Yangiliklar
Yangiliklar
|
30/09/2026
Chop etish
Hurmatli ustozlar, qadrli hamkasblar, aziz mehmonlar!

Avvalo, barchangizni 1-oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan chin qalbimdan tabriklayman!

O‘qituvchi va murabbiylar kuni — oddiy bayram emas. Bu ustozga hurmat va ehtirom ko‘rsatiladigan, uning mashaqqatli, ammo sharafli mehnatiga munosib baho beriladigan qutlug‘ ayyomdir.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek:

«Insonning ongi va dunyoqarashi o‘zgarmasa, jamiyat o‘zgarmaydi. Bunday ulug‘vor vazifani, tom ma’nodagi tarixiy missiyani ado etishga faqat siz — ustoz va murabbiylar qodirsiz».

Bu so‘zlarda ustozlik kasbining naqadar buyuk mas’uliyati va yuksak maqsadi mujassam.

Shu fursatdan foydalanib, yosh avlodga ta’lim va tarbiya berishdek ulug‘ vazifani sidqidildan ado etib kelayotgan barcha ustozlarimizga, professor-o‘qituvchilarimizga, jamoamizning har bir a’zosiga samimiy minnatdorchilik bildiraman.

Qadrli hamkasblar!

Mana shunday shukuhli kunlarda inson tabiiy ravishda ortga nazar tashlaydi. O‘tgan o‘quv yili davomida Jizzax davlat pedagogika universitetida amalga oshirilgan ishlarga nazar solar ekanmiz, bu davrni izlanish, yangilanish, mehnat va eng muhimi, bir jamoa bo‘lib harakat qilish va universitetni transformatsiya qilish yili bo‘ldi, deb ayta olamiz.

Bir yil avval boshlangan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari natijasida universitetimizning qiyofasi tubdan yangilandi. Ta’lim binolari, auditoriyalar, umumiy hudud va muhit zamonaviy mazmun bilan boyitilmoqda. Ammo mening nazarimda, eng katta o‘zgarish faqat binolarda yoki tashqi qiyofada emas.

Eng katta o‘zgarish — insonlarda, munosabatlarda, jamoaviy muhitda yuz berdi.

Bugun bir-birimizga mehr-oqibat ko‘rsatish, kerak bo‘lganda bir-birimizga «labbay» deb ko‘maklashish, bir maqsad va bir fikr atrofida, universitet ravnaqi yo‘lida birlashib ishlash muhiti shakllanmoqda. O‘qituvchilarning kasbiga, dars jarayoniga, talabaga bo‘lgan munosabatida ham yangi ijobiy yondashuvlarni ko‘ryapmiz.

Menimcha, mana shu — biz erishgan eng katta yutuqlardan biri.

Shu o‘rinda ana shu mehnat samarasida qo‘lga kiritilgan ayrim natijalar haqida ham qisqacha to‘xtalib o‘tmoqchiman.

O‘tgan o‘quv yilida ilmiy salohiyatimiz 33 foizdan 53 foizga yetdi, 14 nafar talabamiz nufuzli davlat stipendiyalariga sazovor bo‘ldi. Xalqaro fan olimpiadalarida 7 ta medal qo‘lga kiritilib, bitiruvchilarning umumiy bandlik ko‘rsatkichi 97,7 foizga yetkazildi.

Xususan, Aniq fanlar pedagogika oliy maktabida ta’lim dasturlari Germaniya tajribasi asosida yangilanib, matematika, axborot tizimlari va sun’iy intellekt yo‘nalishida xalqaro ta’lim dasturlari yo‘lga qo‘yildi.

Tabiiy fanlar yo‘nalishida 4 ta ta’lim dasturi Germaniyaning ASIIN xalqaro akkreditatsiyasidan o‘tkazildi.

Shu bilan birga, maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim mazmuni Buyuk Britaniyaning UCL va Kembridj universiteti bilan takomillashmoqda.

Kelgusi yil AQShdagi Jorjiya universitetining Jizzaxdagi yozgi maktabini tashkil etish rejalashtirilgan.

Universitet jamoasi O‘zbekistonning eng yaxshi 10 ta universiteti qatoriga kirish va dunyoning TOP-1000 universiteti safidan munosib o‘rin egallash uchun tinimsiz harakat qilmoqda.

O‘tgan 2025–2026 o‘quv yilida universitetda 50 dan ziyod xalqaro ilmiy anjuman o‘tkazildi. Ularda AQSh, Fransiya, Koreya, Hindiston, Rossiya va Buyuk Britaniyadan 100 ga yaqin professor-o‘qituvchi ishtirok etdi.

Joriy yilning sentabr oyining o‘zida universitetda 7 ta ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi. Ularda Malayziya, Xitoy, Turkiya, Buyuk Britaniya kabi davlatlardan 50 ga yaqin xorijlik olim va tadqiqotchilar ishtirok etib, ilmiy muhokamalarda qatnashdi, talabalar uchun o‘quv mashg‘ulotlari hamda ochiq muloqotlar o‘tkazildi.

Koreys, yapon va xitoy tili va madaniyati markazlarining tashkil etilgani ham universitetimizning xalqaro imkoniyatlarini kengaytirmoqda.

Ayniqsa, Xitoy Xalq Respublikasi bilan hamkorlikni alohida ta’kidlashni istardim.
[30.09.2026 21:25] рухида: Jizzax viloyati hokimligining Xitoy Xalq Respublikasi bilan hamkorligi yangi bosqichga ko‘tarilishi universitetimiz uchun ham qulay imkoniyatlar yaratmoqda.

Joriy o‘quv yilidan viloyatda ilk bor xitoy tili ta’lim yo‘nalishi ochilib, 50 nafar talaba o‘qishga qabul qilindi. 4 nafar xitoylik o‘qituvchi jalb qilindi.

Ishonamanki, bu tashabbus yaqin yillarda nafaqat ta’lim, balki viloyatimizdagi ishlab chiqarish va boshqa sohalar uchun ham xitoy tilini puxta biladigan malakali kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi.

Shuningdek, infratuzilmani yanada rivojlantirish maqsadida viloyat hokimligining alohida e’tibori va ishonchi asosida «Yoshlar shaharchasi»ning universitetimiz tasarrufiga berilgani muhim qadam bo‘ldi.

Bu e’tibor va ishonch nafaqat universitetimiz, balki butun shahrimiz madaniy-ma’rifiy hayotini yanada boyitishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Aziz hamkasblar, murabbiylar!

Ustoz mehnatining eng katta samarasi, shubhasiz, uning shogirdlari yutug‘ida ko‘rinadi. Bu yutuqlar ta’lim va ilm-fan bilan bir qatorda, sport maydonlarida ham namoyon bo‘lmoqda.

Jumladan, sport sohasida ham munosib natijalar qayd etildi. Talabalarimiz xalqaro va respublika musobaqalarida jami 79 ta medalni qo‘lga kiritib, universitetimiz sharafini munosib himoya qildilar.

«Yangi O‘zbekiston talabalar olimpiadasi»da universitet jamoasi 3 ta oltin, 4 ta kumush va 1 ta bronza medal bilan respublikada faxrli 5-o‘rinni egalladi.

Futbol jamoamiz esa respublika chempioni bo‘ldi.

Bilasizmi, shunchaki «chempion bo‘ldik», deb aytish oson. Ammo 200 dan ortiq oliy ta’lim muassasasi jamoalari orasida sizning oliygohingiz chempion, deb e’lon qilinsa, buning ortida cheksiz g‘urur va iftixor, o‘zgacha surur bo‘lar ekan.

Men shu g‘ururni, shu iftixorni bugun mana shu zalda o‘tirgan har biringiz his qilganingizga ishonaman.

Va mening istagim shuki, universitet jamoasi nafaqat sportda, balki ilmda ham, ta’limda ham, tarbiyada ham, insoniy munosabatlarda ham chempion bo‘lsin.

Universitetda amalga oshirilayotgan har bir yaxshi ishda professor-o‘qituvchidan tortib texnik xodimgacha bo‘lgan barcha jamoadoshlarimizning mehnati bor.

Yangi o‘quv yili o‘zgacha tayyorgarlik, o‘zgacha shijoat, o‘zgacha shukuh bilan boshlandi.

Texnik xodimlarimiz universitet hududini obod va yanada go‘zal qilishga o‘z hissasini qo‘shgan bo‘lsa, o‘qituvchilarimiz yangi g‘oya va yangi yondashuvlar bilan darslarga kirib keldi. Prorektorlardan tortib dekanlar, kafedra mudirlari va tyutorlargacha bo‘lgan jamoada yangi shijoatni his qildik.

Ko‘zlarda umid, yuzlarda tabassum, ishda harakat bor. Buni sezmay bo‘lmaydi.

Men shu ko‘tarinki kayfiyat, shu birdamlik va shu ishonch bardavom bo‘lishini istayman.

Qadrli ustozlar!

Xabaringiz bor, yozgi ta’til davrida professor-o‘qituvchilar o‘rtasida 10 ta muhim yo‘nalish bo‘yicha masofaviy tanlovlar tashkil etildi. Ushbu tanlovlar ustozlarimizning kasbiy mahorati, ijodiy salohiyati va faolligini namoyon etish uchun yana bir muhim maydon bo‘ldi.

Bugun esa ana shu tanlovlarda faol ishtirok etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritgan professor-o‘qituvchilarimizni sahnamizda munosib taqdirlashni maqsad qilganmiz.

Aziz ustozlar, bugun bayram arafasida yana bir xushxabarni sizlar bilan baham ko‘rgim keladi.

11 nafar pedagogimiz «Oliy ta’lim a’lochisi», 5 nafar ustozimiz «Xalq ta’limi a’lochisi» ko‘krak nishoniga tavsiya etildi va kelgusi bayram tadbirlarida ularni tantanali ravishda taqdirlaymiz.

Qadrli ustozlar, aziz hamkasblar!

Bugun shu sharafli kasbni tanlagan, butun umrini ta’lim va tarbiyaga bag‘ishlagan har bir ustozga ta’zim qilaman.

Sizlar nafaqat dars berasiz, balki jamiyat uchun barkamol avlodni tarbiyalaysizlar. Ularning orzusiga ishonch berasizlar.

Fursatdan foydalanib, barcha ustozlarimizni kasb bayrami bilan yana bir bor samimiy muborakbod etaman.

Sizlarga mustahkam sog‘liq, oilaviy xotirjamlik, qalb xotirjamligi, kuch-g‘ayrat va ijodiy barkamollik tilayman.

Bayramingiz muborak bo‘lsin, aziz ustozlar!

Hurmat bilan,
Jizzax davlat pedagogika universiteti rektori,
professor Maksudjan Yuldashev


Ulashish:
46
Boshqa rubrikalarda mashhur

Hurmatli ustozlar, qadrli hamkasblar, aziz mehmonlar!
Avvalo, barchangizni 1-oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan chin qalbimdan tabriklayman! O‘qituvchi va murabbiylar kuni — oddiy bayram emas. Bu ustozga hurmat va ehtirom...
JDPUda «Sizga ta’zim, sizga ehtirom, aziz ustozlar!» bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi
Jizzax davlat pedagogika universitetida-1-oktyabr — Ustoz va murabbiylar kuni munosabati bilan «Sizga ta’zim, sizga ehtirom, aziz ustozlar!» nomli bayram tadbiri o‘tkazildi.
Default image
Kelajakka qadam