Skip to main content

Ishonch telefoni: +(99872) 226 68 10

NATYURMORT KOMPOZITSIYASI ISHLASH METODIKASI

A.Qodiriy nomidagi JDPU Texnologik talim tasviriy san’at fanlari  kafedrasi o’qituvchisi O’taboyev Baxtiyor Safarovich utaboyevbaxtiyor@gmail.com Annotatsiya Rangtasvir mukammal qalamtasvirga asoslanadi.  Ushbu maqolada shuning uchun rangtasvir jarayoniga o`tishdan oldin natyurmortning qalamtasvir kompozitsiyasini surat tekisligida tasvirlash xususiyatlariga qisqacha to`xtalib o`tamiz. Kalit so’zlar: natryumort, kompozitsiya, perspektiva, o’lcham, nisbat,  soya-yorug’. Abstract The painting is based on a perfect pencil drawing. Therefore, in this article, before moving on to the process of painting, we will briefly touch on the features of depicting the pencil composition of a still life on the photo plane. Key words: still life, composition, perspective, size, proportion, shadow-light. Rangtasvir mukammal qalamtasvirga asoslanadi. Shuning uchun rangtasvir jarayoniga o`tishdan oldin natyurmortning qalamtasvir kompozitsiyasini surat tekisligida tasvirlash xususiyatlariga qisqacha to`xtalib o`tamiz. Tasvirlovchi narsalar to`plamiga (natyurmort) ma’lum bir ko`rish nuqtasidan qaraydi va u ko`z qarashiga qat’iy ravishda kuzatish perspektivasi qonuniyatining o`zaro bog`liqligi bilan namoyon bo`ladi. Bundan tashqari, naturadagi narsalar o`zaro yoritilganligi va bir-biriga bog`langan bo`lib, ular oralig`ida reflekslar, yarim soyalar, soyalar va yorug`liklar taqsimoti ma’lum bir tartibda bo`ladi. Mabodo ko`rish nuqtasi o`zgartirilsa naturaning o`zaro joylashuvi va yoritilganligi yangi ko`rinishda namoyon bo`ladi. Ko`rish nuqtasi yorug`likka qarama-qarshi bo`lganda tasvirni siluet tarzida ko`rish mumkin. Natyurmortni tasvirlash jarayonida to`plamdagi barcha narsalar, ularning o`zaro joylashuvi, soya-yorug` va tus munosabatlarini obrazli ko`rinishiga bo`ysundiriladi va idrok qilinadi. Natyurmort kompozitsiyasini shunday tuzish kerakki, uni qaysi nuqtadan kuzatganda ham u yaxlit bir butun ko`rinishiga erishmoq zarur. Bu ishning muvaffaqiyatli chiqishi rassomning shaxsiy badiiy didi va tajribasiga bog`liqdir. Naturaga nisbatan qiziqarli ko`rish nuqtasini tanlab olgach, qog`oz varog`i yoki mato qanday o`lchamda bo`lishligini aniqlash zarur. Qog`oz varog`ida ifodalanadigan natyurmort qo`yilmasini naturadan to`g`ri aniqlab tasvirlay olish kerak. Tajribasiz rassomlarning mato yoki qog`oz varog`i tekisligida tasvirlashlaridagi asosiy kamchilik shundan iboratki, ularda plastikali tasvirlash, izlanish jarayoni mukammal emas. Shuning uchun tasvirlash mobaynida aniq metodik ketma-ketlikka qat’iy rioya qilish samarali natija garovidir. Natyurmort kompozitsiyasini qurilishida dastlab qog`oz yuzasida tasvirlanayotgan narsalarni puxta joylashuvi, qog`oz  o`lchamiga nisbatan tasvirning katta-kichikligini aniqlashdan iborat. Har bir natura qo`yilmasi muayyan o`lchamdagi qog`ozni talab qiladi. Tasvirlanayotgan narsalar ma’lum o`lcham tekisligida «tiqilinch» yoxud juda ham kichik joylashib qolmasligi zarur. Haddan tashqari kichik joylashgan tasvirlar qog`oz tekisligida aniq ko`rinmaydi. Tasvirda asosiy e’tiborni o`ziga jalb etuvchi buyum – kompozitsiya markazini, qolganlari esa unga tobe bo`lib xizmat qiladi. Tasvirda tomoshabinning nazari ana shu markazga yo`naltirilgan bo`lishi kerak. O`lchamni aniqlab olgach, asosiy ishni boshlashdan oldin kichik o`lchamdagi qog`oz bo`lagida bo`lajak natura qo`yilmasini xomaki variantlari tayyorlanadi, shundan so`ng, asosiy ishga o`tish maqsadga muvofiqdir. Dastlab oddiy natura qo`yilmalaridan (gipsli geometrik shakllardan), keyin esa geometrik shakllarga yaqin bo`lgan maishiy buyumlardan tuzilgan natyurmortlarni ishlash, so`ngra, turli rangdagi, materiallikdagi buyumlardan tuzilgan qo`yilmalarni (plener sharoitida va intererda joylashtirilgan natyurmortlar) tasvirlash mumkin. Natyurmort qo`yilmasini tasvirlashda ishni alohida-alohida buyumlardan boshlab so`ngra boshqalariga o`tish aslo mumkin emas. Narsalar guruhini qog`ozga to`g`ri joylashtirishda nisbat, oraliq masofalar, fazoviy joylashuvda xatolikka yo`l qo`ymaslik muhimdir. Buning uchun narsalar to`plamini yengil chiziqlar bilan belgilab chiqish zarur. Tasvirlashda narsa va buyumlarning perspektiv qisqarishlarini puxta bajarish o`ta muhim. Rangtasvir uchun dastlabki qalamtasvir ishlarini bajarayotganda yosh rassomlar narsa va buyumlarning tekislikdagi fazoviy joylashuvi, nisbatlari, hajmini, buyumlarning konstruktiv qurilish kabi vazifalarni to`liq bajarishmaydi. Ularning diqqat e’tibori narsalarni kontur chiziqlarini tasvirlashga qaratilgan bo`ladi. Ularning fikricha narsaning sirtqi ko`rinishi chizilsa, shakl ham to`g`ri tasvirlanadi deb hisoblaydilar. Buyumning tashqi ko`rinishini tasvirlayotib, uning konstruktiv qurilishi, nisbat kabi xususiyatlari nazardan qolib ketishi mumkin.
Geometrik shakllardan tuzilgan natyurmort.
Narsalarning o`zaro joylashuvi, istagan qirrasini yo`nalishi naturada osongina aniqlanadi va naturaning yo`naltiruvchi va vertikal (tik), gorizontal (yotig`) chiziqlari yordamida tasvir qog`ozda yengil quriladi. Uzun qalam yordamida qurilmaning perspektiv burchaklarini, qirra nisbatlarini, stol tekisligida o`zaro turgan joylarini tekshirish mumkin. Buning uchun qalamni cho`zilgan qo`lda vertikal, gorizontal yoki burchak ostida ushlab qirralarning perspektiv yo`nalishini tekshirish mumkin. Quyidagi tasvirda konusning asos qismini kubning yuqori tomonining eniga bo`lgan nisbatini qalam bilan asosini chekka o`ng burchak yoniga qo`yib vertikal bo`yicha tekshirish mumkin. Naturada bu vertikal kubning qoraytirilgan tomonini o`rtasidan kesib o`tadi, qalamtasvirda esa bunday bo`lmasligi mumkin. Xatosini aniqlab uni darxol tuzatamiz. Agarda konusning chap tomonini davom ettirsak, u silindirning aylana asosiga zo`rg`a tegadi. Bu yerda ham qalamtasvir aytarli darajada aniq emas. Vazani yuqori qismi orqali gorizontal chiziq o`tkazib uning balandligini konus bo`yiga nisbatan aniqlash mumkin. Yana silindrning ikki tomonini davom ettirsak, qayerga borib taqalishini tekshirib ko`rish mumkin. Naturada kubning oldingi qirrasi konusning markazi bilan ro`para kelmaydi, qalamtasvirda u aynan markazda bo`lib ko`rinishi ham mumkin. Shunday qilib yana bitta xatosini topamiz. Endi gorizontal joylashgan qalamni naturadagi kubning asosiga keltiramiz va qanchalik silindr asosini pastida bu chiziq o`tishini kuzatamiz. Naturada ikkalasini asosi deyarli bitta gorizontal chiziqda joylashgan. Buni qalamtasvirda tekshirib ko`ramiz. Narsalarning nisbatlarini aniqlab, ularni perspektiva qonun-qoidalariga amal qilib qurish hamda yengil-yelpi soyalarni berish mumkin. Bu esa narsalarning nisbatlarini ham va ularning o`zaro joylashganligini ancha aniq yetkazishga imkon beradi. Stol tekisligidagi narsalar to`plamini joylashtirishda ularning asoslarini qurish juda ham muhim. Har bir narsaning joyini aniqlamasdan ular orasidagi kenglikni yetkazish mumkin emas. Ayrim narsalar havoda «muallaq» bo`lishi yoki biri ikkinchisiga «o`yib» kirgandek ko`rinishi mumkin. Tasvirlash jarayonida alohida narsalarni va ularning qismlarini katta-kichikligini har doim bir-biriga taqqoslab borish zarur. Moybo`yoqli rangtasvir uchun matoda ko`mir yordamida yorug` va soyalar bilan qalamtasvir ishini bajarish mumkin. Narsalarning hajmdor shakli yorug`-soyalar bilan qurilsa-qalamtasvir aniq ko`rinadi. Tayyor bo`lgan tasvirni tashqi ko`rinishlari tush bilan chizib chiqib, ko`mirni esa latta bilan qoqib tashlanadi. Shunday qilinsa bo`yash uchun zarur bo`lgan natyurmortning aniq ko`rinishi qoladi. Rang bilan ishlash jarayonida shakllarning xarakteriga aniqlik kiritib borish zarur. Tasvirlash jarayonida ishni boshidan oxirigacha, albatta, metodik ketma-ketlikka rioya qilish muhimdir. Endi o`quv natyurmortini amaliy bajarishga o`tamiz. Dastlab faqat tusli (grizayl texnikasidagi rangtasvir), keyin rangli (akvarel va moyli bo`yoqlarda) tasvirlash jarayoni bilan tanishamiz. Natyurmortning tusli tasvirlanishi (grizayl) Tus rangtasvirning ajralmas qismi hisoblanib, u rang bilan birgalikda tasvirlanadi. Tajribasiz rassomlar o`zlarining dastlabki ishlarida faqat rang bilan ovora bo`lib qo`yilmadagi tus yaxlitligini yoddan chiqaradilar, natijada ish sifati buziladi. Rangtasvirni puxta o`rganishda ko`pgina yetuk rassom va pedagoglar (oq va qora bo`yoqlarda) naturani tusda tasvirlashga katta ahamiyat berganlar. Bu masalada D.N. Kardovskiy shunday degan: «Tusni yorug`lik orqali yetkazishdan ko`ra ranglarda berish murakkabdir. Shuning uchun rang tasvirga o`tishda, yorug`likdagi tusga bo`lgan ko`nikmaga ega bo`lish kerak…». Demak, rangtasvirning boshlang`ich kursida grizayl texnikasida mashqlar bajarishni tavsiya qilamiz.
Gipsli geometrik shakllardan va unga o`xshash maishiy buyumlardan natyurmort.
Tasvir qalamda puxta bajarilgach, har bir narsa va buyumning materialligi, uning hajmi, tus munosabatlari ranglar vositasida hal qilishga o`tiladi. Realistik qalamtasvirning bunday sifatlariga har bir narsalardagi (shula, yorug`lik, yarim soya, soya va h.k.) soya-yorug`lik gradatsiyasi va ularning ranglardagi o`zaro tusli farqlarini to`g`ri hal etish orqali erishish mumkin. Tusli farqlar nimani anglatadi? Rang jihatidan ba’zi narsalar naturada zich va to`qroq, boshqalari esa ochroq ko`rinadi. Ayrim narsalarda shaxsiy soya to`qroq va zichroq «og`ir» (masalan, chinni ko`zada, cho`yan qozonda), boshqalarida esa soyalar ancha ochroq «nozik» (gipsli vaza, qog`oz rulon va h.k.) ko`rinadi. Bu tusli farqlarni qalamtasvirda ham teng ravishda mutanosiblikda ifodalash kerak. Bu chog`da narsalar orqasidagi fonni ham hisobga olish zarur. Natura qo`yilmasidagi barcha narsalarni tusga nisbatan fonning och-to`qligi munosabatlarining to`g`ri olinayotganligi kenglikni ko`rsatishga imkon tug`diradi. Tus munosabatlarini eng to`q narsalardan yoki chuqur ichki soyalardan boshlab ko`rsatilishi to`g`riroqdir. Har bir narsalarning tus kuchini bir-biri bilan solishtirish zarur, narsalarning o`zaro och joylarini, soyani soyalar bilan, yarim tusni yarim tuslar bilan taqqoslash zarur. Qandaydir to`q idishda shaxsiy soya undan tushuvchi soyaga nisbatan to`qroqdir. Mevalardagi yorug`lik eng yorug` joyiga qaraganda to`qroq bo`lishi mumkin. Tasvirda va naturadagi narsalarni bir-biri bilan doimiy taqqoslash orqali ular orasidagi farqlarni kamayishiga erishish zarur. Eng to`q narsalar yoki uning soyasi – bu qora baxmalda va ko`mir rangida emasligini esda tutish kerak. Qora buyumlar va ularning soyalarini ancha yumshoqroq, lekin juda ham to`q qora tusda ishlash kerak emas. Hattoki qora baxmalni tasvirlashda ham qalam yoki qora bo`yoqni bor kuchidan foydalanish noto`g`ri, aks holda qog`ozda yoki matoda qora teshik paydo bo`ladi. Shuningdek, naturadagi juda oq narsalarni toza oq bo`yoqlar bilan tasvirlashning iloji yo`q, chunki, u oq bo`yoqqa nisbatan ancha to`qroq bo`ladi. Ishning birinchi bosqichida – asosiy munosabatlarni aniqlash kerak. Naturadagi asosiy obyektlarning yorug`-soya munosabatlari: fonning och-to`qligi, narsalarning sirtidagi och-to`qligiga va ularning o`zaro bir-birlariga nisbatan aniqlanadi. Avvalo qo`yilmadagi narsalarning umumiy tusi bir sidra qoplanadi. Agar umumiy munosabatlarni noto`g`ri olsak qalamtasvirning aniqligi, keyingi alohida narsalarning hajmli shakllaridagi yorug`-soya ham, tasvir aniqligi va haqqoniyligini, materiallik va kenglikni ko`rsata olmaymiz. Ishni soyadan yorug`likka qarab yuritish kerak, buning ustiga soya joylariga imkon boricha bo`yoq qatlamini yupqa va nozik berish, yorug`likni esa ularga nisbatan quyuq bo`yoqda ancha to`qroq qatlamli va aniq surtmalar bilan qoplash zarur. Grizayl texnikasida soya, yarimsoya, reflekslarni birdaniga kerakli tusda mos bo`yoqlar bilan qoplash, (iloji boricha bo`yoqni qayta-qayta berishni takrorlamasdan) bo`yoq surtmalarini shakl yo`nalishi bo`yicha harakatlantirish kerak. Masalan, silindrsimon shaklga ega bo`lgan narsaga turli tasodifiy yo`nalishda surtmalar berilsa, ushbu shaklning aylanaligini ko`rsatish mushkuldir. Naturadan tasvirlayotib narsalarning munosabatlarini nafaqat tus kuchi bo`yicha balki uning aniqligini ham, narsalar sirtlarining kontrastli chegaralarini ham kuzatishimiz kerak. Har bir narsaning ko`rinib turgan tashqi ko`rinishi o`zining ko`lamida turlicha: qandaydir narsaning yoritilgan chap tomoni yorug`lik kuchi bo`yicha fonga nisbatan yaqinroq bo`lishi mumkin. Shu narsaning o`ng tomonidagi chegarasi tus jihatdan fon bilan deyarli qo`shilib, uning yuqori qirrasi fonda yaqqol ajralib turadi. Asosiy narsalar va ularning sirtlari orasidagi tus munosabatlarini to`g`ri ko`rsatishdan tashqari, har bir narsaning hajmli shaklini soya-yorug` bilan ham puxta ishlash kerak. Gipsli narsalarning sharsimon va silindrsimon shakllar (yorug`likdan soyaga bora turib) yuzasini har bir millimetri asta-sekin to`qlashtiriladi, buning ustiga shaxsiy soyasining eng to`q joyi soya tomonidagi narsa chegarasida emas, aksincha bir oz ichkari tomonida bo`ladi. Tashqi ko`rinishning o`ng tomonidagi shahsiy soyasi refleks tufayli yoritiladi. Tekisliklar bilan chegaralangan (prizma, kub va h.k.) narsalarning yorug`-soyalarini bir bosqichdan ikkinchi bosqichga o`tish izchilligining xususiyati shundan iboratki, har bir tekislik boshqa tekislik tusidan farqlanib o`zining ma’lum tusiga ega bo`ladi. Bunday narsalarning hajmi – hamma tomonlari tekislik bilan chegaralangan kenglikdir. Yorug`likka qaratilgan tekisliklardagi yoyilib tushayotgan tekisliklarga nisbatan, yorqinlik ravshan yoritilgan bo`ladi. Shakllarni turlicha tusli tekisliklar bilan yasashning bunday tartibi katta qismlarga ham, kichik shakllarga ham tegishlidir. Tusli tasvirlash mobaynida tasvirlovchidan narsalarning uzoqligini hisobga olish zarur bo`ladi. Agarda bir qatorga bir xil narsalarni turli masofada joylashtirsak, yaqindagi narsalarning mayda bo`laklari va materiallik fakturasi ancha aniqroq ko`rinadi. Uzoqlashgan sari bu aniqligi yo`qolib xiralasha boradi. Uzoqdagi obyektlar siluetli va tekis (yassi) bo`lib ko`rinadi. Old ko`rinishdagi buyumlarning soya-yorug` qismlari olisdagidan ravshan va aniqroq ko`rinadi. Narsalarning hajmli shakliga puxta ishlov berilgandan so`ng, ularni umumlashtirishga o`tish zarur. Har bir narsani tasvirlash jarayonida alohida mayda bo`laklarni, ularning yorug` soyasini maromiga yetkazib ishlash lozim. Narsalar guruhini yaxlit bir butun tasvirlash uchun, hammasini bir vaqtda kuzatib, har birining yorug` va soya joylarini barchasiga nisbatan taqqoslash kerak. Narsalar guruhini yaxlitligini saqlash-haqqoniy tasvirlashning asosiy shartidir. Akvarel bo`yog`ida natyurmort ishlash Akvarel bo`yog`ida dastlabki mashqlarni bajarish uchun 3-5 ta narsadan iborat, rang va tus munosabatlari bir-biridan farq qiladigan, shakli bo`yicha uncha murakkab bo`lmagan buyumlar bo`lishi kerak. Sodda qo`yilmalarni astoydil ishlab ijobiy natijalarga erishmasdan turib, murakkab natura qo`yilmalarini bajarishga o`tish noto`g`ri. Akvarel bo`yog`ida mashqlarni muntazam ravishda bajarish va ularni asta-sekin murakkablashtirib borish maqsadga muvofiq. Uzoq vaqtga mo`ljallangan har qanday vazifa oldidan dastlabki qisqa muddatli etyudlarni bajarish muhimdir. Shu tariqa bajarilgan ranglavhalar tasvirlanayotgan naturani katta hajmga ega bo`lgan matoda yoki qog`ozdagi kompozitsiyasini to`g`ri topishga ko`maklashadi va ishlash jarayonida naturadagi dastlabki taassurotlarni aniq yetkazishda va uning rang munosabatlariga xos xususiyatlarini aniq ko`rsatishda namuna bo`ladi. Natyurmortni akvarel bo`yoqlari bilan rangda ishlash jarayonini (ko`rgazmali) amaliy namoyish etish uchun biroz murakkab bo`lgan meva, sabzavotlar va maishiy narsalardan tuzilgan natura qo`yilmasini olamiz. Qo`yilmadagi sopol idish tekis yaltiroq yuzaga ega, shuningdek, ravshan ifodalangan (nur) shu’lasi mavjud. Hamma narsalar stol ustiga joylashtirilgan, orqada yorqin kul rangdagi devor foni va sidirqa matolar. Mevalarda aniq belgilangan shaxsiy, tushuvchi va yarimsoyalar aniq ko`rinib turibdi. Sopol idishda iliq va sovuq reflekslar mavjud. Bunday tuzilgan natyurmortning qalamtasviri qiyinchilik tug`dirmaydi, ammo ranglarda tasvirlash biroz murakkabroqdir, chunki mevalarning aniq rangini tasvirlash uchun rang munosabatlariga qat’iy amal qilish zarur. Bo`yoqni dastlabki qatlamini qo`yishdan boshlab rang munosabatlaridagi mutanosiblikni saqlab borish kerak. Akvarel bo`yoqlari qurigach biroz oqaradi, shuning uchun ham ularni rang jihatdan to`qroq olish mumkin. Akvarel bo`yoqlari bilan tasvirlash jarayonida narsa va buyumdagi yorug` bo`lib turgan qismlarini bo`yamaslikka harakat qilish kerak. Malaka ortib borgan sari kerak bo`lgan tuslarni tezda hosil qilish mumkin, qog`oz yuziga qanchalik ortiqcha bo`yoq qatlami surtilsa, narsalarning rangi xira bo`ladi. Madomiki, ranglarni birdaniga olinib kerakli joyga surtilsa, uning yonidagi tuslarni ham topish yengil ko`chadi. Birdaniga tanlab qo`yilgan ranglar naturadan bevosita birinchi taassurotlarni anchagina to`g`ri yetkazadi. Tasvirlovchi har bir narsaning hajmdor shaklini soya yorug`ning o`zgarishi bilan bog`liq bo`lgan, uning rang o`zgarishlarini ham e’tibor bilan kuzatib borishi kerak. Jigarrang idish yarim soyada va yorug`likda xilma-xil rang turiga ega. Fondan tushayotgan reflekslar jigarrang emas, balki siyoxrangdir. Undan tashqari mevalar soyasida reflekslar mavjud, ular o`zaro och-to`qligi bilan va rang turlari bo`yicha farqlanadi. Eslatib o`tmoqchimizki, hamma (narsalar) buyumlarni bir vaqtni o`zida och-to`qligi, rangdorligi va to`yinganligini taqqoslagan holda rang bilan bo`yash kerak. Demak narsalarni yakka kuzatmasdan, aksincha to`plamni yaxlit ko`rishga harakat qilish lozim. Yonma-yon turgan ikkita narsaning rang farqlarini taqqoslash qiyin emas. Agarda oldimizda o`nta narsadan tashkil topgan natyurmort bo`lsa, har bir narsaning rangini yakka holda, shuningdek hammasi bilan birgalikda yaxlit taqqoslash zarur. Ya’ni xuddi orkestrda bo`lgani kabi. Orkestr – bu musiqa asboblaridan tashkil topgan ansambl bo`lib, faqat dirijyorgina bu ansambldagi barcha musiqa asboblarini bir vaqtda o`zi eshitadi. Rangtasvirda ham xuddi shunday, faqat yahlit idrok etish natijasida narsalar guruhining rang munosabatlarini to`g`ri aniqlashga imkon beradi. Har bir narsaning hajmdor shakliga ishlov berishda undagi mavjud iliq va sovuq rang turlarini diqqat e’tibor bilan kuzatish lozim. Shu bilan birga eng muhimi umumiy tus va ranglar gammasini (barcha bo`yoqlarni uyg`unlik birligi) nazardan chiqarmaslik kerak. Narsalarning shu’lalarini tasvirlash mobaynida ularning jozibali ranglarini unutib faqatgina yorqinligiga erishish bilan chegaralanish kerak emas. Har bir narsaning och-to`qligi va rangdorligi fon bilan atrofdagi narsalar rangi va och-to`qligiga bog`liq bo`lsa, unda narsa rangini atrofdagilari bo`yalmaguncha to`g`ri ifodalash mumkin emas. Agarda bitta narsaning rangi o`zgartirilsa, bu bilan birga ularning yonidagi bo`laklarini ham o`zgartirish kerak. Soyalar to`qlashtirilsa yorug` yanada yorqinlashadi. Ammo fonni qoraytirsak unda narsalardagi yorug` aniq ajralib, soyalarning kontrastligi yo`qoladi. Narsalarning old va orqa ko`rinishlar orasidagi kenglikni ko`rsatishga ham e’tiborni qaratish lozim. Natyurmortdagi narsalar bir-biridan turli masofada joylashadi, yaqindagi narsalar yorqinroq ko`rinadi. Agarda uzoqda turgan narsalarning ranglarini yengilroq va xiraroq olinmasa, oldingi qatorga chiqib ketadi. Natyurmortni tasvirlash vaqtida havoiy perspektivaning ta’sirini har doim ham naturada yengil sezish qiyin; shunga qaramay buni har doim yodda tutib qalam bilan tasvirlashda bitta narsani yaqinroq joylashtirib, boshqasini esa uzoqlashtirib tasvirlash kerak. Agarda bo`yoq mo`yqalam va suv bilan yaxshilab eritilgan bo`lsa, qog`oz yuzasida yorqin tasvir hosil bo`ladi. Mabodo aksi bo`lsa u holda qog`oz sathida mo`yqalam izlari qoladi, ish esa sifatsiz chiqadi. Akvarelda tinmay vazifalar bajarish, turli usul va uslublarda astoydil ishlash orqali ko`nikma va malaka ortib boradi. «Yorqin» yozish texnikasi narsaning materialligini aniq ko`rsatishda va chuqur soya joylarini shaffof bo`lishiga imkoniyat beradi. Agarda ish jarayonida ikkala uslubdan samarali foydalanilsa: barcha soya joylarini va reflekslarni faqat «yorqin» uslubda, yorug`lik va yarim soyalarni esa – «quruq» usulda ishlash yaxshi natija beradi. «Yorqin» uslubda ishlash «quruq» ishlashdan ustun bo`lishi kerak. Narsalarning yoritilgan joylari aniq tashqi ko`rinishga ega. Soya va uzoq ko`rinishdagi tus va rang kontrastlari sustroq, shakllari esa yaqqol tashqi ko`rinishga ega emas. Soya va orqa ko`rinishdagi narsalarning tasviri umumlashtirilgan holda bo`lishi lozim. Aynan shu joyda namligicha ishlash usulini qo`llash ma’qul. Ishlashdan oldin qog`ozni toza suv bilan yumshoq latta yoki katta mo`yqalam yordamida bir sidra ho`llanadi. Ikki-uch daqiqadan so`ng qog`oz suvni shimib olgach akvarel bilan ishni boshlash mumkin. Bo`yoq surtmalari nam qog`oz yuzida eyilib, bir-biri bilan qo`shilib, mayin va nozik o`tishlar hosil qiladi. Agarda biror-bir joyini ajratish lozim bo`lsa, qog`ozni quritib kerakli bo`yoq surtmasi beriladi yoki «quruq mo`yqalamda aniq rangli chegarani talab etilgan joylari to`qlashtiriladi. Namligicha ishlash usuli tasvirni nihoyatda nozik va jozibali ko`rsatishga imkon tug`diradi. Akvarel bo`yoqlari bilan ishlash jarayonida soya-yorug`dagi nozik o`tishlarni silliqlab borish kerak emas. Quruq qog`ozdagi kuchli namlangan bo`yoq dog`i qurigandan so`ng juda ham yaqqol kontur paydo qiladi. Shuning uchun bunday dog`larni chekka qirralarini qurimasdan yumshatish lozim. Tasvirlanayotgan etyud muvaffaqiyatsiz chiqsa, tuslari xira bo`lsa ish jarayonini to`xtatib katta mo`yqalam yoki paralon yoki momiq paxta yordamida ishni yuvib tashlash kerak. So`ngra ishni qayta akvarel bo`yog`ida ishlash maqsadga muvofiqdir. Juda namlangan qog`oz odatda bo`rtadi, egiladi, ammo qurigan paytda yana tortilib uning yuzida ishni davom ettirish mumkin. Akvarel bo`yoqlarida bajariladigan dastlabki o`quv mashg`ulotlari har doim ham ko`ngildagidek bo`lavermaydi. Ranglar xira, kir va sifatsiz bo`ladi. Bunday holatda cho`chish kerak emas, chunki taniqli rassomlar ham dastlabki o`rganish jarayonida barcha qiyinchiliklarni boshlaridan kechirganlar. Umuman haqiqiy mahorat tinmay o`qish, o`rganish va izlanish jarayonida hamda astoydil amaliy mashqlarni bajarish orqali yuzaga chiqadi. Kartina haqida gapirganda: «Bu qanday dadillik bilan tasvirlangan» deb hayqirishdan ko`ra «Qanday ajoyib» yoki «Qanday go`zal tabiat» deyilgani rassom uchun katta baxt. Rangtasvirda eng muhimi shakllarning aniqligi, oddiyligi va mazmunni chuqurligidir. AMALIY MASLAHATLAR:
  1. l. Qog`ozga yozishdan oldin, uning xususiyatlarini tekshirish lozim, bo`yoqlar qog`oz yuzasini tekis qoplaydimi, suvda oson yuviladimi, qog`oz turli o`zgarish va tuzatishlarni qabul qiladimi va h.k.
Qog`oz qattiq asosga yelimlangan bo`lishi kerak, chunki to`lqinsimon, namlikdan shakli o`zgaruvchan qog`ozda samarali natijalarga erishish mumkin emas. Ishga kirishishdan oldin qog`ozning old tomoni momiq paxta yoki mo`yqalam yordamida eng kamida 2 marta toza suv bilan ho`llanishi kerak. Ikkinchi marotaba ho`llash dastlabkisi qurigandan so`ng bajariladi.
  1. Qog`ozni planshetga yelimlash. Taxta tozalab artiladi. Yelimlashga mo`ljallangan qog`ozni old tomonini pastga qaratib chekkasidan 2-3 sm o`lchamda yuqoriga qarab bukiladi. Qog`oz yuzi momiq paxta yordamida ho`llanib, hoshiyasi qoldiriladi. Hoshiyalari yelim bilan surkalgach qog`ozning old tomonini yuqoriga ag`darib suv bilan ho`llanadi va hoshiyasini latta bilan oxista yopishtiriladi. Qog`ozni bir tekis barmoqlar bilan qarama-qarshi tomonlariga tortiladi; bu jarayon namlangan qog`ozni cho`zadi va qurigandan keyin to`lqinsimon holati yo`qolib tekis bo`ladi.
Foydalanilgan adabiyotlar.
  1. Abdurahmonov G.M. Toshkеnt, 2003.
  2. Abdirasilov S. Tolipov N. Oripova N.  Qalamtasvir. – T: O`zbеkiston, 2006.
  3. Azimova B.Z. Natyurmort tuzish va tasvirlash mе Toshkеnt: O`qituvchi, 1984.
  4. Barh L. O. Наброски и зарисовки. М., 1970.
  5. Boymеtov B., Abdirasilov S. Chizmatasvir. : G`.G`ulom nashriyot – matbaa   ijodiy uyi, 2004.