Assalomu alaykum qadrli hamkasblar, aziz ayollar, talaba qizlar!
Jizzax davlat pedagogika universitetining munis, mehribon har ishda kamarbasta olima professor-o‘qituvchilari, jonkuyar va kamtarin xodimlari, iqtidorli talaba qizlarim !
Barchangizni bahorning ilk ayyomi 8 mart – nafosat va go‘zallik tantanasi bilan chin qalbdan muborakbod etaman!
Aslida, siz azizlarni hech ikkilanmay Bahorga qiyos etish mumkin.
Uning har bir tashrifi ko‘ngillarni ilitadi, qalblarni yashartiradi. Olamni bezagan bahor gullari, muattar hidlari aslida sizdan nusxa olgan. Bahor tashlab ketadi, deyishadi. Yo‘q! Bahor shunchaki, bizni sog‘intirishni yaxshi ko‘radi. Qadrini biladi. Aslida, u eng sadoqatli vafodor! Hamisha o‘z vaqtida tashrifi bilan ko‘ngillarni xushnud etaveradi…
To‘g‘ri, Bahoroyning ham injiqliklari bor. Ochiq, tip-tiniq osmon bag‘rini bir zumda bulutlar egallab, jala qo‘yadi. Mayin shaboda o‘rnini do‘l egallaydi. Ammo, bari o‘tkinchi. Qancha noz-karashma qilmasin, baribir u atrofni ko‘klikka chulg‘ab, chiroyini to‘laligicha bizga baxshida qiladi. Mana shu oliygohga yarashib turgan, mehri va latofati bilan bizlarni hurmat e’tiborimizga sazovor bo‘lgan Bahoroylar ayyomingiz muborak bo‘lsin!
Muhtarram ayollar! Aziz opa-singillar!
Bugungi kunda O‘zbekiston xotin-qizlari hayotimizning barcha soha va tarmoqlarida o‘zlarini to‘la namoyon etib kelmoqda.
Sizlar millat farzandini kamol topishida, uni voyaga yetishida samarali mehnat qilib, Vatanimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shmoqdasiz.
Bu haqiqatni xalqimiz, jamiyatimiz yaxshi biladi va yuksak qadrlaydi.
Hozirgi vaqtda universitetimizda 613 nafar ayollar faoliyat yuritishadi. Universitet xotin-qizlari orasida 6 nafar fan doktori, 69 nafar fan nomzodini aynan ayollarimiz tashkil etishini alohida ta’kidlash lozim.
Shular qatorida Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlangan, Vatanimiz bayrog‘ini yuksaklarga ko‘targan sportchi va har ishda faol, iqtidorli talaba qizlarimiz borligi meni juda quvontiradi.
Biz bugun o‘zining fidokorona mehnati, erishgan ulkan yutuqlari, davlat va jamoat ishlaridagi faol ishtiroki, ibratli fazilatlari bilan hamkasblar, shogirdlar o‘rtasida obro‘-e’tibor qozongan mohir pedagog opa-singillarimiz hamda o‘qishda vajamoast ishlarida faol talaba qizlarimizni nomlarini hurmat bilan tilga olamiz.
Ayniqsa, professorlar Fanya Ahmedshina, Baxti Ochilova, Zulfiya Pardaeva Zuxra Yaxshieva, dotsentlar Dilorom Xodjimetova, Raya Nurqulova talaba qizlarimizdan Dilchehra Ergasheva, Yelena Navro‘zova, Nigina O‘ktamovalar barchaga o‘rnak va namuna bo‘lib kelmoqdalar.
Bunday ro‘yxatni uzoq davom ettirish mumkin. Hamkasblariga o‘rnak bo‘layotgan yosh olima ayollarimiz, talabalik paytidan ilm yo‘lini tanlab tengdoshlariga motivatsiya berayotgan qizlarimiz safi kundan-kunga kengayib bormoqda. Mana shu lahzalarda, men ularga izlanishdan to‘xtamaslikni va maqsadlari sari olg‘a intilishni tilab qolaman.
Munis va mehribon opa-singillar, talaba qizlarim!
Go‘zallik va nafosat ayyomi – 8 mart bayramini biz har safar katta quvonch va hayajon bilan kutamiz. Chunki bu qutlug‘ ayyom qalbimizda, yuragimizda sizlarga bo‘lgan cheksiz mehrimiz, hurmatimizni izhor etish uchun yana bir katta imkoniyat beradi.
Sizlarning doimo mana shunday ochilib, hayotdan, taqdirdan rozi bo‘lib, yayrab-yashnab yurishingiz uchun, baxtu saodatingiz uchun biz doimo sidqidildan xizmat qilishga tayyormiz.
Ilohim, mana shunday quvonchli kunlarimiz ko‘p bo‘lsin!
Sizlarni bugungi qutlug‘ bayram bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt va farovonlik farzandlaringiz, shogirdlaringiz kamolini ko‘rishni tilayman.
Hamisha sog‘-omon bo‘ling, aziz ayollar!
Jizzax davlat pedagogika universiteti rektori prof. Sh.S.Sharipov