“Ajdodlarimiz merosi – ma’naviyatimiz sarchashmasi”
Joriy yilning 8 fevral kuni Institut tarix fakulteti bilan hamkorlikda buyuk mutafakkkir Mir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligi munosabati bilan “Ajdodlarimiz merosi – ma’naviyatimiz sarchashmasi” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Tadbirda Institut tarix fakulteti professor-o‘qituvchi va talabalari hamda axborot-resurs markazi xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirni Tarix fakulteti dekani A. Pardaev kirish so‘zi bilan ochib: “Ulug‘ o‘zbek shoiri va mutafakkiri A. Navoiy butun umri davomida adab ahliga rahnamo va homiylik qilib kelganligi bilan o‘rta asr o‘zbek va fors-tojik adabiyotida, madaniy hayotida chuqur iz qoldirgan”, -deya ta’kidladi.
So‘ngra, fakultet o‘qituvchisi, falsafa fanlari nomzodi professor B. Ochilova so‘zga chiqib: “A.Navoiyning bebaho va barhayot ijodiy merosi, badiiy tafakkur durdonalari asrlar osha e’tiborli e’zoz olib kelmoqda. Mustaqillikka erishgach, barcha ulug‘ allomalarimiz qatori hazrat ijodi va hayotini o‘rganishga bo‘lgan e’tibor yanada ortdi. Shoir tavalludining 580 yilligiga bag‘ishlab joylarda o‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar yana bir karra o‘z e’tirofini topmoqda” deya fikr bildirdi.
Tadbirda tarix fakulteti o‘qituvchisi, dotsenti K. Yusupov ma’ruza qildi. U o‘z ma’ruzasida: “Navoiy buyuk shoir va mutafakkir zot. Bu haqiqat quyoshday barchaga ayon. Quyoshning ta’rifini takrorlayverish esa shart emas. Ammo ana shu buyuklik qudrati har bir asarda namoyon bo‘lishini tahlil qilib ko‘rsatish, ma’nolar jilosini anglash va undan huzurlanish, albatta foydalidir”,-dedi.
Shundan so‘ng, fakultet talabalari shoir ijodidan na’munalar o‘qidi. Tadbir so‘ngida JDPI ARM xodimlari tomonidan tayyorlangan “Ajdodlarimiz merosi – ma’naviyatimiz sarchashmasi” hamda “Yangi adabiyotlar sizlar uchun” mavzusidagi adabiyotlar ko‘rgazmasi namoyish etildi.