraqqiyotida, ayniqsa, ta’lim sohasida ulkan islohotlar amalga oshirildi. Yoshlarimiz uchun eng qulay shart-sharoitlar yaratildi, ta’lim tizimida zamonaviy islohotlar joriy etildi. Pedagogika oliygohlarida yetishib chiqayotgan kadrlar va maktab o‘rtasida uzviy hamkorlik tobora mustahkamlanmoqda. Darsliklar mazmuni va o‘qitish uslublari tubdan takomillashtirilib, yangi maktablar barpo etilmoqda. Eng muhimi, ustoz va murabbiylarning mashaqqatli mehnati munosib rag‘batlantirilmoqda. Davlatimiz rahbarining “Pedagog kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 73-sonli farmoniga muvofiq, bugungi kunda pedagogika yo‘nalishidagi 13 ta oliy ta’lim muassasalari Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tasarrufiga o‘tkazildi. Bu islohotning asosiy maqsadi maktab va oliygoh o‘rtasidagi uzviylikni ta’minlash, ta’lim tizimida mustahkam bog‘liqlikni yo‘lga qo‘yish hamda pedagog kadrlar tayyorlash sifatini yangi bosqichga ko‘tarishdir. Endilikda universitetda tayyorlangan mutaxassislar to‘g‘ridan-to‘g‘ri maktab bilan aloqada va hamfikr bo‘lib, yosh avlod tarbiyasiga munosib hissa qo‘shishi barchamizni quvontiradi.
Qadrli talaba yoshlar!
Yangi 2025–2026 o‘quv yili arafasida “Bog‘ishamol” hududida 600 o‘rinli zamonaviy talabalar turar joyining foydalanishga topshirilgani hamda 2500 nafar talabani sig‘dira oladigan yangi o‘quv binosining tayyor holatga keltirilgani talaba va ustozlarga taqdim etilgan munosib sovg‘adir.
Yurtboshimiz tashabbusi bilan oliy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar, eng avvalo, yoshlar manfaatlariga xizmat qilayotgani barchamizga g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi.
Bu yil universitetimizni 4476 nafar talaba muvaffaqiyatli tugatdi. Bu esa o‘z navbatida mehnat bozorida 4476 nafar malakali mutaxassis uchun ish o‘rinlari yaratilishi zarurligini anglatadi. Shuni ta’kidlash joizki, bitiruvchilarimizning bandligini ta’minlash maqsadida muntazam ravishda mehnat yarmarkalari va turli yo‘nalishlardagi hamkorlik tadbirlari tashkil etilmoqda. Bu orqali yoshlarimiz o‘zlariga mos bo‘lgan ish o‘rinlariga ega bo‘lishmoqda. Jumladan, yaqindagina universitetimiz hududida bo‘lib o‘tgan “TalabaExpo – 2025” kasblar ko‘rgazmasi bitiruvchi yoshlarga o‘z g‘oya va tashabbuslarini namoyish etish uchun keng maydon yaratdi. Tadbir “Kelajakka qadam” dasturi doirasida bitiruvchi yoshlarni bandlikka yo‘naltirish va ularning tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni maqsadida tashkil etildi. Jizzax viloyatidagi oliy ta’lim muassasalaridan 1000 dan ziyod bitiruvchi yoshlarning ushbu ko‘rgazmada ishtirok etgani quvonarli.
Hurmatli hamkasblar, aziz talabalar!
Bugun, oldimizda turgan eng ustuvor vazifalardan biri yoshlarni bilimdon, ma’rifatli, vatanparvar va mustaqil fikrlaydigan qilib tarbiyalash, ularning intellektual va ijodiy salohiyatini yuzaga chiqarish, shuningdek, maktab va oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashdan iboratdir.
Bunday keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirish jarayonida ma’lum qiyinchilik va muammolar yuzaga kelishi tabiiy. Biroq, o‘zining 50 yillik tarixida turli sinov va mashaqqatlarni mardona yengib o‘tgan Jizzax davlat pedagogika universiteti jamoasi, fidoyi ustozlar va tajribali pedagoglar har qanday murakkab vaziyatlarda yechim topishga, ta’lim sifatini yanada yuksaltirishga tayyor va qodirdir.
Aziz yurtdoshlar!
Mana shunday shukuhli kunlar arafasida farzandlarimiz muvaffaqiyatli, bilimda ilg‘or, xulq-odobda o‘rnak bo‘lib voyaga yetishini niyat qilaylik. Ularning yetuk mutaxassis sifatida shakllanishi, Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti va yurtimiz farovonligi yo‘lida munosib hissa qo‘shishi uchun yordamchi va suyanchig‘i bo‘laylik.
So‘zim yakunida, Siz azizlarga sihat-salomatlik, oilaviy tinchlik va xotirjamlik, tilayman. Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin!
Eng ulug‘, eng aziz ayyomingiz muborak bo‘lsin!
Jizzax davlat pedagogika universiteti rektori,
professor Yuldashev Maqsudjon Abdullayevich.
