Jizzax davlat pedagogika universitetida xalqaro anjuman doirasida xorijlik ekspertlar hamda iqtidorli talabalarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda universitet rektori Yuldashev Maksudjan Abdullaevich so‘zga chiqib, xorijlik mutaxassislarga samarali hamkorlik va qo‘llab-quvvatlov uchun minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, mamlakatimizda yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar va davlat siyosati darajasidagi e’tiborni alohida ta’kidladi. Rektor 2025–2026 o‘quv yilida nufuzli davlat stipendiyalari g‘olibi bo‘lgan 13 nafar talabani samimiy tabriklab, ularning yutuqlari universitet nufuzini yanada yuksaltirishini qayd etdi. Jumladan, talabalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti stipendiyasi hamda boshqa davlat stipendiyalariga sazovor bo‘ldi.

Shuningdek, Buxoro shahrida o‘tkazilgan xalqaro fan olimpiadalarida universitet talabalari kimyo va matematika yo‘nalishlari bo‘yicha munosib ishtirok etib, medallarni qo‘lga kiritdi.




Tantanali marosim avvalida xorijlik mehmonlar maxsus sertifikatlar bilan taqdirlandi. Keyin esa davlat stipendiyalari g‘oliblari va xalqaro olimpiadalarda yuqori natija ko‘rsatgan talabalarga faxriy yorliq hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.





Tadbir yakunida universitet badiiy jamoalari ijrosida madaniy dastur namoyish etildi. Marosim ko‘tarinki ruh va samimiy muhitda yakunlandi.
