Jizzax davlat pedagogika universiteti hamda V.I. Romanovskiy nomidagi Matematika instituti tomonidan tashkil etilgan “Dynamical Days in Jizzakh 2026” xalqaro maktabi o‘z ishini davom ettirmoqda.
17-sentabr kuni Italiyaning University of Rome Tor Vergata universiteti professori Carlangelo Liverani ishtirokida universitet ARM ma’ruza zalida Aniq fanlar pedagogika oliy maktabining 4-kurs Matematika va informatika ta’lim yo‘nalishi talabalari hamda matematika mutaxassisligi magistrlari uchun ommaviy master-klass tashkil etildi.




Master-klassda respublikamizdagi 10 dan ortiq oliy ta’lim tashkilotlari va 2 ta xorijiy universitetdan tashrif buyurgan 23 nafar doktorant, magistr va talabalar ham ishtirok etdi. Professor Carlangelo Liverani mashg‘ulot davomida transfer operatorlari uchun Lasota–Yorke tipidagi tengsizliklarni isbotlash, transfer operatorlarining kvazi-kompaktligini ko‘rsatish, shuningdek, spektral nazariyaning fundamental teoremalari, transfer operatorlarining Sobolev fazolaridagi xossalari hamda ehtimollik o‘lchovlarining standart juftliklari va ularning dinamik tizimlar ta’siridagi xususiyatlari haqida ma’ruza qildi.





Mazkur master-klass ishtirokchilarga zamonaviy dinamik tizimlar va ergodik nazariya yo‘nalishidagi ilmiy yondashuvlar bilan yaqindan tanishish, xalqaro ilmiy maktab doirasida bilim va tajriba almashish imkonini berdi.


