Skip to main content

Ishonch telefoni: +(99872) 226 68 10

1 MART  — ATOQLI SHOIRA ZULFIYA TAVALLUD TOPGAN KUN

BAHOR KELDI SENI SO‘ROQLAB Salqin saharlarda, bodom gulida, Binafsha labida, yerlarda bahor. Qushlarning parvozi, yellarning nozi, Baxmal vodiylarda, qirlarda bahor. Qancha sevar eding, bag‘rim, bahorni, O‘rik gullarining eding maftuni. Har uyg‘ongan kurtak, hayot bergan kabi Ko‘zlaringga surtib o‘parding uni. Mana qimmatligim, yana bahor kelib, Seni izlab yurdi, kezdi sarsari. Qishning yoqasidan tutib so‘radi seni, Ul ham yosh to‘kdi-yu, chekildi nari. Seni izlar ekan, bo‘lib shabboda, Sen yurgan bog‘larni qidirib chiqdi. Yozib ko‘rsatay deb husn-ko‘rkini, Yashil qirg‘oqlarni qidirib chiqdi. Topmay sabri tugab bo‘ron bo‘ldi-yu, Jarliklarga olib ketdi boshini. Farhod tog‘laridan daraging izlab, Soylarga qulatdi tog‘ning toshini. So‘ngra jilo bo‘lib kirdi yotog‘imga, Hulkar va Omonning o‘pdi yuzidan. Singib yosh kuydirgan zafar yonog‘imga Sekin xabar berdi menga o‘zidan. Lekin yotog‘imda seni topolmay, Bir nuqtada qoldi uzoq tikilib. Yana yel bo‘ldi-yu, kezib sarsari, Mendan so‘ray ketdi qalbimni tilib: «Qani men kelganda kulib qarshilab, Qo‘shig‘i mavjlanib bir daryo oqqan? «Baxtim bormi deya», yakkash so‘roqlab Meni she’rga o‘rab suqlanib boqqan? O‘rik gullariga to‘nmaydi nega Yelda hilpiratib jingala sochin? Nega men keltirgan sho‘x na’shidaga Peshvoz chiqmaydi u yozib qulochin? Qani o‘sha kuychi, xayolchan yigit? Nechun ko‘zingda yosh, turib qolding lol. Nechun qora libos, sochlaringda oq, Nechun bu ko‘klamda sen parishonxol?» Qanday javob aytay, loldir tillarim, Baridan tutdim-u, ketdim qoshingga. U ham gaming bilan kezdi aftoda, Boqib turolmayin qabring toshiga. Alamdan tutoqib daraxtga ko‘chdi, Kurtakni uyg‘otib so‘yladi g‘amnok. Sening yoding bilan yelib beqaror, Gullar g‘unchasini etdi chok-chok. Gul-u rayhonlarning taraldi atri, Samoni qopladi mayin bir qo‘shiq. Bu qo‘shiq naqadar oshno, yaqin, Naqadar hayotbaxsh, otashga to‘liq. Bahorgi burkangan sen sevgan elda, Ovozing yangradi jo‘shqin zabardast. O‘lmagan ekansan, jonim, sen hayot, Men ham hali sensiz olmadim nafas. Hijroning qalbimda, sozing qo‘limda, Hayotni kuylayman, chekinar alam. Tunlar tushimdasan, kunduz yodimda, Men hayot ekanman, hayotsan sen ham!